Yangi Oʻzbekiston — Yangi Kengash: qaror qabul qiladigan davr boshlandi

14:29 04 Iyul 2025 Siyosat
506 0

Kuni kecha qabul qilingan Prezidentimizning Farmoni bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Bu shunchaki huquqiy hujjat emas, balki Oʻzbekistonda mahalliy demokratiyaning yangi bosqichga chiqishini boshlab beruvchi muhim siyosiy voqealikdir.

Hujjat nafaqat mahalliy Kengashlar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, balki mamlakatimizda joylardagi xalq hokimiyatini mustahkamlashga qaratilgan tarixiy qadam boʻldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur konsepsiya mahalliy Kengashlarni suhbatchi emas, balki amaliy qaror qabul qiluvchi, haqiqiy taʼsirga ega organga aylantirishni koʻzda tutadi. Qolaversa, biz, mahalliy Kengash deputatlari uchun faqat yoʻl-xarita emas, balki javobgarlik va imkoniyatlarning yangi bosqichi hamdir.

Nega bu Konsepsiya muhim? Chunki bugungi kungacha mahalliy Kengashlarning faoliyati koʻproq maslahatchilik, tavsiyaviy xarakterda boʻlib kelgan boʻlsa, endi amaliy qaror qabul qiluvchi tuzilmaga aylanmoqda. Yaʼni, deputat endi faqat gapirmaydi — harakat qiladi. Farmon shunchaki vakolatlarni sanab oʻtgani yoʻq, balki haqiqiy taʼsir koʻrsatish mexanizmlarini ham yaratib berdi.

Eng muhimi, bugundan boshlab mahalliy Kengashlar oʻz hududining rivojlanishi uchun masʼuliyatli qarorlar qabul qilish, joylardagi byudjet mablagʻlarini qay tarzda, qayerga yoʻnaltirish kerakligi haqida mustaqil fikr bildirish va uni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Endi deputatlar oʻz tashabbuslari bilan mablagʻ ajratishni taklif qilishi, fuqarolar ehtiyojlarini hisobga olgan holda loyihalarni moliyalashtirish yoʻllarini belgilashi mumkin. Bu — mahalliy hokimiyat tarixida juda muhim yangilik boʻldi.

Konsepsiyada mahalliy Kengashlarning nazorat funksiyasini kuchaytirish, ularni ijro organlari faoliyati ustidan toʻgʻridan-toʻgʻri javobgar va taʼsirchan tuzilmaga aylantirish nazarda tutilgan. Bu esa deputatlarning masʼuliyatini oshirish bilan birga, xalq oldida hisobdorlikni ham kuchaytiradi. Shu bilan birga, mahalliy Kengashlarning norma ijodkorligi sohasidagi faoliyati ham takomillashadi. Qarorlar ishlab chiqishda jamoatchilik, olimlar, NNT va fuqarolik jamiyati vakillarining ishtiroki taʼminlanadi. Endi Kengash qarori jamoat muhokamasi, tahlil va faktlar asosida qabul qilinadi.

Farmon bilan mahalliy Kengashlarga bir qator muhim vakolatlar berilmoqda. Masalan, davlat mulkini ijaraga berish narxlarini mahalliy Kengashlar belgilaydi. Qabriston xizmatlari tariflari, saqlash va tartibga solish qoidalari ham mahalliy Kengashlar tasdigʻi bilan belgilanadi. Yoʻllardagi harakat tezligi boʻyicha qaror ham mahalliy darajada qabul qilinadi, albatta yoʻl belgilari va xavfsizlik qoidalariga muvofiq holda. Bu kabi qarorlar avval markaziy organlar tomonidan hal etilardi, endi esa joylardagi real holat va aholining ehtiyojiga qarab mahalliy Kengashlar oʻzlari qaror qabul qiladi.

Konsepsiyada jamoatchilik bilan muloqotni institutsional shaklda yoʻlga qoʻyish ham nazarda tutilgan. Mahalliy Kengashlar huzurida yoshlar guruhlari va maslahat kengashlari tashkil etiladi. Yoshlarning fikri, NNTlar, olimlar va oddiy fuqarolarning takliflari endilikda Kengash qarorlari orqali hayotga tatbiq etiladi. Bu keng jamoatchilikni davlat boshqaruvi jarayonlariga jalb etishda muhim mexanizm hisoblanadi.

Mahalliy Kengashlar faoliyatida raqamlashtirish masalasi ham katta oʻrin olgan. “E-Kengash” elektron platformasi yanada takomillashtirilib, Face ID, sunʼiy intellekt, blokcheyn kabi zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi. Bu deputatlarning ovoz berish jarayoni, qarorlar qabul qilinishi, hujjatlar aylanmasi va muhokamalarni yuritish jarayonini shaffof, tezkor va xavfsiz qiladi. Raqamli yechimlar byurokratiyani kamaytiradi, vaqt va resurslarni tejaydi, eng muhimi — fuqarolarga ochiqlikni taʼminlaydi.

Shu tariqa, Prezident Farmoni mahalliy Kengashlarni haqiqiy islohotlar motoriga aylantirmoqda. Bu endi deputatlardan faqat maʼruzachi yoki tavsiya beruvchi emas, balki qaror qabul qiluvchi, tashabbus koʻrsatuvchi va amalga oshiruvchi shaxs sifatida faoliyat yuritishni talab etadi. Albatta, bunday keng vakolatlar katta masʼuliyat hamdir. Lekin biz, xalq vakillari, bu ishonchni oqlashga, oʻz saylovchilarimizning manfaatlarini munosib himoya qilishga tayyormiz.

Yangi vakolatlar, yangi imkoniyatlar va yangi siyosiy madaniyat — mahalliy demokratiyani amalga oshirishda fuqarolarning ham ishtiroki, ham nazorati muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki yangi Kengash — yangi Oʻzbekiston qurilishida faol ishtirok etuvchi, xalq bilan bevosita muloqotdagi eng muhim tuzilmalardan biridir.

Bu Farmon — mahalliy demokratiyaning ustuvorligini kafolatlovchi, deputatni esa haqiqiy xalq vakili sifatida harakat qiluvchi shaxsga aylantiradi. Mahalla muammosi, tuman ehtiyoji, yoshlar orzusi, tadbirkor tashabbusi — endi markaz emas, mahalliy Kengashda muhokama qilinib, hal etiladi.

Biz deputatlar — bu imkoniyatni masʼuliyat deb qabul qildik. Endi navbat sizda, aziz fuqarolar: murojaat qiling, qatnashing, talab qiling. Chunki yaqin kelajakni biz birga quryapmiz — mahallangizda, shahringizda, yurtimizda!

Sobir TURSUNOV,

xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashi deputati,

pedagogika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?