Yangi boshqaruv tizimi joriy etilayotgan hududlardagi investitsiya islohotlari muhokama qilindi

20:25 13 Noyabr 2025 Siyosat
212 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oʻziga jalb etuvchi investitsiya muhitini yaratish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini oshirish va hududiy hamkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqarishni kengaytirish, tadbirkorlar, ishbilarmonlar va xorijiy hamkor investorlarni qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy yil 12-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan yangi boshqaruv tizimi joriy etilayotgan 16 ta pilot hudud – Bektemir, Qoʻngʻirot, Chimboy, Asaka, Gʻijduvon, Gʻallaorol, Yakkabogʻ, Xatirchi, Chortoq, Bulungʻur, Sirdaryo, Quva, Shovot, Hazorasp tumanlari hamda Margʻilon va Yangiyoʻl shaharlarida investitsiyalar, turizm va tashqi iqtisodiy faoliyat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Majlisda senatorlarning pilot hududlarda tashkil etilgan muloqot maydonlari natijalari toʻgʻrisidagi axborotlari, shuningdek, mahalliy Kengashlar va hokimliklar vakillarining mavzuga oid fikr-mulohazalari eshitildi.

Hududlarda investitsiya muhitini yaxshilash, turizm va eksport salohiyatini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Taʼkidlanganidek, joylarda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy islohotlar samaradorligini oshirish ishlari senatorlar tomonidan parlament nazorati doirasida tizimli oʻrganib boriladi. Bunda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va mahalliy Kengashlar bilan izchil hamkorlikni kuchaytirishga eʼtibor berilmoqda.

Shuningdek, senatorlar tomonidan ishlab chiqilgan takliflarni amalga oshirish doirasida hududlarda “Yangi Oʻzbekiston – investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar mamlakati” shiorini keng targʻib qilish tashabbusi ham ilgari surildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?