Yangi import avtomobillarni istalgan shaxs tomonidan sotishga ruxsat beriladi

21:09 25 Fevral 2023 Hujjatlar
1715 0

Foto: Arxiv surat

“Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–244-son, 09.11.2022-y.) qabul qilindi.

Farmon bilan davlat tomonidan tadbirkorlikni tartibga solishning cheklangan vositalari belgilandi.

Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish vositalari faqat normativ-huquqiy va texnik normativ hujjatlar asosida joriy etiladi.

Bunday hujjatlarda belgilanmagan tartibga solish vositalari huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

2023-yil 1-yanvardan quyidagilar bekor qilinadi:

— tadbirkorlar ustav fondini kamaytirishga oid qaror toʻgʻrisida kreditorlarni yozma xabardor qilish va OAVda eʼlon berish;

— yangi import avtomobillarini faqat yuridik shaxslar – ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dilerlari tomonidan sotish;

— elektrni shartnomadagi hajmdan koʻp ishlatgan yuridik shaxslarga elektr yetkazib berishni toʻxtatib qoʻyish;

— YATT tomonidan yollangan xodimlarni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga olish orqali soliq organlarida alohida hisobga qoʻyish.

2023-yil 1-martdan:

— soliq toʻlovchilarga sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qarorlar ustidan toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi;

— barcha yuridik shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali tijorat xizmatlarini koʻrsatishga ruxsat beriladi;

— Hukumat qarorlari bilan amalga oshiriladigan summasi BHMning 3 500 baravari va undan koʻp davlat xaridlari boʻyicha buyurtmalar toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida bajarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;

— vazirlik, idora, muassasa va uning tarkibidagi tashkilot oʻrtasida qiymati BHMning 3 500 baravari va undan koʻp tovarlarning toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinishi taqiqlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?