Uzunlik fermer respublikada birinchi paxta rejasini bajardi

17:39 29 Avgust 2024 Jamiyat
206 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi “Zilola Kamola Omad” fermer xoʻjaligi birinchi terimdanoq mamlakatda birinchi boʻlib paxta topshirish rejasini bajardi.

— Yer maydonimizning 10 gektar qismida paxtaning hosildor navini parvarishladik, — deydi xoʻjalik rahbari Ahmad Abdiyev. — Birinchi terimning oʻzida har gektar yerdan 40 sentnerdan hosil yigʻishtirib olindi. Qabul punktiga rejada belgilangan paxta xomashyosini topshirdik. Paxta maydonlarimizda yigʻim-terim ishlari qizgʻin davom etmoqda.

Bu yil tuman dehqonlari 2 ming 475 gektar yer maydoniga chigit ekkan boʻlib, gʻoʻza parvarishida agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazgani bois, moʻl hosil yetishtirildi. Ayni paytda maydonlarda gʻoʻza toʻliq pishib yetildi.

Joriy yilda viloyat mirishkorlari 72 ming 210 gektar maydonda gʻoʻza parvarishladi. Voha paxtakorlari bu yil oʻrta tolali gʻoʻza navlari bilan birga 3 ming 333 gektarda xorij chigitini ekib, sinovdan oʻtkazmoqda. Shuningdek, 12 ming 37 gektar maydonda mahalliy iqlimga mos, serhosil, tezpishar, kasallik va zararkunandalarga chidamli ingichka tolali paxta yetishtirildi. Paxtakorlar 275 ming tonnaga yaqin xirmon yaratishni maqsad qilishgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер