Yaxshilarga tashakkur ayladilar

14:44 25 Avgust 2020 Jamiyat
1108 0

Rivoyat qilishlaricha, bir kuni Quyosh yotogʻidan bosh koʻtarishni istamay qolibdi. Shunda Borliq undan soʻrabdi:

— Tong otar paytiga oz qoldi, sen nega hali ham yotogʻingdasan?

— Bundan buyon yer yuziga nur sochmayman, — debdi Quyosh araz holatda.

— Nima boʻldi? — hayron boʻlib soʻrabdi Borliq.

— Men yaxshi kayfiyatda zaminga nur tarataman, taftimdan dunyo yashnab ketsin, deyman. Yer yuzida boʻlsa yaxshi odam qolmagan. Biri qallob, ikkinchisi bemehr, uchinchisi gʻirrom...

Borliq miyigʻida kulibdi:

— Sen yaxshilab qaraginda. Bitta yomonni deb, yuzta yaxshiga qulluq qilmaslik gunoh-ku! Har tong zaminga nazar tashlashdan avval eʼtibor qil, axir, sening diydoringga minglab odamlar peshvoz chiqadilar. Oltindek zarrin nuring gʻuborlarga chayilmasin deb hali tun chekinmasidan koʻchalarga suv sepishadi, yer yuzini gʻubordan tozalashadi. Ular sening tashrifingni deb uyqusidan voz kechsalar mayliyu, sen uyqungdan voz kecholmaysanmi?

Shundan buyon Quyosh har tong yer sathiga nur sochmoqqa shoshilar, yaxshi odamlar esa tun chekinib ulgurmasidan yer yuzini gʻuborlardan tozalar ekanlar. Ularni yaxshi insonlarning YAXSHIlari deb atashar ekanlar.

Bugun Milliy gvardiya xodimlari ham andijonlik 100 nafardan ortiq YAXSHI insonlarni yoʻqlab bordilar. Ularning mehr toʻla tashrifidan Andijon shahar Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari nihoyatda xursand boʻlishdi.

— Tonggi 3-4 larda ishga chiqaman, — deydi ishchi Nasibaxon Matkarimova. — Yerga yorugʻ tushguncha koʻchalarni supurib, chiqindilardan tozalab qoʻyaman. Koʻchada ilk odam paydo boʻlganda pokiza yoʻlakdan yurib kelayotganini koʻrib qilgan ishimdan zavqlanaman. Aslida oʻsha odamlarning bir ogʻiz “Hormang” degan soʻzining oʻzi koʻnglimizni togʻdek koʻtaradi. Milliy gvardiya xodimlarining yoʻqlovi esa haqiqiy bayramga aylanib ketdi.

Shu kuni xodimlar shaʼniga nafaqat, yaxshi gaplar aytildi, mehnati uchun minnatdorchilik izhor etildi, balki, tonggi nonushta ham ulashildi. Gap sovgʻa-salom, noz-neʼmatda emas. Hamma gap — eʼtiborda!

Saminjon HUSANOV,

“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер