Yaylovlar degradatsiyasining salbiy taʼsiri yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi

13:21 18 May 2024 Siyosat
167 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga hamda atrof muhitga salbiy taʼsiri yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimiz Prezidentining 2024-yil 13-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi yerlari degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproqning gumus miqdori va unumdorligini oshirishni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-martdagi “Yaylovlar va ulardagi yer osti suvlarini muhofaza qilish hamda yaylov degradatsiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.

Mazkur qarorlar doirasida suv taʼminoti mavjud boʻlmagan hududlarda tik quduqlarni qazish, quyosh energiyasida ishlaydigan nasos agregatlari yordamida yer osti suvlarini chiqarish hamda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha Buxoro va Navoiy viloyatlarida namunaviy tajriba loyihalarini amalga oshirish belgilangan.

Yaylov yerlarda suv taʼminotini yaxshilash va qayta tiklashda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, shuningdek, 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti hamda Samarqand davlat universitetida “Yaylov ekologiyasi va boshqaruvi” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan.

Yaylovlarda chorva mollari bosimini kamaytirish va ularni almashlab oʻtlatishning oqilona tizimini yoʻlga qoʻyish, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash hamda ularning mahsuldorligini oshirishning eng maqbul usullarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish belgilanmoqda.

Nishon, Nurota, Nurobod, Forish va Gʻijduvon tumanlaridagi yaylovlarda ikki yil muddatga chorva mollarini almashlab boqish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti hamda “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan FAO, IKARDA, Saritas hamda AQSHning Nevada shtati “Yaylovlarni boshqarish jamiyati” kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan.

Senatorlar olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda yaylov yerlaridan samarali foydalanish, ularni nazorat qilish va degradatsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ayrim hal qilinishi lozim boʻlgan masalalar dolzarbligicha qolayotganligini taʼkidladi.

Jumladan, yaylov yerlarini konturlar va foydalanuvchilar kesimida toʻliq xatlovdan oʻtkazish, 4 mln gektardan ortiq yaylovda geobotanik tadqiqotlarni amalga oshirish hamda ularning elektron raqamli xaritalarini ishlab chiqish zarur.

Suv inshootlarining 2269 tasi (78 foizi) taʼmirtalab holatga kelgan. Bundan tashqari, yaylovlarning suv taʼminotini yaxshilash hamda chorva mollarini suv bilan taʼminlash uchun 700 dan ortiq quduqlar yetishmasligi aytib oʻtildi.

Bundan tashqari, Buxoro choʻl yaylov oʻsimliklar urugʻchilik ilmiy-ishlab chiqarish markazini zamonaviy ilmiy laboratoriya jihozlari va uskunalar bilan taʼminlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Muhokamalar jarayonida senatorlar tomonidan bugungi kunda mazkur sohaga oid oʻzgarishlar hamda qonunchilikda belgilangan vazifalarni inobatga olib, yaylovlarni boshqarish va monitoring qilish hamda sohaga doir amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan oʻtkazish, shu jumladan “Yaylovlar toʻgʻrisida”gi Qonunni qayta koʻrib chiqish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, tegishli mutasaddilarning sohada amalga oshirayotgan ishlarini xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida har chorakda muhokama qilib borish hamda ularga koʻmaklashish, hududlarga yetuk mutaxassislar, olimlar va tadqiqotchilarni jalb qilib, ularning tavsiyalari asosida ishlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar berildi.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер