Uzumchilikda yaxshi tajriba orttirgan oltiariqliklar
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Uzum Oltiariqning oʻziga xos brendi. Har bir dalasi, har bir hovlisida uzumchilik yaxshi rivojlangan. Tumanning 72 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi 40 mingdan ortiq xonadonning deyarli har birida ushbu meva mahsuloti yetishtiriladi.
Ayni paytda tumanda 4,5 gektar yerda 25 navdan ziyod uzumlar parvarishlanib, yiliga oʻrtacha 35-40 ming tonna uzum eksport qilinadi. Hozirda MDH, Osiyo, Yevropa qitʼasi, arab davlatlari, hatto AQSHda ham Oltiariq uzumi xaridorgir boʻlib ulgurgan. Oltiariqlik mirishkorlar davr talabi asosida jahon bozorida xaridorgir yangi navlarni mahalliylashtirish boʻyicha izlanishlar olib bormoqda. Shu maqsadda dunyoning turli qitʼalaridan olib kelingan yangi uzum navlari mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilib, ilmiy-amaliy tajribalar amalga oshirilmoqda.
Tumanda hosilni keyingi mavsumgacha tokda, omborxonalarda sifatli saqlash boʻyicha ham oʻziga xos tajriba shakllangan. Xususan, tumandagi “Koʻlboʻyi” mahalla ahli yillar davomida uzum yetishtirish va uni saqlashning hadisini olgan. Xusanboy Gʻofurov uzumchilar sulolasining beshinchi avlodi. Bu xonadonda qish chillasida ham xuddi yangi uzilgan, bandi koʻm-koʻk holda saqlanayotgan uzumlarni koʻrib havasingiz keladi.
— Xonadonimiz tomorqasida yetishtiriladigan 25 navdagi uzumlarni keyingi yil hosili pishguncha saqlaymiz, — deydi “Mehnatkash dehqon” koʻkrak nishoni sohibi Husanboy Gʻofurov. — Asosan “Kelin barmoq”, “Husayni” navli uzum uzoq va sifatli saqlanadi.
Uzum saqlashning uch xil usuli bor. Birinchisi, uzumni tokdan uzmay, sovuq ob-havodan himoya qilib saqlaymiz. Keyingi maxsus qutilarga joylab, anʼanaviy uy-sharoitida saqlanadi. Eng ommalashgan turi, “bakalashka”, yaʼni plastik idishlarda saqlash hisoblanadi. Keyingi yillarda bu usul ancha ommalashdi. Pishgan uzumni kaltagi bilan kesib, plastik idishdagi suvga solib qoʻyiladi. Natijada uzum uzoq vaqt oʻz taʼmi va koʻrinishini yoʻqotmaydi.
Xonadonda uzum saqlashga moslashgan omborxona mavjud. Omborda 500 kilogrammdan 2,5 tonnagacha uzum saqlash imkoniyati bor. Uzumchi bogʻboning aytishicha, tomorqada xorijdan keltirilgan “Avatar”, “Aliveka” kabi mahalliy iqlim sharoitiga mos serhosil, eksportbop urugʻsiz uzum navlarini yetishtirish borasida tajribalar olib borilmoqda.
Tuman mahallalarida uzumchilik yoʻnalishida agroturizm anʼanalari rivojlanib, oʻtgan yildan Oltiariqda uzum festivali oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Uzum yetishtirish, saqlash borasidagi tajribalar bilan yaqindan tanishish, tajriba almashish istagida boʻlgan xorijlik va mahalliy sayyohlar safi tobora koʻpaymoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring