Vobkentda bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha oʻquv seminari oʻtkazildi

17:59 06 Noyabr 2025 Jamiyat
309 0

Bugun, 6-noyabr kuni Vobkent tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabida bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish va bu borada idoralararo hamkorlikni samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida oʻquv-seminar tashkil etildi.

Tadbirda tuman IIBning voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlari, maktab direktorlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, shuningdek, tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari ishtirok etdi.

Seminar davomida 2024-yil 14-noyabrda qabul qilingan “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-996-sonli qonuni mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi. Shuningdek, bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlarini erta aniqlash, xavf darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Tadbir yakunida tuman hududida joriy yilning 10 oyi davomida voyaga yetmagan bolalar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar tahlil qilindi. Maʼlum boʻlishicha, sodir etilgan holatlarning katta qismi 1-, 5- va 20-umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Shu sababli ushbu taʼlim muassasalari “sariq toifa”ga kiritilgan.

Oʻquv seminarda ishtirok etgan viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rahbariyati tomonidan mazkur umumtaʼlim maktablari doimiy nazoratga olinishi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер