Yangi ilmiy-tadqiqot markazi iqtidorli talabalar xizmatida

18:02 29 Avgust 2024 Jamiyat
218 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami arafasida Termiz davlat universitetida yangidan qurilgan zamonaviy Ilmiy-tadqiqot markazi foydalanishga topshirildi.

Bundan sakkiz yil muqaddam Surxondaryoda atigi bitta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritardi. Unda oʻn mingga yaqin yigit-qiz tahsil olgan boʻlsa, hozirda beshta davlat va bitta nodavlat oliy taʼlim dargohida 70 mingdan ortiq yoshlar oʻzlari tanlagan kasblarni oʻrganmoqda.

Yetmish yillik tarixga ega Termiz davlat universitetida yildan yilga yangi yoʻnalishlar tashkil etilmoqda. Oʻquv muassasasida 13 ta fakultet, 44 ta kafedra mavjud boʻlib, ularda 700 dan ortiq professor-oʻqituvchi 20 mingdan ziyod talabaga taʼlim bermoqda. Xususan, joriy oʻquv yilidan boshlab universitetda yana bir yangi yoʻnalish — jurnalistika boʻlimi ham faoliyatini boshladi. Eʼtiborlisi, oliygohda 250 nafardan koʻp ilmiy darajaga ega pedagog faoliyat yuritmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil oktyabr oyida surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuvida Termiz davlat universiteti ilmiy-tadqiqotchisi Aziza Xolboyeva yirik oliy taʼlim muassasasida kimyoviy tahlillar oʻtkazish laboratoriyasi yoʻqligini aytgan edi. Prezidentimiz ana shu fikr-mulohazalarni eʼtiborga olib Termizda zamonaviy laboratoriyalar majmuasidan iborat ilmiy-tadqiqot markazini qurishni taklif etgandi.

Bugun vohaliklarning ushbu orzusi roʻyobga chiqdi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov, professor-oʻqituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, nuroniylar, viloyat faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

— Eng zamonaviy laboratoriya asbob-anjomlari bilan jihozlangan Ilmiy-tadqiqot markazi istiqlolimizning 33 yilligiga katta toʻyona boʻldi, — deydi universitet dotsenti Normamat Mallayev. — Endilikda Surxondaryo iqlim sharoitiga mos boʻlgan yangi navlarni, turli ixtirolarni yaratishda laboratoriyadagi zamonaviy asbob-uskunalar qoʻl keladi. Nafaqat viloyatimiz iqtisodiyotini, balki mamlakatimiz ravnaqini yanada koʻtarish uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Ilm-fan va ilmiy tadqiqotchilarga koʻrsatilayotgan bunday eʼtibor uchun behad minnatdormiz.

Mamlakatimizda yagona boʻlgan yetti qavatli zamonaviy markazda Neft va gaz kimyosi, Polimerlar va qurilish-kompozitsion materiallar, Fizik-kimyoviy tadqiqotlar, Agro-eko monitoring va agrotexnologiyalar, Sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar, Arxeologiya sohasining turli laboratoriyalari, Mahsulotlar sifatini baholash va sertifikatlash boʻlimi hamda Hududiy tadqiqotlar markazi faoliyat yuritadi. Bu laboratoriyalardan oqilona foydalanish talaba va magistrantlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga yoʻnaltirish, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish va yangi texnologiyalarni ishlab chiqarib, tijoratlashtirishda muhim oʻrin tutadi.

Markazni bunyod etish uchun universitetning byudjetdan tashqari daromadi hisobidan 26,6 milliard soʻm mablagʻ sarflandi, 30 milliard soʻmlik laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlandi. Shu bilan birga, qiymati 3,4 milliard soʻmlik yangi sport majmuasi, 700 oʻringa moʻljallangan 9 qavatli talabalar turarjoy binosi ham foydalanishga topshirildi.

Tadbir doirasida viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida press-tur va matbuot anjumani ham oʻtkazildi. Unda 30 nafardan ortiq jurnalist va bloger yangi barpo etilgan binolarda ilmiy tadqiqotchilar, magistrantlar va talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

2024-2025 oʻquv yili uchun bakalavriat, magistratura, ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim mutaxassisliklariga jami 4204 nafar qabul kvotasi rejalashtirilgan. Joriy oʻquv yili uchun bakalavriatga 19 ta yangi taʼlim yoʻnalishi qoʻshilgan. Ommaviy axborot vositalari vakillariga ilm-fan, innovatsiya va texnologiyalar yutuqlari asosida sifatli taʼlim jarayonini tashkil qilish, pedagog xodimlarining mehnat samaradorligini belgilovchi KPI tizimining afzalliklari, talabalarni yotoqxona va ijara xonadonlarga joylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер