Yangi fikr, yangi gʻoya va muhim tashabbuslar

Dunyo koʻz oʻngida, BMT minbarida oʻzimizning oʻzbek tili jaranglagan nutqni eshitib, rosti koʻzlarimdan tirqirab yosh chiqib ketdi. Onamiz oʻrgatgan va biz uchun qadrdon oʻzbek tilimiz yuksak minbarda aytilsa, gʻururlanib ketarkansan kishi. Bu oʻz ona xalqimizning necha-necha asrlar boʻyi orzu qilgan mustaqilligining amaldagi ifodasi desak, sira xato qilmagan boʻlaman.
Boʻlmasa BMT Bosh Assambleyasining yubiley anjumani sessiyasida qanchadan-qancha davlatlar rahbarlari nutq soʻzlamagan deysiz. Prezidentimiz oʻz nutqida hozirgi kunda dunyoda xalqaro institutlarning oʻrni va roli zaiflashayotgani, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchayayotgani, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshayotgani, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib borayotganini aytib, bularning hammasi mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirayotganini koʻrsatib oʻtdi.
Dunyo mamlakatlarini bir nuqtada birlashtirib, maslahatlashayotgan BMTning yuksak minbarida Prezidentimiz aytgan fikrlar eʼtiborsiz qolmadi. Yaʼni yetakchimizning zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirishga chaqirgani mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Nutqda Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar jarayoniga batafsil urgʻu berildi. Taʼkidlanganidek, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi Oʻzbekistonni barpo etish siyosati izchil olib borilmoqda. Bugun xalqimiz yurtimiz kelajagini Yangi Oʻzbekiston timsolida yorqin his qilishmoqda. Bu batamom yangi fikr, yangi gʻoya va istiqboli porloq Yangi Oʻzbekiston boʻladi. Buni Prezidentimiz oʻz nutqida ham taʼkidlab, “ustuvor maqsadimiz – mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan oʻzgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir” dedi.
Nutqda qator takliflar oʻrtaga tashlandi. Qarang, pedagoglarning oʻzaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida Oʻzbekistonda Butunjahon professional taʼlim sammitini oʻtkazish taklif etilgani yaxshi tashabbus boʻldi. Bu orqali Oʻzbekiston dunyoga mashhur pedagoglarni kutib oladi, tajriba almashadi, eng quvonarlisi, oʻqituvchilar oʻrtasida oʻzaro doʻstlik rishtalari bogʻlanadi.
Yana bir shunday taklif gender siyosati bilan bogʻliq boʻlib, davlatimiz rahbari mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning roli bundan buyon ham mustahkamlanishini taʼkidladi. Shu maʼnoda, keng mintaqamiz miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam oʻtkazib borish muhimligi aytildi. Buyam yaxshi tashabbus. Buyam yurtimizni dunyoga mashhur qilishda, oʻzbek xotin-qizlarining oila, jamiyat va dunyo miqyosidagi oʻrni va rolini oshirishda muhim hisoblanadi.
Ulugʻ shoirimiz Erkin Vohidovning “Doʻst bilan obod uying, gar boʻlsa u vayrona ham, doʻst qadam qoʻymas ekan, vayronadir koshona ham“ deb yozgan satrlarining bugun ham ohori toʻkilgani yoʻq. Shu maʼnoda aytish joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan rishtalar deyarli uzilib qolgan yon qoʻshnilar bilan aloqalar mustahkamlangani shoir satrlari naqadar hayotiy ekanini yana bir bor tasdiqladi. Prezidentimiz oʻz nutqida: “Bundan 8-yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qatʼiy qaror qilganimizni eʼlon qilgan edik. Bugun chuqur mamnuniyat bilan taʼkidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi” dedi.
Toʻgʻri-da, bugun oʻzbek, qirgʻiz, tojik, turkman va qozoq millatiga mansub xalqlarning bir-biriga boʻlgan hurmati, ehtiromi va sadoqatini soʻz bilan ifodalash qiyin. Chunki azaldan bir elu elat, tili, dini, millati va urf-odatlari oʻxshash xalqlarning oʻzaro doʻstligi bu katta kuch hisoblanadi. BMTdagi nutq chuqur mazmunga ega ekani shunda namoyon boʻlib turibdi. Aytmoqchi, nutqda Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi ham ilgari surildi. Demak mintaqadagi doʻstlik va qardoshlik BMT rezolyutsiyalarida ham oʻz aksini topadi. Bunda albatta, Yurtboshimizning taklif va tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Fazliddin HAMRAYEV,
Oʻzbekiston fermerlari Kengashi huzuridagi Fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mutaxassisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring