UzIMEI haqida: oʻynab gapirsang ham, oʻylab gapir! — deputat

17:34 12 Iyul 2021 Jamiyat
1858 0

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda UzIMEI tizimiga nisbatan eʼtirozlar, bunga parlamentning “tishsiz” munosabati va shu kabi turli postlar paydo boʻldi. Tanqid qilish yoki eʼtiroz bildirishga albatta haqqimiz bor, bu oson ham. Lekin masalaga chuqurroq kirishsak, koʻp savollarga oʻz-oʻzidan javob topilgan boʻlardi?

Mutaxassis sifatida shularni aniq ayta olaman. Mobil aloqaning rivojlanishi zamonaviy servis xizmatlarini joriy etish va interaktiv davlat xizmatlari hamda elektron tijoratdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hisobiga amalga oshadi. Qolaversa, xalqaro standartlarga mos mobil telefonlar va aloqa qurilmalarini keng ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash ham bizda davlat siyosati darajasidagi masalaga aylangan.

Sohani tushungan odam sifatida muammolar guvohiman. Koʻpchilik qatori oʻzimdayam savol tugʻilar edi: “Odamlar ishlatayotgan mobil qurilmalarning sifati, texnik kafolati, xavfsizligi va ularning ichida joylashtirilgan dasturlarga kafolat bormi?” Yoʻq!

Achinarlisi, yaqin yillargacha bu hech kimni qiziqtirmadi va muammoning yechimi ham nazardan chetda qolib kelmoqda. Uyali uskunalarning sifati va xavfsizligiga kafolat beradigan bozorni shakllantirish vaqti esa allaqachon eshik qoqib turibdi. Aniqrogʻi, 2019-yil noyabr oyigacha respublikamizga olib kirilgan smartfonlaru, boshqa mobil qurilmalar aksariyati ushbu yoʻnalishdagi biznes sifatida hufyona iqtisodiyotning bir yoʻnalishi hisoblangan. Erkin savdoda boʻlgan bu kabi ashyolarning deyarli 87 foizi davlat hududiga yashirin ravishda olib kirilgan.

Aslida, bunday qurilmalar millionlab boʻlsada, oʻsha davrgacha rasman “respublika boʻyicha yiliga 50-60 mingta telefonlar olib kirilmoqda”, degan hisobot yuritilar edi.

Mobil qurilmalar kundalik hayotimiz, ayniqsa, pandemiya davrida turmush tarzimizning ajralmas hamrohiga aylandi. Endi, odamlar oʻz elektron hamyoni xavfsizligini kafolatlanmagan mobil qurilmaga qanday qilib ishonib topshirishi mumkin? Bu ham mayli, birinchi oʻrinda qimmat telefonni arzonroq sotib olish muammosi turadi. Bunaqa vaziyatda nosogʻlom raqobat tarafdorlari boʻlgan noqonuniy telefonlarni olib kiruvchi shaxslar foydalanib qoladi. Albatta, bunday “yogʻli bozor”ni birov oʻz-oʻzidan berib qoʻygisi kelarmidi...? Balki, har xil qarashlar va eʼtirozlarni, aslida, ularning oʻzlari oʻylab topib, ilgari surishayotgandek tuyulyapti desam, hayron boʻlmassiz.

Aslida, UzIMEI tizimini joriy qilish negizida xalqimizga sifati va xavfsizligi kafolatlangan mobil qurilmalar yetib kelishi maqsad qilingan. Bunda quyidagi aniq javoblar bilan isbotlash mumkin:

1. Isteʼmolchilar uchun sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyati yaratildi, sifati kafolatlangan, xalqaro talablarga javob beradigan mahsulot kirib kelmoqda. Xalqaro GSM talabi boʻyicha standartlarga javob bermagan qurilmalar roʻyxatdan oʻtkazilmayapti.

2. Ichki bozorda kontrafakt mahsulotlar aylanishi cheklanmoqda, telekommunikatsiya bozorida sogʻlom raqobat muhiti shakllanmoqda.

3. Mobil aloqa qurilmalarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalarning vakolatxonalari ochilmoqda. Bular kafolatlangan sogʻlom raqobat muhiti bor boʻlsagina vakolatxona ochishadi. Bugungi kunga qadar bunday sogʻlom muhit boʻlmagan.

4. Rasmiy olib kirilgan qurilmalarni savdo majmualari xaridorlarga muddatli toʻlov yoki kredit asosida sotmoqda. Bunday xizmat norasmiy olib kirilgan qurilmalarga koʻrsatilmaydi.

5. Xalqaro standartlarga mos mobil telefonlar va mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni mahalliy tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarishni kengaytirish qoʻllab-quvvatlanmoqda.

6. Tizimning joriy etilishi fuqarolarimiz xavfsizligini taʼminlashga zamin yaratadi. Yaʼni, bu nafaqat mobil qurilmalarni oʻgʻrilash bilan bogʻliq jinoyatlarni kamaytirmoqda, balki davlat va ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlab beruvchi choralarining samaradorligini oshirdi. Qolaversa, mazkur tizim bozordagi shaffofligini yana-da oshirib, qalbaki mahsulotlarni respublika hududiga olib kelish hajmini kamaytirdi.

Endi, masalani toʻliq oʻrganmasdan va bir tomonlama fikrlarga ishonib “ushbu toʻlovlarni isteʼmolchi toʻlaydi” degan notoʻgʻri tushunchalar haqida ikki ogʻiz.

Aslida, Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kelinadigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida” 2019-yil 17-sentyabrdagi qarorida aniq qilib yozib qoʻyilgan, yaʼni mobil qurilmani importyor respublika hududiga olib kirgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan beriladigan davlat bojxona deklaratsiyasi asosida IMEI-kodlari roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan import qilingan mobil qurilmalarning eSim IMEI-kodlari sotuvga chiqargunga qadar roʻyxatdan oʻtkazilishi va shundan soʻng isteʼmolchiga yetib borishi taʼminlanmoqda. Yaʼni, oddiy soʻz bilan aytganda isteʼmolchi hech qanday toʻlov amalga oshirmayapti, Sim slotga ham eSimga ham. Isteʼmolchi mobil qurilmani respublika hududida sotib olgandan soʻng, uni IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun toʻlov amalga oshirilishi nazarda tutilmagan.

Hanuzgacha ayrim fuqarolarning (asosan chetga chiqib kelgan) pasport maʼlumotlaridan noqonuniy ravishda foydalanib, respublika hududiga noqonuniy (kontrabanda) yoʻllar bilan olib kirilgan mobil qurilmalarni on-layn ravishda (rasmiy saytdan, SMS yoki USSD kod orqali) roʻyxatdan oʻtkazishmoqda. Bunday tartibda oʻtkazishda, pasportni haqiqiy egasi yoki begona shaxs tomonidan harakat amalga oshirilayotganligi tizimga nomaʼlum boʻladi. Biroq on-layn xizmatini ham oʻchirib boʻlmaydi. Bunday holat yuzaga kelishi faqatgina soxta tadbirkorlarning vijdoniga havola.

Baxtiyor MANIYAZOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?