Vatan koʻksidagi hikmat Navoiy

08:38 04 Fevral 2021 Madaniyat
2466 0

Keyingi yillarda yangilanayotgan hayotimiz, Vatanimiz ravnaqi aholining farovon turmushi, yangi bunyodkorliklarda namoyon boʻlayotganligi maʼnaviyat, adabiyot, sanʼat olamida yorqin iz qoldirmoqda.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak” deb alohida taʼkidlab oʻtgani bejiz emas. Biz buni Hazrat Alisher Navoiyning 580-yilligi nishonlanayotgan kunlarda chuqur his qilmoqdamiz.

Bu borada Prezidentimizning shu yil 19-oktyabrdagi qarori Alisher Navoiy hayoti va ijodini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng oʻrganish va targʻib qilishda katta ahamiyatga ega boʻlmoqda. Shu munosabat bilan yurtimizda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etilayotgani, Alisher Navoiy ordeni taʼsis etilishi, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qoʻlyozmalarning faksimile nusxalari mamlakatga olib kelinishi maʼnaviyatimizni boyitishga yordam bermoqda.

Shuningdek, Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini chuqurroq oʻrganish va tadqiq etish boʻyicha olib borilayotgan ilmiy ishlarga davlat buyurtmasi asosida tanlovlar eʼlon qilinmoqda.

2021-yil oxiriga qadar Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiy asarlari hamda navoiyshunoslik fani boʻyicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning elektron platformasi yaratiladi.

2021-yil noyabr oyining birinchi oʻn kunligida Navoiy shahrida “Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi.

Bundan tashqari, shu kunlarda umumtaʼlim maktablaridagi oʻquvchilari oʻrtasida “Navoiy vorislari” mavzusida gʻazalxonlik tanlovi, Prezident maktabini, ijod va ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilari oʻrtasida “Navoiyni anglash” mavzusida insholar tanlovlarini oʻtkazilmoqda.

Prezidentimiz Qarorida “Oʻzbekkino” milliy agentligiga 2021-yil davomida Alisher Navoiy asarlari asosida badiiy va multiplikatsion filmlar, shoir hayoti va ijodi bilan bogʻliq yangi maʼlumotlar va manbalar asosida toʻliq metrajli badiiy-publitsistik film yaratish topshirilib, bu sohadagi ishlar ham boshlab yuborilgan.

Shuningdek, chet elda istiqomat qilayotgan oʻzbek tili mutaxassislari, tarjimonlarni jalb etgan holda Alisher Navoiyning asarlarini chet tillarga tarjima qilib, kitoblar taqdimotlari oʻtkazilishiga ham tayyorgarliklar koʻrilmoqda.

Shu kunlarda biz Hazrat Navoiyni yangilangan Oʻzbekistonning yangi davr olamida, yangidan kashf etmoqdamiz. Ayniqsa keyingi uch-toʻrt yil davomida mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning inson manfaatlariga qaratilayotgani fikrimiz dalilidir. Negaki A.Navoiy oʻz ijodi va faoliyati davomida oʻz xalqi va Vatani uchun qoldirgan boy adabiy va maʼnaviy merosining bosh boʻgʻini insonga mehr, Vatanga sadoqat va xalqiga boʻlgan cheksiz muhabbat boʻlganligini uning ijodi va mehnat faoliyati orqali toʻliq anglayapmiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning majlislarda, uchrashuvlarda alohida ehtirom va hurmat bilan yodga oladigan misralariga eʼtibor beraylik:

Odami ersang, demagil odami,

Onikim yoʻq xalq gʻamidin gʻami.

Yurtimizdagi barcha islohotlar, Farmon va qarorlar, tadbirkorlik, innovatsiyalar yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar mahallalar faoliyatini takomillashtirish, har bir fuqaroga alohida eʼtibor shu misralar gʻoyasi bilan hamohangdir.

Shu narsani mamnuniyat bilan aytish joizki Alisher Navoiy yozgan barcha asarlarni mustaqillik davriga kelib toʻliq oʻqishga muyassar boʻldik. Ayniqsa uning 20 jildlik asarlari nashr qilinishi Alisher Navoiyni oʻrganish, uning hikmatlarini hayotga teran hamda taʼsirchan singdirilishi zamonamiz, inson maʼnaviyati yuksalishida yorqin aks etmoqda.

Bugungi kunning oʻtkir va global muammolariga javob topishda aynan Navoiy asarlarining mohiyati katta ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Ulugʻ bobomiz nafaqat ijodkor, balki xalq dardi bilan yashaganligi har bir insonga jonkuyar boʻlganligi Hazrat Navoiy tashabbusi bilan qurilgan “Ixlosiya” va «Nizomiya» madrasalari, «Shifoiya» tibbiygohi, oʻnlab koʻpriklar, rabotlar qurib bergani, yuz-yuzlab ilm toliblarini moddiy madad, oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan taʼminlab turgani bugungi kunda Davlatimiz rahbari olib borayotgan xalqchil siyosatga hamohang ekanligini koʻrib turibmiz.

«Lison ut-tayr»dagi Simurgʻ timsoli, buyuk “Xamsa”dan tortib, boshqa barcha asarlaridagi dinu diyonat va dunyoviy maqsadlarga uygʻun gumanizm va yuksak axloqni tarannum etuvchi asarlari, «Hayrat ul-abror»dagi inson va yashamoq mohiyatining yuksak falsafiy gʻoyalari, oʻz davridagi dardli muammolarning badiiy yechimlari bizning zamonimiz uchun ham xizmat qilayotgani fikrimizning dalilidir.

Vatan koʻksidagi hikmat Navoiy

Yangrar yurtim uzra tarix sadosi,

Sher mulkining oltin, mumtoz avosi,

Mehru muhabbatning tengsiz vafosi.

Gʻazallar Sultoni hazrat Navoiy,

Vatan koʻksidagi hikmat Navoiy.

Bugun yurtim dunyo ostonasidir.

Koʻnglingiz sheʼriyat koshonasidir,

Har satr soʻz mulkin durdonasidir.

Gʻazallar Sultoni hazrat Navoiy,

Vatan koʻksidagi hikmat Navoiy.

Quyoshday taftingiz oydin tonglarda,

Satrlar nurlanar dilda, onglarda,

Uchinchi RENESSANS kirgan onlarda.

Sizni ulugʻlaymiz Hazrat Navoiy,

Vatan koʻksidagi hikmat Navoiy.

Yillar asrlarga berib turar jon,

Besh yuz sakson yoshda siz xush navqiron,

Muborakbod etar Hur Oʻzbekiston.

Gʻazallar Sultoni Hazrat Navoiy,

Vatan koʻksidagi hikmat Navoiy.

Guliston ANNAQILICHEVA,
“Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasi bosh muharriri,
senator.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?