Voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosinnig eng kam muddati 6 oydan 1 oyga qisqartirilmoqda — Qonun loyihasi

15:27 06 Iyun 2023 Siyosat
580 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 77 va 85-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Jinoyat kodeksining vazifalari shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan qoʻriqlash, shuningdek jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarni respublika Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashdan iboratdir.

Ana shu vazifalarni amalga oshirish uchun Kodeks javobgarlikning asoslari va prinsiplarini, qanday ijtimoiy xavfli qilmishlar jinoyat ekanligini aniqlaydi, ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan jazo va boshqa huquqiy taʼsir choralarini belgilaydi.

Jinoyat kodeksi qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslanadi.

Shuningdek, sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.

Sudlanganlik muddatining oʻtib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor boʻladi, shuningdek sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoni oʻtab boʻlinishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan boʻlsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida oʻz jazosini toʻliq oʻtab boʻlgandan soʻng, uning oqibatlari kelgusi hayotiga taʼsir qilmasligi va oʻz hayotini yangitdan boshlashi uchun imkoniyat berilishini taʼminlash maqsadida voyaga yetguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni oʻtab boʻlgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosinnig eng kam muddati 6 oydan 1 oyga qisqartirilmoqda. Shunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi, voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirib, voyaga yetmaganlik davrida sodir etgan jinoyati uchun jazoni toʻliq oʻtab boʻlgan shaxsga, oʻz hayotini sudlanganlik tamgʻasidan xoli tarzda yangitdan boshlashiga imkon beradi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер