“Urgut” EIZdan 41,9 million AQSH dollarlik mahsulot eksport qilindi

12:15 07 Oktyabr 2021 Jamiyat
234 0

Foto: Abdulaziz Yo'ldoshev / Xalq so'zi

Samarqand viloyatidagi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar tomonidan shu yilning toʻqqiz oyida 1 trillion 332,3 milliard soʻmlik sanoat tovarlari ishlab chiqarilib, 41,9 million AQSH dollarlik kimyo, oziq-ovqat va toʻqimachilik mahsulotlari Xitoy, Rossiya, Turkiya, Tojikiston, Qirgʻiziston, Eron kabi davlatlarga eksport qilindi.

Ushbu EIZda faoliyat koʻrsatib kelayotgan “Sam Negin” korxonasida yiliga 4-4,5 ming tonna ikkilamchi polietilen idishlarni qayta ishlash evaziga import oʻrnini bosuvchi 2 ming 400 metr kvadrat notoʻqima materiallar, 5 ming tonna konjugeyt tolasi, 4 ming 800 kvadrat metr sintepon tayyorlanmoqda. Janubiy Koreya, Xitoy va Turkiyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar yordamida respublikamizning turli hududlaridan yigʻib keltirilgan ikkilamchi yelim idishlar korxona sexlarida saralanadi, yuvilib, soʻngra zarur haroratda quritilgach, eritilgan holda sunʼiy tola shakliga keltiriladi. Tayyor tolalarga texnik ishlov berilganidan soʻng presslanadi hamda kerakli oʻlchamda qadoqlanadi.

Shu tariqa aholi tomonidan chiqindiga tashlangan polietilen idishlarni qayta ishlash evaziga eksportbop, sanoat korxonalari uchun oʻta zarur boʻlgan tayyor xom ashyo ishlab chiqarilmoqda. Charm-poyabzal, avtomobil sanoati uchun suv va havodek zarur boʻlgan ushbu xom ashyolar oldin chetdan katta valyutalar hisobiga mamlakatimizga keltirilganini hisobga olsak, mazkur korxonaning oʻrni va ahamiyati nechogʻli muhim ekani ayon boʻladi.

2017-yili biz yangi loyihamiz bilan “Urgut erkin iqtisodiy zonasi” ishtirokchisiga aylandik va korxona tashkil etib, 245 ta ish oʻrnini yaratdik, - deydi korxona rahbari Abdurashid Tursunov. Hozirda esa korxonamizda 530 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Mahsulotlarimizning katta qismi esa eksportga chiqariladi. Bundan tashqari mahalliy ishlab chiqaruvchilardan ham buyurtmalarimiz bor. Yil oxiriga qadar yana ish oʻrinlarini koʻpaytirishni rejalashtirganmiz.

Dastlab faoliyatini ijaraga joy olib, 2-3 nafar ishchi bilan boshlagan “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasida ham bugungi kunga kelib ellikka yaqin kishi bandligi taʼminlangan. Bu yerda ilgʻor texnologiya yordamida “Urgutini” va “USS” brendi ostida bolalar, oʻsmirlar va erkaklar uchun 200 turdan ortiq koʻylaklar ishlab chiqarilmoqda. Oʻtgan yili korxonada 10,2 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlangan va 100 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan edi. Bu yil esa ishlab chiqarishni 20 milliard soʻmga yetkazish va eksportni ikki barobarga oshirish koʻzda tutilgan.

– Mahsulotlar assortimetini koʻpaytirish va sifatini oshirish maqsadida turkiyalik dizaynerni jalb etdik, - deydi korxona bosh direktori Majidxon Islomov. Istiqbolda oilaviy korxonani kengaytirish va tolani qayta ishlashdan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan yaxlit tizimni yoʻlga qoʻyishni niyat qilganmiz.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?