Yangi ijtimoiy soha obyektlari foydalanishga topshirildi

11:13 28 Avgust 2025 Jamiyat
118 0

Eng ulugʻ, eng aziz ayyom — Vatanimiz mustaqilligining 34-yilligi yurtimizning barcha goʻshalarida keng nishonlanmoqda. Bayram munosabati bilan toʻyga toʻyona kabi joylarda qator yangi ijtimoiy-iqtisodiy obyektlar foydalanishga topshirilyapti.

Urgutda bayram tantanalari tuman markazidagi istirohat bogʻi hamda Toʻrtkoʻl mahallasida boʻlib oʻtdi. Shodiyonalarda sanʼatkorlar tomonidan kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.

Tadbirlarda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan faollar, oʻqish va izlanishda tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan isteʼdodli yoshlar munosib taqdirlandi.

Mustaqilligimizning 34-yilligi arafasida Urgut tumanidagi Quyi Torinjak mahallasida joylashgan 5-umumtaʼlim maktabi uchun qoʻshimcha bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur maktabda ming nafarga yaqin oʻquvchi taʼlim oladi. 3 qavatli, 12 ta sinfxonadan iborat yangi bino 330 oʻquvchiga moʻljallangan.

Bekravot qishlogʻida ham 330 oʻrinli yangi maktab binosi ochildi. Ilgari bu qishloq hududida maktab mavjud emas edi. Endi esa 159‑sonli yangi umumtaʼlim maktabi ishga tushirildi. Natijada tumandagi maktablar soni yana bittaga koʻpaydi.

Past Dargʻom tumanida esa bayram arafasida yangi poliklinika binosi foydalanishga topshirildi. Charxin, Oq oltin, Balxiyon, Gulakandoz, Tinchlik, Kamolot va Mirzo Ulugʻbek nomli mahallalardagi 23 ming 792 nafar aholi uchun birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatib kelayotgan koʻp tarmoqli markaziy poliklinika Charxin filialining binosi ancha eskirib qolgan edi.

Shu bois investitsiya dasturi doirasida 5 milliard 700 million soʻm mablagʻ hisobiga poliklinikaning binosi butkul qayta taʼmirlandi. Bir vaqtning oʻzida 160 nafar fuqaroga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega mazkur binoda shifokorlar va bemorlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер