Vazifalar masʼuliyatli va murakkab. Lekin ularning ijrosi uchun imkoniyatlar yetarli

02:42 13 Yanvar 2019 Jamiyat
6056 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga amalga oshirgan ishchi tashrifi chogʻida xalq deputatlari mahalliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasi xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Erkinjon Turdimov Samarqand viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Respublikamizdagi yirik hududlardan birining rahbari muxbirimiz savollariga javob berdi.

— Erkinjon Oqboʻtayevich, siz Prezident tavsiyasi bilan shunday masʼuliyatli lavozimga tayinlandingiz. Xoʻsh, bu yuksak ishonch masʼuliyatini qanday his qildingiz?

— Davlat tomonidan bildirilgan bunday yuksak ishonch, avvalo, minglab odamlarning hayot sifatini yaxshilash, turmush tarzini koʻtarish, dunyoda mamlakatimiz nufuzi hamda raqobatdoshligini oshirishga qaratilgan ulkan dasturlarni roʻyobga chiqarishga yoʻnaltirilgan masʼuliyatdir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan viloyatlarga hududlarni kompleks rivojlantirish boʻyicha tobora katta iqtisodiy imkoniyatlar hamda preferensiyalar taqdim etilyapti. Buning natijasida mintaqalar davlatning ijtimoiy-iqtisodiy drayverlariga hamda hayotning barcha jabhasida amalga oshirilayotgan islohotlarning sifat koʻrsatkichlariga aylanyapti. Bu viloyatlar, shaharlar va tumanlar rahbarlariga mamlakatning zamonaviy taraqqiyot bosqichida muhim hamda masʼuliyatli vazifa yuklayotganini ­anglatadi.

Oldimizda oddiy boʻlmagan, lekin saʼy-harakatlarni birlashtirgan holda yechiladigan vazifalar turibdi.

Bugun odamlarning ­dunyoqarashi shiddat bilan oʻzgarmoqda, jamiyatimiz yanada ochiq boʻlib borayotir. Binobarin, aholi bilan muloqotni davom ettirish muhimdir. Zotan, xalq bilan muloqot odamlarni tashvishga solayotgan muammolarni aniqlash va ularga amaliy yechim topish imkonini beradi.

Davlat rahbari Oʻzbekistondagi har bir inson, millati, tili va eʼtiqodidan qatʼi nazar, erkin, tinch hamda farovonlikda, oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashdek olijanob maqsadni qoʻydi. Ushbu ezgu niyatlarga erishish uchun har bir hudud rahbari shaxsan javobgar, deb hisoblayman.

— Yaqin istiqboldagi amaliy faoliyatingizda oʻz oldingizga qanday ustuvor vazifalarni qoʻygansiz?

— Umuman olganda, oldimizda zamonaviy korxonalar, yangi ish oʻrinlari yaratishga investitsiyalar yoʻnaltirish, aholining maishiy muammolarini hal qilish, zamonaviy talablarga javob beradigan taʼlim, ilm-fan tizimini shakllantirish, raqamli texnologiyalarni kompleks tatbiq etish yoʻlidagi ­mashaqqatli mehnat turibdi.

Investitsiyaviy jarayonlarni faollashtirgan holda biz iqtisodiyotda ijobiy surʼatlarga erishamiz. Bu esa ijtimoiy va infratuzilma sohalarida yigʻilib qolgan muammolarni izchillik bilan hal qilish imkonini beradi. Biz “yashirin” iqtisodiyot va korrupsiyaga prinsipial qarshi kurashgan holda ochiq iqtisodiyot, sogʻlom raqobat uchun qulay sharoit yaratishimiz lozim.

Hududning qishloq xoʻjaligi boʻyicha salohiyatidan yanada ­samarali foydalanish vaqti keldi. Samarqand viloyatida aholini ish va zarur qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash imkonini beradigan 37 ming gektardan ziyod foydalanilmayotgan sugʻoriladigan yerlar mavjud. Boʻsh yotgan maydonlarni ishlatish lozim. Bu kelgusidagi faoliyatimizning asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylanadi.

Oʻz navbatida, tadbirkorlik, samarali soliq siyosatini olib borishni qoʻllab-quvvatlash ham ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Prezidentning hududlarni kompleks rivojlantirish masalalarida aniq amaliy koʻrsatkichlarga erishishga qaratilgan Farmon va qarorlari ijrosi izchilligini taʼminlash strategik jihatdan muhimdir.

— Investitsiyaviy jarayonlarni faollashtirish yoʻlidagi dastlabki saʼy-harakatlaringiz qanday boʻladi?

— Hudud iqtisodiyotiga xorij kapital qoʻyilmalari hajmini oshirish masalasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga amalga oshirgan ishchi tashrifi chogʻida hal qilina boshlandi. Davlat rahbari delegatsiyasi tarkibiga qoʻshma lo­yihalarni roʻyobga chiqarishni rejalashtirayotgan xorij davlatlari elchixonalari vakillari ham kiritilgandi. Jalb qilinayotgan investitsiyalar intensiv bogʻlarni kengaytirish, paxta-toʻqimachilik klas­terlarini yaratish, suvni tejash texnologiyalarini joriy qilish, parrandachilik, mineral oʻgʻit, qurilish materiallari va boshqa sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish kabi yoʻnalishlarga taalluqlidir. Masalan, Bulungʻur tumanida Xitoy qishloq xoʻjaligi tajribasini tatbiq etish rejalashtirilyapti. “Urgut-2” ­erkin iqtisodiy zonasida rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda oʻsimliklarni ­kimyoviy himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish boʻyicha korxona ochilayotir. Tayyor mahsulotning qariyb 30 foizi eksportga chiqariladi.

Umuman, 2019-2020 yillarda xorijlik hamkorlar ishtirokida yuqori texnologiyali yirik ishlab chiqarish quvvatlarini barpo qilish boʻyicha 968 ta sarmoyaviy loyiha shakl­lantirildi. Jalb etilgan ­investitsiyalar hudud eksport salohiyatini yuksaltirishga ­xizmat qilishi kerak. Shundagina salmoqli kapital qoʻyilmalar kutilgan samarani ­beradi.

Albatta, qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirishda kadrlar hal qiluvchi rol oʻynaydi. Shundan kelib chiqqan holda, bir qator tumanlar hokimligiga yangi, koʻproq samara keltiradigan rahbarlar tayinlanmoqda.

Ayni chogʻda davlat rahbari topshirigʻiga binoan, Samar­qandda xalqaro tajribani inobatga olgan holda, raqamli iqtisodiyot sohasida kadrlar tayyorlash boʻyicha amaliy ishlar boshlandi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki ushbu sohadagi mutaxassislar yaqin kelajakda hudud va umuman mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy imijini belgilab berishadi.

— Samarqand viloyati noyob sayyohlik salohiyatiga ega. Ushbu yoʻnalishda qanday dasturlarni amalga oshirish rejalashtiri­layotir?

— Ushbu yoʻnalishdagi ishlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Bizning vazifamiz mazkur jarayonlarga yangi turtki berishdir. Hozirgi kunda ­Indoneziya, Turkiya va BAA investorlari ishtirokida zamonaviy mehmonxonalar qurish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilish arafasida turibdi. Ushbu sohada eng yirik ­dasturlardan biri “Samarkand siti” turistik klasteri, yirik xalqaro anjumanlar oʻtkazish uchun kongress-xoll, yuqori darajadagi ­mehmonxonalar hamda biznes markaz qurishdir.

Malakali mutaxassislarni xalqaro ilgʻor tajribani inobatga olgan holda tayyorlash maqsadida Buyuk Ipak yoʻli ­xalqaro turizm universiteti faoliyati faollashtiriladi.

Turizmning ziyorat, tibbiyot, ekologik turlarini rivoj­lantirish boʻyicha aniq loyihalar ham mavjud.

— Joriy yilda ­Samarqand viloyati uchun qanday ijtimoiy dasturlar ustuvor boʻladi?

— Odamlarning baxtli-­saodatli hayot kechirishlari uchun qulay sharoit yaratish ushbu yoʻnalishda ustuvor das­turlar hisoblanadi. Buning uchun biz uy-joy yetishmasligidek oʻtkir masalani tez va samarali hal qilishimiz kerak. Shu maqsadda Motrud massivida joriy yilda koʻp qavatli uylar qurilib, yangi mitti tuman barpo etiladi. Qolaversa, nemis texnolo­giyasi asosida alohida seysmik va shamolga bardoshli boʻlgan 16 qavatli uylar ­bunyod etilayotir. 50 ta koʻp xonadonli turarjoy qurish ham bu boradagi loyihalardan biridir. Uy-joy dasturini amalga oshirishda narxni shakllantirish va kompleks ijtimoiy infratuzilmalarni yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari taʼlimning barcha bosqichini modernizatsiya qilish ishlari davom ettiriladi, yangi sport va madaniyat muassasalarini ochish ham ­rejalashtirilmoqda.

Bolalarni 2019 yilda maktabgacha taʼlim dargohlariga qamrab olish darajasini hozirgi 29 foizdan 52 foizgacha oshirish koʻzda tutilmoqda. Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Hindistondagi hamkorlar bilan birgalikda hududda yuqori texnologiyali tibbiyot markazlarini ochish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Ayni chogʻda Kattaqoʻrgʻon, ­Nurobod va boshqa tumanlarda tibbiyot xodimlari yetishmovchiligidan koʻz yumib boʻlmaydi.

— Siz Oʻzbekistonning koʻp hududlarida ishlagansiz. Boshqa mintaqalar bilan solishtirganda ­Samarqand viloyati ijtimoiy-iqtisodiy taraq­qiyotda qanday oʻsishga ­erishishi mumkin?

— Har bir hudud oʻziga xos ijtimoiy-iqtisodiy imij va rivojlanish salohiyatiga ega. Samarqand viloyati odatda agrosanoat, turizm salohiyati va kuchli taʼlim resurslari bilan ajralib turadi. Soʻnggi yillarda bu yerda yuqori texnologiyali, dunyo bozorida raqobatdosh boʻlgan avtomobilsozlik, toʻqimachilik, qayta ishlash tarmoqlari shakllandi. Ammo hududning eng asosiy ­resursi ishbilarmonlik va ­bunyodkorlik tuygʻusi bilan yashayotgan insonlardir. Binobarin, davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan marralarga erishish yoʻlida, birinchi navbatda, hudud aholisi koʻmagiga tayanmoqchimiz.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Oʻz muxbirimiz

Rinat ABDULMANOV suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер