Vazir Surxondaryoda inklyuziv taʼlim bilan tanishdi

10:59 26 Fevral 2026 Jamiyat
591 0

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova ayni kunlarda Surxondaryo viloyatida boʻlib, hududdagi taʼlim muassasalari faoliyatini joyiga chiqqan holda oʻrganmoqda.

Tashrif doirasida jarayonlarda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov hamda YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Regina Mariya Kastilyo ishtirok etmoqda.

Uchrashuvlar chogʻida Termiz shahridagi 2- hamda 3-maktablarda yaratilgan shart-sharoitlar atroflicha koʻzdan kechirildi. Xususan, inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan oʻquvchilar uchun zamonaviy va qulay muhit yaratish borasida amalga oshirilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.

ISHONCH “Uzbekistan Vision 2030” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mazkur taʼlim muassasalarida maxsus jihozlangan sinf xonalari, qulay infratuzilma va zarur oʻquv vositalari tashkil etilgan. Bu esa barcha bolalar uchun teng taʼlim imkoniyatlarini taʼminlash yoʻlidagi muhim qadam boʻlmoqda.

— Inklyuziv taʼlim orqali alohida ehtiyojli oʻquvchilarning ijtimoiy moslashuvi kuchaytirilmoqda, — deydi 3-maktabning Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Temur Roʻzmatov. — Eng muhimi, sogʻlom muhitda oʻqish orqali bolalar bir-birini tushunish va qoʻllab-quvvatlashni oʻrganmoqda. Oʻqituvchilar har bir oʻquvchining qobiliyatini inobatga olgan holda individual yondashuvni qoʻllamoqda. Maxsus oʻquv materiallari, rivojlantiruvchi oʻyinlar va interaktiv usullar bolalarning bilimni oʻzlashtirish samaradorligini oshirishga xizmat qilyapti.

Tashrif davomida vazir ustozlar va oʻquvchilar bilan ochiq muloqot qildi. Suhbatlarda taʼlim sifati, yaratilgan sharoitlar va mavjud muammolar muhokama etildi. Ilgari surilgan taklif va mulohazalar asosida masʼullarga aniq topshiriqlar berildi.

Inklyuziv taʼlimni kengaytirish, har bir bolaning bilim olish huquqini toʻliq taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Surxondaryodagi bu amaliy ishlar esa ushbu yoʻnalishdagi izchil saʼy-harakatlarning yana bir amaliy ifodasidir.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер