Yangi Namangan tumanida ayollar uchun kafolatlangan daromad manbai yaratilmoqda
Tuman aholisining yarmiga yaqinini tashkil etadigan ushbu qatlam ijtimoiy himoyasini taʼminlash, xususan, ular orasidagi muqim mehnat oʻrni va doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan xotin-qizlar muammolarini bartaraf etishda “Ayollar daftari” imkoniyatlaridan oqilona foydalanilayotganligi oʻz samarasini bermoqda. Bunda birinchi navbatda ularni kasbga oʻqitish va qobiliyatiga yarasha ish oʻrniga joylashtirish, zarur hollarda oʻzini oʻzi band qilish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Yoshlik mahallasida joylashgan Doston koʻchasida yashovchi Feruza Rahimova mahalliy hokimiyatning amaliy koʻmagi bilan oilaviy ahvolini yaxshilab olganlardan biri. Qaramogʻida uch nafar farzandi bilan roʻzgʻor tebratib kelayotgan ayolning turmush oʻrtogʻi oʻn yil avval vafot etgan boʻlib, Feruza farzandlariga ham ona, ham ota boʻlib qolgan edi. Yolgʻiz ona 2023-yilda “Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritildi va shahardagi kasbga oʻrgatish monomarkaziga hunar egallash uchun yoʻllandi. Qisqa muddatli kursni tugatganidan soʻng subsidiyaga tikuv mashinasi olib berildi.

— Ayol kishining qoʻlida hunari boʻlsin ekan, shunda roʻzgʻor yuritishda yaxshigina yordamchiga aylanadi, — deydi Feruza opa. — Kech boʻlsada monomarkazda tikuvchilikni oʻrganganim hayotimizni ancha oʻzgartirdi. Hozirda ayollar uchun liboslar, parda, dasturxon, choyshab kabi mahsulotlar tikib, daromad topyapman.
— Oʻtgan yili “Ayollar daftari”da qayd etilgan xotin-qizlarning barchasini roʻyxatdan chiqarishga erishdik, — deydi Yangi Namangan tumani xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Gulchehra Oxunova. — Ularning 698 nafari kasb-hunarga oʻqitildi, 140 nafariga subsidiya asosida zaruriy ish anjomlari olib berdik. 428 nafariga esa imtiyozli kredit ajratildi. Bugun bu opa-singillarimizning barchasi kafolatlangan daromad manbaiga ega. Ijtimoiy hayotdagi faolligi ham oshgan.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring