Vitaliy Denisov, Fozil Musayev, Jasur Hasanov “Buxoro” sharafini himoya qiladi

11:01 12 Mart 2024 Sport
673 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Istam Ibrohimov/“Xalq soʻzi”. Oʻtgan yil superligada muvaffaqiyatsiz qatnashib kuchlilar safini tark etgan “Buxoro” futbol jamoasi joriy mavsumda oʻz muxlislari kutgan oʻyinni namoyish qiladiganga oʻxshab turibdi.

Gap shundaki, jamoa Pro-ligadagi uchrashuvlarni yulduzli tarkibda boshlamoqda. Vitaliy Denisov, Artyom Filiposyan, Davronbek Hoshimov, Fozil Musayev, Jasur Hasanov singari tajribali futbolchilar endi “Buxoro” sharafini himoya qilishadi. Yaqinda klub tomonidan oʻtkazilgan yangi futbolchilarni tanishtirish marosimida ham jamoaning asosiy maqsadi superliga yoʻllanmasini qoʻlga kiritish ekani taʼkidlandi.

— Yurtimizda, jumladan, Buxoroda “millionlar oʻyini” sanalgan futbolni juda yaxshi koʻrishadi, — deydi muxlislardan biri Shuhrat Gʻaniyev. — “Buxoro” jamoasi stadionga tushadigan muxlislar soni boʻyicha mamlakatimizda yetakchilar qatorida turadi. Jamoa ham shunga munosib boʻlishi kerak, albatta.

Ayrim muxlislarda jamoa tarkibiga qoʻshib olingan tajribali futbolchilarning yoshi masalasi xavotir uygʻotgani ham sir emas. Deylik, oʻz vaqtida Moskvaning SSKA, “Lokomotiv”, Dnepropetrovskning “Dnepr” klublarida toʻp surgan, Oʻzbekiston terma jamoasi safida 72 ta oʻyin oʻtkazgan himoyachi V. Denisov hozir 37 yoshda. Lekin Ulugʻbek Baqoyev boshchiligidagi murabbiylar shtabi Vitaliy kabi yoshi katta futbolchilarning tajribasi va mahorati jamoaga qoʻl keladi, deb hisoblamoqda. Ular bilan yonma-yon oʻynaydigan yosh futbolchilar xiyla boʻlsa-da toʻp bilan muomala qilish sanʼatini egallashsa ajab emas.

Aytish joizki, “Buxoro” jamoasi uchun ayni damda sobiq “Toʻqimachi” sport majmuasida zamonaviy stadion barpo etish ishlari olib borilmoqda. Ungacha esa jamoa uy oʻyinlarini Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida oʻtkazadi.

Darvoqe, Pro-liga oʻyinlari bugun boshlanadi. “Buxoro” esa ertaga, 13-mart kuni Gʻuzorning “Shoʻrtan” jamoasi mehmoni boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер