Vatanimiz bir, maqsadimiz yagona
Har kuni erta tongda uygʻonib, shunday nurafshon kunlarga yetkazganiga shukr qilamiz. Toʻkin dasturxon atrofida butun oila jam boʻlib nonushta qilamiz. Farzandlarimizning baxtli hayotidan, jajji kichkintoylarning shoʻxliklaridan shodlanamiz. Koʻnglimiz toʻq, ishga yoki oʻqishga shoshilamiz.
Bu xotirjamlik, turmushimizdagi toʻkislik, ertangi kunga ishonch — bularning barchasi yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik mevasi, xalqimiz jipsligi, yorugʻ niyatlari roʻyobi.
Irodamizni toblagan sinovlar
Toʻgʻrisini aytganda, bugun dunyoning hamma mintaqalarida ham tinchlik-xotirjamlik Oʻzbekistondagidek barqaror emas. Ommaviy axborot vositalari, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻrib-bilib turibmiz: qaysi bir hududda bombalar portlashidan, tanklarning gumbur-gumburidan insonlar hadik-xavotirda jon saqlamoqda, qaysi bir hududda tabiiy va texnogen ofatlar qalblarga gʻulgʻula solmoqda.
Bu ayanchli voqea-hodisalar har qanday kishi dilini xira qilishi tabiiy. Lekin yuragimizni yanada ogʻritayotgani — bugun turli mintaqalardan turib OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali Vatanimizga tosh otishlarning koʻpaygani. Ayrim kimsalarda imperiyachilik kayfiyatining qayta uygʻongani, ularning mamlakatimiz mustaqilligini, taraqqiyotini koʻrolmayotgani, tariximizni, orimizni, gʻururimizni toptashga urinayotgani, yurtimizdagi tinchlik-totuvlikka putur yetkazishga intilayotgani.
Haqiqatan ham, hozirgi axborot globallashuvi insoniyatga oʻzaro muloqot, ilm-fan va turli manbalardan foydalanish imkonini yaratishi bilan birga odamlarga mafkuraviy bosimlar oʻtkazish, har xil gʻoyalarni targʻib qilish, yoshlar ongini egallashda qoʻl kelyapti.
Ishonchimiz komilki, bunday axborot xurujlari bagʻrikeng xalqimizni aslo choʻchitolmaydi. Ruhimizni sindirolmaydi, aksincha, millatlararo totuvlikni, jipsligimizni, oʻzaro xayrixohligimizni, ezgulik yoʻlidagi gʻayrat-shijoatimizni yanada oshiradi.
Chunki biz bunday sinovlarni koʻp koʻrganmiz, irodamizni toblaganmiz. Ogohlik va hushyorlik, el-yurt taqdiriga daxldorlik hayotimiz qoidasiga aylangan. Chunonchi, yaqin oʻtgan davrda Qoraqalpogʻistonda boʻlgan koʻngilsiz voqealar, tartibsizliklar bu ikki xalqni bir-biridan ajrata olmadi. Masala mohiyatini tushunmay, turli qutqularga uchgan odamlar koʻchaga chiqib ketgan, shaharda vaziyat ancha keskinlashgan paytda Prezidentimiz Nukusga keldi, xalq bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbarining odamlar bilan uchrashuvda aytgan gaplari hech yodimizdan chiqmaydi: “Qoraqalpogʻistonning taqdiri — bu Oʻzbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi — bu butun oʻzbek xalqining baxti va farovonligidir”.
Samimiyat bilan aytilgan bu soʻzlarni xalq juda yaxshi kutib oldi. Adashganlar xatosini angladi, ezgu yoʻlda yana birlashdi.
Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar
Xalqimizda “Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar”, degan maqol bejiz aytilmaydi. Qayerdaki ahillik, hamjihatlik boʻlsa, muammolar bartaraf boʻladi, orzu-maqsadlarga erishiladi.
Oʻzbek va qoraqalpoqlarning ham maqsadi yagona, umidu niyatlari, ildizlari tutash, kelajagi bir. Hamjihatligimizni koʻrolmaydiganlarga, Vatanga, millatga otilgan malomat, tuhmat toshlariga hamma vaqt oʻz vaqtida, munosib javob berishimiz kerak. Ana shunda bizni hech kim toʻgʻri yoʻldan chalgʻitolmaydi, gʻayir kimsalar niyatlariga yetolmaydi.
Bugun dunyoga ochiq koʻz bilan qarash, keng tafakkur bilan nazar tashlash lozim. Turli mintaqalarda har xil bahonalar bilan urush olovini yoqayotgan qudratli mamlakatlar rivojlanish yoʻlidan borayotgan tinch davlatlarga nisbatan turli usullar bilan bosim oʻtkazishga, jamiyatdagi barqarorlikka raxna solishga intilayotgani bizni ham xulosa chiqarishga undaydi. Buzgʻunchi gʻoyalari bilan millatlar, elatlar oʻrtasiga nizo solishga urinayotgan, yosh avlodning ongini zaharlayotgan tuban kimsalarga nisbatan tegishli diplomatik choralar koʻrishni taqozo etadi.
Oʻzbek va qoraqalpoqni azaldan urf-odatlar, anʼanalar, qon-qardoshlik rishtalari bogʻlab turadi. Bizning tilimiz bir, dinimiz bir, tariximiz mushtarak. Necha asrlardan buyon qiz berib, qiz olamiz, quda-anda boʻlib ketgan qardosh xalqlarmiz. Azaldan dushmanlarni birgalashib yengganmiz, sinovli kunlarni boshdan kechirib, bugun dorilamon kunlarda yashayapmiz.
Biroq tan olishimiz kerak, bugungi yutuqlar bilan chegaralanib qolsak, xotirjamlikka berilsak, sergaklikni unutsak, koʻp narsani boy beramiz. Hal qilishimiz zarur boʻlgan muammolar, feʼlimizda toʻgʻrilashimiz shart boʻlgan illatlar hali koʻp. Oramizda kibrga berilganlar, ayirmachilik, mahalliychilik kayfiyatida yuradiganlar borligini inkor etib boʻlmaydi.
Ana shu illatlarni zehniyatimizdan, millat dunyoqarashidan chiqarib tashlamas ekanmiz, yagona xalq sifatida dunyo hamjamiyati eʼtiboriga, eʼtirofiga tushishimiz qiyin boʻladi. Mahalliychilik, byurokratiya, korrupsiya, mansabga ruju qoʻyish, hokimiyatni, mamlakatni boʻlib olishga intilish Vatanni zaiflashtiradi, dushmanlarga qulay sharoit yaratadi. Bu qoraqalpoq, bu xorazmlik, bu vodiydan, u vohadan kabi ayirmachilik oʻtmishi ulugʻ boʻlgan xalq avlodlariga yarashmaydi. Bizning Vatanimiz bir va bitta maqsad yoʻlida birlashib, mustaqilligimizni mustahkamlash, turmushimizning yanada yaxshiroq, farovonroq boʻlishi uchun fidoyilik bilan mehnat qilishimiz kerak. Farzandlarimizni ham mana shu ruhda kamolga yetkazishimiz zimmamizdagi eng katta vazifa.
Barcha zamonda ham farzand tarbiyasi hayot-mamot masalasi boʻlib kelgan. Shunday ekan, oiladagi muhitga eʼtiborli boʻlishimiz shart. Bola uyda otasiga, onasiga taqlid qiladi, yurish-turishidan oʻrnak oladi. Ota-ona vatanparvar boʻlsa, mamlakat taqdiriga kuyunchak, fidoyi boʻlsa, bunday oilada ulgʻaygan farzand, albatta, el-yurtimiz koriga yaraydi.
Hayotbaxsh tashabbuslar
Prezidentimizning Qoraqalpogʻistonga, qoraqalpoq eliga mehr-muhabbati, eʼtibori naqadar yuksak ekaniga barchamiz guvoh boʻlib turibmiz. Davlatimiz rahbarining gʻamxoʻrligi bois bugun xalqimiz Orol dengizi qurishidek ulkan ekologik fojia bilan mardonavor kurashmoqda. Butun Oʻzbekiston bu yoʻlda birdam, hamjihat boʻlmoqda, turli viloyatlardan koʻmak koʻrsatilmoqda. Qurigan dengiz oʻrnida yashil qoplamalar, saksovulzorlar barpo etilmoqda.
Keyingi 6-7-yilda bu hududda odamlarning yashash sharoitlarini yaxshilash, tayinli ish, doimiy daromad manbaiga ega boʻlishi, oilasi bilan tinch-xotirjam yashashi uchun ulkan ishlar qilindi. Xususan, mintaqani moliyalashtirish, iqtisodiy salohiyatini oshirish, matonatli qoraqalpoq elining salomatligini tiklash, hududda yashil bogʻlarni yaratish uchun katta mablagʻ ajratildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barpo etilayotgan yashil hududlar bugungi va kelgusi avlodga ekologik toza havodan bahramand boʻlish uchun qulay sharoit yaratadi. Bugun Orol umidlarning roʻyobga chiqishi va yangilanish ramziga aylanmoqda.
Orolboʻyi hududlarida barpo etilgan saksovulzorda shamol taʼsirida qum koʻchishi holatlari keskin kamaydi. Natijada mintaqada iqlim moʻtadillashmoqda, qum va tuzning havoga koʻtarilib mintaqa boʻylab tarqalishi kamaydi. Davlatimiz rahbari oʻtgan yili hududlar rivoji va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi doirasida mintaqada sanoatni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, aholi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 3 ta yangi tashabbusni ilgari surdi. Buning natijasida ishsiz yurgan ming-minglab yoshlar, xotin-qizlar doimiy ish joyiga ega boʻlmoqda, minglab oilalarga farovonlik, toʻkinlik kirib boryapti.
Qoraqalpogʻistondagi 454 ta mahallaning har biriga toʻgʻridan-toʻgʻri 500 million soʻmdan qoʻshimcha mablagʻ berildi, mahallalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil qilinib 250 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi.
Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston moʻjizalar oʻlkasiga aylandi. Orol boʻylariga yangi hayot, yangi kayfiyat kirib keldi. Odamlar yuz-koʻzida mamnunlik, umid va ishonch tuygʻulari yanada yorqin namoyon boʻlmoqda. Qoraqalpogʻistonni rivojlantirish, inson qadrini ulugʻlash, xalqni rozi qilish, hududning beqiyos imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, elimiz farovonligini yuksaltirish, turmush sharoitini yanada yaxshilashning yangi bosqichi boshlandi.
Moʻynoq tajribasining ahamiyati
Ilgari Moʻynoqqa kelgan odam bugun uning qiyofasi butunlay oʻzgarganiga guvoh boʻladi. Keng va baland imoratlar, mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish shoxobchalari, amfiteatr, kurant, muzeylar, xullas, bir-biridan koʻrkam inshootlar savlat toʻkib turibdi. Yangi aeroport ishga tushirildi. Sayyohlar eng koʻp keladigan ochiq osmon ostidagi “Kemalar qabristoni”da dengiz tomon suzmoqchi boʻlib turgan kemalar uzoq tarixdan soʻzlayotgandek boʻladi, goʻyo.
Moʻynoq tumani 1931-yili tashkil etilgan. Bir vaqtlar katta qismini dengiz egallagan hudud choʻl va yarimdashtliklardan iborat. Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda tumanda 32 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Prezidentimiz bejiz “Madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi” deb aytmagan edi. Moʻynoqda qad koʻtargan zamonaviy inshootlar, bogʻlar, adiblar xiyoboni, hunarmandlar alleyasi, muzeylar, musiqa va sanʼat maktablari koʻzni quvontiradi, eng chekka qishloqlarda ham yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari avj olgan.
Moʻynoq tumanida moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga jami 12 ta madaniy meros va ziyorat obyekti kiritilgan. Bular — Ekologiya muzeyi, Orol tarixi muzeyi, Hunarmandlar alleyasi, “Baliqchi uyi” uy-muzeyi, Hakim ota, Toqmaq ota va Ajiniyoz bobo maqbaralari. Shuningdek, Orol dengizi, Sudochye koʻli, Ustyurt tekisligi, Ochiq osmon ostidagi kemalar muzeyi, Urga qishlogʻi va “Oroldagi bogʻim” loyihasi asosidagi innovatsion bogʻ shular jumlasidandir.
Prezidentimizning 2020-yil 11-noyabrdagi “2020 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Moʻynoq tumanida keng koʻlamli investitsiyalar oʻzlashtirilishi hisobidan qator loyihalar amalga oshirilib, yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Moʻynoqda yuz berayotgan yangilanishlar bugun nafaqat ushbu hududda yashayotgan yurtdoshlarimiz, balki butun xalqimizning kayfiyatini yanada koʻtarib, ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda. Zotan, katta ekologik ofat bilan yuzlashgan, bir vaqtlar eʼtibordan chetda qolib abgor, tashlandiq holga kelgan hududni xalqimiz birlashib, yakdil, hamfikr boʻlib, shunday koʻrkam, obod qila oldimi, odamlarining koʻnglini shod, hayotini farovonlashtira bildimi, demak, yurtimizning eng chekka joyidagi muammoni ham hal qilishga imkonimiz, salohiyatimiz yetadi.
Qudratimiz — jipslikda, hamjihatlikda
Prezidentimiz har gal qoraqalpogʻistonlik faxriylar, aholi vakillari, deputatlar bilan uchrashganida, yurtimizdagi hamjihatlik, tinchlik-osoyishtalik, mehr-oqibat, qadr-qimmat haqida gapirib charchamaydi. Tilimiz, dinimiz, Vatanimiz bir boʻlgan, etu tirnoq boʻlib yashayotgan koʻp millatli diyorda adovat va tushunmovchiliklar boʻlmasligi, kelajak avlodga eng goʻzal fazilatlar, mustahkam doʻstlik rishtalarini meros qilib qoldirish kerakligini doim takrorlaydi.
Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar, islohotlar xalqlarimiz baxti-saodati, tinchligi, farovon hayotini oʻylab qilinmoqda. Keyingi yillarda Moʻynoqdan tortib Boʻzatovgacha, Shumanaydan tortib Qoraoʻzakkacha, Ellikqalʼadan tortib Qonlikoʻlgacha hayotbaxsh bunyodkorliklar, ortga qaytmas islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning yangi Oʻzbekistonni, yangi Qoraqalpogʻistonni birgalikda quramiz, degan qanotbaxsh soʻzlari oʻzbegu qoraqalpoqning koʻnglini koʻtaradi, gʻururga toʻldiradi. Qishloqlarimizda uy-joylar yangidan barpo qilinyapti, obodonchilikka eʼtibor berilmoqda. Hozir tumanlarda zamonaviy oʻlchamlar asosida qurilayotgan yangi uylar, yangi turarjoylar koʻlami kengayganidan kengayib bormoqda. Unutila boshlagan urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz qaytadan tiklanmoqda. Har bir mahallada tadbirkorlikka asoslangan, munosib haq toʻlanadigan ish oʻrinlari yaratilmoqda.
Bunga javoban hammamiz bir jon, bir tan boʻlib, yurtimiz tinchligini, omonligini, barqarorligini saqlashimiz ham farz, ham qarzdir. Koʻp millatli xalqimiz farovonligi uchun bundan buyon ham fidoyilik bilan mehnat qilib, yanada yuksak marralarni egallashimiz ana shu omillarga bogʻliq. Oʻzbek bilan qoraqalpoq xalqlari azal-azaldan doʻst-inoq boʻlib, bir zaminda yashab kelgan va shunday boʻlib qoladi. Bizning qudratimiz jipsligimizda, hamjihatligimizda.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulugʻ bir maqsad birlashtiradi. U ham boʻlsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligidir.
Ulugʻbek JALMENOV,
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining
Qoraqalpogʻiston Kengashi raisi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring