Venesuela poytaxtida portlashlar sodir boʻldi: harbiy baza yaqinida elektr taʼminoti uzildi

12:25 03 Yanvar 2026 Dunyo
341 0

Kecha, 2-yanvar kuni tunda Venesuela poytaxti Karakas shahrida bir nechta kuchli portlashlar sodir boʻldi. Bu haqida BILD nashri xabar berdi.

Unda aytilishicha, mahalliy aholi uchib oʻtayotgan samolyotlar ovozi hamda kamida yettita portlashni eshitganini, ularning ayrimlari hukumat binolari atrofida yuz berganini maʼlum qilgan.

Mazkur portlashlar oqibatida shaharning janubiy qismida joylashgan yirik harbiy baza yaqinida elektr taʼminotida uzilish kuzatilgan. “France-Presse” nashrining xabar berishicha, dastlabki portlashlar mahalliy vaqt bilan soat 02:00 atrofida eshitilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda katta yongʻinlar va qalin tutun aks etgan video hamda suratlar tarqalgan, biroq portlashlar aniq qaysi joyda sodir boʻlgani hozircha maʼlum emas.

Hozirda Venesuela rasmiylari tomonidan hodisa yuzasidan rasmiy bayonot berilmagan. AQSH Mudofaa vazirligi ham ushbu voqealarga izoh berishdan bosh tortgan.

Qayd etilishicha, portlashlar AQSH prezidenti Donald Trampning soʻnggi bayonotlaridan soʻng roʻy bergan. U avvalroq Amerika qoʻshinlarining Venesuela qirgʻoqlari yaqinida oʻtkazilgan bir qator operatsiyalaridan keyin mamlakat hududiga zarba berish ehtimolini istisno etmagan edi.

Maʼlumki, ikki davlat oʻrtasidagi keskinlik bir necha oydan beri davom etmoqda. AQSH Venesuela hukumatini giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanuvchi kartellarga yordam berishda ayblamoqda. Prezident Nikolas Maduro esa, oʻz navbatida, Vashingtonni mamlakatda beqarorlik keltirib chiqarish va hukumatni agʻdarishga urinishda ayblab kelmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?