“Yadroviy qurolga ega ikki davlat oʻrtasida keskinlik ortmoqda”: Hindiston Pokistonga havo hujumlari uyushtirdi, qurbonlar bor
Hindiston tomonidan boshqariladigan Kashmirda 26 kishining hayotiga zomin boʻlgan teraktdan ikki hafta oʻtib, 7-aprel, chorshanba kuni Hindiston Pokistonga havo hujumlari uyushtirdi. Bu haqida “NBC News” nashri maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, Pokistonning Panjob viloyati hamda Kashmirning Pokiston tomonidan boshqariladigan toʻqqizta hududiga Hindiston tomonidan havo hujumlari uyushtirilgan. Mazkur zarbalar oqibatida 26 nafar pokistonlik halok boʻlgan va 46 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olib shifoxonalarga yotqizilgan.

Hindiston rasmiylarining taʼkidlashicha, raketa zarbalari faqat Pokiston hududidagi terror tashkilotlar joylashgan manzillarga berilgan boʻlib, tinch aholi yashaydigan hududlar hamda harbiy obyektlar nishonga olinmagan. Biroq Pokiston rasmiylari oʻldirilgan fuqarolarning ikki nafari masjidda boʻlgan fuqarolar, yana ikki nafari esa mahalliy aholi vakillari hisoblangan oʻsmirlar ekanini taʼkidlamoqda.
Hindiston mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, Pokistonga uyushtirilgan havo hujumlari maqsadli tarzda amalga oshirilgan boʻlib, mamlakat hududida joylashgan terror tashkilotlarini yoʻq qilishga qaratilgan. Shuningdek, uyushtirilgan hujumlar keskinlashmagan xarakterga egaligi qoʻshimcha qilingan.

Pokiston tomoni ham Hindistonning ushbu havo hujumlariga munosib va kuchli javob berishga vaʼda bergan. Maʼlumotlarga koʻra, Pokiston kuchlari Hindiston havo kuchlarining beshta harbiy samolyoti va bitta dronini urib tushirgan. Hindiston tomoni hozircha bu maʼlumotlarni tasdiqlamagan.
Hindiston rasmiylari Pokistonning javob zarbalari berganini inkor etmagan. Maʼlum boʻlishicha, Pokiston kuchlari javob zarbalari sifatida Kashmirning Hindiston tomonidan boshqariladigan hududlarini oʻqqa tutgan. Maʼlumotlarga koʻra, mazkur hujumlar oqibatda uch nafar tinch aholi vakillari halok boʻlgan.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif, chorshanba kuni Milliy xavfsizlik qoʻmitasi yigʻilishini chaqirgan hamda Hindiston tomonidan boshlangan bu keskinlik javobsiz qolmasligi lozimligini, qattiq javob zarbalari berilishini va bunga haqli ekanini taʼkidlagan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish ushbu holat yuzasidan bayonot berar ekan, har ikki mamlakat harbiylarini vazminlikka chaqirib, dunyo Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi harbiy qarama-qarshilikni koʻtara olmasligini aytgan.
Shuningdek, AQSH davlat kotibi Marko Rubio mazkur vaziyatdan xabardor ekani hamda Hindiston va Pokistondagi hamkasblari bilan keskinlikni yumshatish borasida gaplashganini maʼlum qilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp mahalliy OAVga bergan intervyusida ushbu mavzuga toʻxtalib, Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi mojaroni “Uyat” deb atagan hamda bu keskinlik tezda barham topishiga ishonishini bildirgan.
Pokiston Panjobdagi barcha maktablar hamda mamlakat poytaxti Islomobod hududi bir kunga yopilishini maʼlum qilgan. Shuningdek, tijorat reyslari qoldirilgan, mamlakatdagi baʼzi aeroportlar ham nomaʼlum muddatga yopilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring