Viloyat hokimlari: kimlar vaksina oldi, kimlar olmadi?

20:43 08 Avgust 2021 Jamiyat
4248 0

Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi vaksina qabul qilishga qarshilar va vaksina tarafdorlari oʻrtasida bahs hali hamon avjida. Bahslashayotganlar orasida vaksina bilan, avvalo, amaldorlar, hokimlar emlanishi lozimligini taʼkidlayotgan ham talaygina.

Hafta boshida Prezident matbuot kotibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning koronavirusga qarshi emlanganini maʼlum qildi.

Xoʻsh, Prezidentning joylardagi vakillari boʻlgan hokimlar vaksinatsiya jarayonida qanchalik oldingi safda bormoqda. “Xalq soʻzi” muxbiri viloyat hokimlarining vaksina olgan yoki olmagani bilan qiziqdi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev xitoy-oʻzbek vaksinasi bilan emlangan. Xususan, hokimning vaksina olish jarayoni aks etgan video turli bahs va munozaralarga sabab boʻlgan edi. Keyinroq hokimlik axborot xizmati jarayon toʻliq aks etgan videoni jamoatchilikka taqdim etdi.

Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov ham koronavirusga qarshi emlangan. Hidoyatov iyul oyida koronavirusni boshdan kechirganiga qaramay, avgust oyining ilk haftasida vaksina qabul qildi. Biroq hokim qaysi vaksina bilan emlangani ochiqlanmagan. Tahririyatimiz hokimlik Matbuot kotibi Hamza Jumayev bilan bogʻlanganida, quyidagicha javob oldi.

Vaksinani nomini aytmaganimizni sababi reklama boʻlib qoladi. Har kim doktor tavsiyasi bilan oʻzi hal qilsin oʻzi qanaqa vaksina olishini, degan maʼnoda aytilmadi. Hokimda hech qanday nojoʻya taʼsir sezilgani yoʻq”, dedi u.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ham koronavirusga qarshi emlangan. Hokimlik “Xalq soʻzi”ning soʻroviga javoban barcha xodimlarining Sputnik V bilan emlanganini maʼlum qildi. Xususan, viloyat hokimi ham vaksinaning ikki dozasini ham qabul qilgan.

Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov ham koronavirusga qarshi emlashda Sputnik V vaksinasini tanlagan. U vaksinaning ikkinchi dozasi bilan iyul oyining ikkinchi yarmida emlangan. Viloyat hokimining ahvoli hozirda yaxshi, hech qanday nojoʻya taʼsirlar sezilmagan.

Qashqadaryo viloyati Zoir Mirzayev ham faol fuqaro sifatida koronavirusga qarshi emlangan. U Sputnik V vaksinasining ikki dozasini ham toʻliq qabul qilgan. Maʼlumotga koʻra, vaksina bilan emlangach hech qanday nojoʻya holat kuzatilmagan.

Shavkatjon Abdurazzoqov 27-iyul kuni koronavirusga qarshi vaksinaning ikkinchi dozasini qabul qilib, toʻla emlashdan oʻtgan. Namangan viloyati hokimi ayni jarayonda Rossiyada ishlab chiqarilgan «Sputnik V” vaksinasi bilan emlanishni maʼqul koʻrdi. Maʼlum qilinishicha, vaksinalash amaliyotining har ikki bosqichidan soʻng hokimda hech qanday salbiy oʻzgarishlar koʻzga tashlanmagan.

Jizzax viloyati rahbari Ergash Saliyev esa koronavirusga qarshi emlanmagan. Axborot xizmati rahbarining “Xalq soʻzi”ga maʼlum qilishicha, yaqinda viloyat hokimida koronavirus aniqlangan. Viloyat hokimida antitanachalar boʻlgani uchun meditsina meʼyorlari asosida vaksina qabul qilar ekan.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov va Xorazm hokimi Farxod Ermanov ham koronavirusga qarshi emlangan. Buni “Xalq soʻzi” manbasi tasdiqladi. Ammo ushbu ikkala hokimning ham qaysi vaksinani tanlaganini aniqlashtirish imkoni boʻlmadi.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov qaysi vaksina bilan emlangani haqida ham maʼlumot ololmadik, aniqrogʻi hokimlik soʻrovimizga javob bermadi. Viloyat muxbirimiz SSB bilan bogʻlanganida hokimning vaksina olgani haqida maʼlumot yoʻqligi maʼlum qilindi.

Barcha viloyat hokimlari haqida ham maʼlumot olish imkoni boʻlmadi. Xususan, Surxondaryo, Buxoro va Sirdaryo viloyat hokimlarining emlangan yoki emlanmaganini bilish imkoni boʻlmadi.

Hududiy muxbirlari maʼlumotlari asosida Shahnoza Toʻramurodova tayyorladi

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?