Yangi yilni konchilar va metallurglar shod-u xurramlik bilan tantana qilmoqdalar

17:14 29 Dekabr 2023 Jamiyat
811 0

Foto: “Xalq soʻzi”

“Navoiy kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati, “Navoiy uran” davlat korxonasi, “NKMK jamgʻarmasi” davlat muassasasi garchi alohida faoliyat olib borsada, bayram-u tantanalar, quvonch-u shodliklari hamkorlikda, hamjihatlikda nishonlanadi. Chunki ular yagona kasaba uyushmaga birlashgan.

Mamlakatimiz rahbarining “Avval — inson, keyin — jamiyat va davlat”, degan tashabbuslari asosida korxonamizning ijtimoiy himoya siyosati soʻnggi yillarda yangicha mazmun va yondashuvlar bilan boyidi, — deydi NKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi Isroil Rahmatov. — Ezgu anʼanalarni davom ettirgan holda jamoamiz har bir bayramda yurtdoshlarimiz quvonchiga quvonch qoʻshishni oʻzining chin insoniy burchi, deb hisoblaydi. Chunonchi, yangi yil bayrami arafasida kombinat maʼmuriyati, kasaba uyushmasi Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati faxriylari kengashi Navoiy filiali bilan hamkorlikda qariyb ikki ming nafar mehnat faxriylarining xonadonlarida boʻlishib, sovgʻa-salom, ehtiyojmandlarga eshitish moslamasi va nogironlik aravachalari topshirishdi. Shuningdek, kasaba uyushma Kengashining “Birdamlik” fondidan 102 nafar yordamga muhtoj kombinat ishchi-xodimlari va keksalik gashtini surayotgan pensionerlarga 228 million soʻmlik moddiy yordam koʻrsatildi.

Taʼkidlash joiz, Yangi yil bolajonlar orziqib kutadigan bayram. Shu munosabat bilan, kombinat tomonidan joriy yilda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyuran” davlat korxonasi hamda “NKMK jamgʻarmasi” davlat muassasasi ishchi-xodimlarining farzandlari uchun 46 mingdan ortiq bayram sovgʻalari toʻplami tayyorlanib, jajji qalblarga bayram kayfiyati ulashildi.

Kombinatning mehr-muruvvat va homiylik hamda xayriya tadbirlaridan u faoliyat yuritayotgan hududlardagi muassasalar tarbiyalanuvchilari va talabalar ham chetda emas. Xususan, ayni bayram shukuhi kezib yurgan shu kunlarda viloyatdagi maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari, kam taʼminlangan oilalar, koʻzi ojizlar, zaif eshituvchilar jamiyatlariga 2,4 mingta Yangi yil sovgʻalari yetkazildi.

— Kombinat biror-bir bayramda bolajonlarimizni eʼtiborsiz qoldirmaydi, — deydi Qiziltepa tumanidagi 36-ixtisoslashtirilgan maktab-internat direktori Otabek Tilavov. — Mehrga muhtoj jajjilarimizdan koʻngil soʻrab, bugungi tadbirda ham tarbiyalanuvchilarimizga sovgʻalar ulashgani har birining qalbiga cheksiz quvonch bagʻishladi.

Yangi yil bayrami munosabati bilan bolajonlarni teatrlashtirilgan bayram tomoshalarga taklif etish kombinatda anʼanaga aylangan. Bu yil ham Navoiy shahridagi “Soʻgʻdiyona” jismoniy tarbiya va sport majmuasi hamda Zarafshon, Uchquduq, Nurobod shahri, Zarkent, Zafarobod qoʻrgʻonlari, Marjonbuloq shaharchasida kon va metallurgiya sohasida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar, shuningdek, ushbu hududlarda yashovchi aholining 50 ming nafardan ziyod farzandlari Qorbobo va Qorqiz hamrohligida bayramona tantanalarda ishtirok etishdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер