Yangi axborot tizimi va yutuqli cheklar: bular soliq toʻlovchilarga nima beradi?

17:57 29 Aprel 2021 Iqtisodiyot
1215 0

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun “Soliq qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlashda jamoatchilik nazoratining ahamiyati” mavzuida tashkil etilgan press-turda ana shunday yangiliklar xususida maʼlumot berildi.

Qayd etildiki, Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan soliq huquqbuzarliklari yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish hamda bunday holatlarni keskin qisqartirish maqsadida “Soliq hamkor” axborot tizimi tizimi ishlab chiqilgan. Unda murojaatlarni qabul qilishning anʼanaviy shakllaridan tashqari “Soliq hamkor” telegram boti, Tekshiruv.soliq.uz sayti, “Soliq” mobil ilovasi orqali xabar berish imkoni mavjud.

Tizim doirasida hamkorlik qilish ixtiyoriy. Hamkor mazkur tizim orqali soliq toʻlovchi, soliq agenti yoki boshqa shaxsning Soliq kodeksida javobgarlik belgilangan harakati yoki harakatsizligi yuzasidan davlat soliq xizmati organini xabardor etadi.

Tizimda “Xarid cheki bermaslik”, “Bank plastik kartasi orqali toʻlov qabul qilishni rad etish”, “Plastik kartada toʻlov qilinganda mahsulotni qimmatroq sotish” va “Noqonuniy faoliyat yuritish” kabi toʻrt yoʻnalishda murojaat yoʻllash mumkin. Shuningdek, har bir murojaatchi oʻz xabari holatini real vaqt rejimida kuzatib borishi mumkin.

Tizimning yana bir afzalligi shundaki, barcha xabarlar Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan alohida nazoratga olinadi. Yuborilgan maʼlumotlar qabul qilinganligi, koʻrib chiqish jarayoni va yakuniy natijasi boʻyicha murojaatchiga SMS koʻrinishida axborot taqdim etib boriladi.

Muhimi, “Soliq hamkor” orqali kelib tushgan xabarlar sayyor soliq tekshiruvi oʻtkazish uchun asos boʻladi. Binobarin, Davlat soliq xizmati organlariga “Soliq hamkor” axborot tizimi orqali kelgan murojaatlar asosida joriy yilning birinchi choragida 1 354 ta soliq tekshiruvlari oʻtkazilgan boʻlsa, shundan 1 333 tasi, yaʼni 98,5 foizi xarid cheki berilmasligi bilan bogʻliqdir.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, soliq huquqbuzarliklarining aksariyati xarid cheki daxldor. Shu bois Davlat soliq qoʻmitasi xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati kuchaytirish, xususan, isteʼmolchilarni xarid chekini talab qilishga undovchi yutuqli chek oʻyinlarini oʻtkazib kelmoqda. Ayni maqsadda Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan 2020-yil iyul oyida yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga oʻz hissasini qoʻshayotgan ijtimoiy faol fuqarolarni ragʻbatlantirishni nazarda tutuvchi QR kodli cheklar asosidagi yutuqli chek oʻyinlariga start berilgan edi.

Natijada xarid cheklari berilmagan joylarda xaridorlar borgan sari kamayib, cheklarni talab qiladigan va qonuniy huquqlarini himoya qiladigan fuqarolar esa koʻpayib bormoqda. Bir soʻz bilan aytganda, isteʼmolchilarning yangi avlodi tarbiyalanmoqda va ular qatorida biznes ham oʻsib bormoqda.

Oʻyinda ishtirok etish uchun onlayn-NKM va virtual kassa qurilmalaridan berilgan cheklarning QR-kodi Soliq mobil ilovasi orqali skaner qilish yoki 12 sondan iborat fiskal belgisi mavjud chekni roʻyxatdan oʻtkazish talab etiladi, xolos.

Yutuqli chek oʻyinlarining dastlabki toʻrtta tiraji 2020-yil iyul oyidan boshlab faqat poytaxt isteʼmolchilari oʻrtasida oʻtkazildi. Beshinchi va oltinchi tirajlarda mamlakatimizning barcha hududlaridagi aholi ishtirok etdi.

Yutuqli oʻyinlar oʻtkazilish boshlangandan buyon bugungi kungacha jami 9 ta tiraj oʻtkazilib, ularda 200 ga yaqin omadli isteʼmolchi qimmatbaho sovrinlar, jumladan 6 ta “Nexia-3» va 3 ta “Chevrolet Spark” avtomobili sohibi boʻldi. Shuningdek, umumiy summasi 331,1 mlrd. soʻm boʻlgan 880 795 ta chek roʻyxatdan oʻtkazildi.

QR-kodli cheklar avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi, dorixona, spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari sotadigan, shuningdek yillik oboroti 100 mln. soʻm va undan yuqori boʻlgan yirik savdo, xizmat koʻrsatish nuqtalarida berilishi lozim.

D. Ulugʻmurodov,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?