Velosport boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosiga davlat mukofoti topshirildi

22:36 27 Sentyabr 2022 Siyosat
989 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Har bir sport turida oʻz namunalari bilan aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va targʻib etishga hissa qoʻshayotgan sportchilar boʻladi. Oʻzbekiston velosportida ana shunday shaxslardan biri — Olga Zabelinskayadir.

Uning xizmatlari mamlakatimiz hukumati tomonidan ham qayd etilgan. Prezidentimizning 30-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz bir yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisidagi farmoniga muvofiq, velosport boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Olga Zabelinskaya “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Uzoq vaqt davomida Olga chet elda mashgʻulotlar oʻtkazib, bir qator xalqaro musobaqalarda ishtiroki bois, mukofotni olishga ulgurmagan edi. 27-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Olga Zabelinskayani maxsus koʻkrak nishoni hamda Turkiyaning Konya shahrida boʻlib oʻtgan “Islom birdamlik oʻyinlari”dagi ishtiroki uchun pul mukofoti bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Mukofotni Senat Raisi, Oʻzbekiston velosport federatsiyasi raisi Tanzila Narbayeva topshirdi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi jami 11 ta uchta oltin, toʻrtta kumush va toʻrtta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Oltin medallarning barchasini Olga Zabelinskayaga tegishli boʻlib, u velosportda ayollar oʻrtasida ochkolar boʻyicha guruh poygasida, shosseda yakkalik va guruh poygalarida birinchi boʻldi.

Shu bilan birga, Olga Zabelinskaya Tokioda boʻlib oʻtgan Olimpiadada ayollar oʻrtasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan yagona velosportchi boʻlganini alohida taʼkidlash joiz.

Bundan tashqari, O.Zabelinskaya turli xalqaro poygalarda muntazam ishtirok etib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga hissa qoʻshmoqda. Masalan, joriy yilning iyun oyida u mashhur UCI - Jiro dʼItalia Donne professional poygasida, iyul oyida esa Tour de France Femmes avec Zwift poygasida ham qatnashdi. Yaqinda esa O. Zabelinskaya Avstraliyaning Vullongong shahrida oʻtkazilgan shosse velosporti boʻyicha Jahon chempionatida ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?