Yangi kashfiyot: inson organizmi uchun foydali mahsulot
![](https://xs.uz/upload/post/2025/02/12/894a63c79f99e13aa68fcbad1b6235980212.jpg)
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona davlat universiteti olimlari tomonidan sanoat usulida qayta ishlangan uzum urugʻidan moy ishlab chiqarish orqali inson organizmi uchun foydali mahsulot tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Yangi kashfiyot uzum urugʻini qayta ishlab, uning tarkibidagi moyni ajratib olish imkonini beradi. Bugungi kunda mazkur ishlab chiqarish texnologiyasi toʻliq amaliyotga joriy qilindi.
Universitetning kimyo fakulteti katta oʻqituvchisi, kimyo fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Hikmatillo Abduqunduzov tomonidan kashf etilgan ixtiroga Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli sertifikati hamda ishlab chiqarishga ruxsatnoma taqdim etildi.
Natijada umumiy qiymati 1 milliard soʻmlik loyiha ishlab chiqilib, Fargʻona davlat universiteti rahbariyati tomonidan moliyalashtirildi. Hozirda alohida bino ajratilib, uzum danagini tozalash, moyini ajratib olish maqsadida xorijdan zamonaviy texnologiya olib kelib oʻrnatildi. Shu tariqa xomashyoni saqlash, yuvish, quritish va ishlab chiqarish hududiga oʻtkazish jarayonini oʻzaro uygʻunlashtiruvchi tizim yaratildi.
Yangi texnologiya bir kunda oʻrtacha 800 kg uzum urugʻini qayta ishlash va moyini ajratib olish imkonini beradi. Bitta jarayonda maxsus idishga 10 kg urugʻ joylanib, oʻrtacha 1 kg toza moy olinadi. Moyi ajratib olgandan soʻng qolgan urugʻ qoldiqlari chorva uchun toʻyimli ozuqa hisoblanadi.
— Ustozlarim koʻmagida 4-yil ilmiy izlanishlar olib borib, ushbu ixtironi hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etishga muvaffaq boʻldik, — deydi yosh olim Hikmatillo Abduqunduzov. — Ayni jarayonda davlatimiz rahbarining 2022-yil 6-iyulda qabul qilingan “2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muhim dasturilamal boʻldi.
Inson organizmida qon aylanishini yaxshilash, yurak kasalliklari xavfini pasaytirish va immun tizimi mustahkamligini oshirishda foydali xususiyatga ega boʻlgan ushbu mahsulot ayni paytda ichki bozorga yetkazib berilmoqda. Ayniqsa, yangi mahsulot qandli diabet bilan ogʻrigan bemorlarda zararlangan terining bitkazuvchanligini oshirishda gʻoyatda samarali ekanligi eʼtirof etilayotir. Ana shu kabi jihatlarini inobatga olib, yaqin istiqbolda mahsulotni xorijga eksport qilish maqsadida amaliy saʼy-harakatlarga kirishilgan.
Oʻz navbatida, universitet olimlari uzum urugʻidan yangi biotexnologiyalar hamda oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlashda faol biologik qoʻshimcha sifatida foydalanish boʻyicha ilmiy izlanishlarini davom ettirmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Kartoshka narxi qachon pasayishi maʼlum boʻldi
- “Hamza Hasanovdan Gʻaybulla Tursunovgacha”: “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” mukofoti gʻoliblari aniqlandi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- Alisher Navoiy ijodini oʻrganish — qalb amrimiz boʻlmogʻi darkor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring