Vobkentlik maktab o‘quvchisi barmoq bilan ham o‘t oldirsa bo‘ladigan elektrokar ixtiro qildi

14:08 12 Aprel 2023 Jamiyat
3657 0

Buxoro viloyati Vobkent tumani “Do‘stlik” mahallasida yashovchi Shahzod Erkinov yangilikka o‘ch o‘smirlardan. Respublika Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining Vobkent tuman ixtisoslashgan maktabi 9 – sinfida tahsil olayotgan bu yosh yurtdoshimiz darsdan so‘ng zamonaviy axborot texnologiyalari to‘garagi mashg‘ulotlariga qatnashadi. Texnikaga oid adabiyotlarni qunt bilan o‘qiydi.

Shahzod yigirmaga yaqin jajji ixtiro muallifi sanaladi. Gapiradigan robot, lampali soat, o‘quvchilarbop robot repetitor kabi loyihalari turli tanlov va ko‘rgazmalarda e’tirof topgan. Izlanuvchan yigitcha yirikroq loyihalarga qo‘l ura boshladi. Quyosh nuri hamda elektr toki vositasida harakatlanuvchi elektromobil yaratdi. 

- Bu elektromobil turistik zonalarga mo‘ljallangan,- deydi u. - Dizaynini retro mashinalar qiyofasida tayyorlaganimizni bir jihatdan shu bilan izohlash mumkin. Quyosh paneli, shuningdek, elektr toki vositasida quvvatlanadi. Unga 12 voltli to‘rtta akkumulyator o‘rnatilgan. O‘t oldirilganda tabloda “Oq yo‘l” yozuvi paydo bo‘ladi. O‘ngga yoki chapga burilish, orqaga yoki oldinga harakatlanish chog‘ida ham yozuvlar chiqadi. Mabodo, elektromobil kaliti yo‘qolib qolgudek bo‘lsa, uni egasi barmoq izi vositasida ham o‘t oldira biladi. Begonalar bunday qila olmaydi. Batamom o‘zbek tilida dasturlashtirilgan. 

 Bu elektromobilni yaratishda Shahzodga otasi, asl kasbi usta bo‘lgan Rustam Shukurov hamda ustozlarining maslahatlari, yo‘l – yo‘rig‘i qo‘l kelgan, albatta.
- Bu elektromobil ayni damda soatiga 50 kilometr tezlikda harakatlana oladi, - deydi Rustam Shukurov. - Zarur texnik ishlar bajarilsa tezlikni soatiga 100 kilometr va hatto undan ham oshirish mumkin. Hozir o‘g‘limda quyosh paneli va elektr tokidan quvvat olib harakatlanuvchi besh kishiga mo‘ljallangan elektromobil yaratish g‘oyasi ham bor. Dastlabki hisob – kitoblarga ko‘ra, bunday avtoulovlar nisbatan arzon, cho‘ntakbop bo‘ladi.

Har qanday g‘oya el – yurt uchun foydali ekan, u qo‘llab – quvvatlanishi zarur, albatta. Yosh iqtidor egasiga kelsak, uning “Shahzod mobile” loyihasi viloyatda o‘tkazilgan “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonida faxrli 1 – o‘ringa munosib deb topildi. 

Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?