“Umrim agar bogʻ boʻlsa, siz bogʻbonisiz, elim...”

17:18 04 Iyun 2024 Madaniyat
388 0

Bir umr ana shunday otashin hislar olovidan harorat olib, xalq dardiyu tashvishida yashagan, sheʼrlar, gʻazallar bitgan ulugʻ shoir Erkin Vohidov bugun oramizda emas, ammo uning nomi, yozganlari yuragimizda barhayot qolajakdir.

Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov xotirasiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy tadbir hamda uning tarjimasidagi “Faust” asarining yangi nashri va shoirning yaqinda Ozarbayjonda ozar tilida chop etilgan “Soʻz latofati” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos olimlar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Erta tongdan ishtirokchilar shoir mangu qoʻnim topgan Farobiy qabristonini ziyorat qilishdi. Soʻngra Adiblar xiyobonidagi ijodkor haykali poyiga gullar qoʻyishdi.

Tadbir kunning ikkinchi yarmida Yozuvchilar uyushmasi katta zalidagi kitoblar taqdimoti bilan davom etdi. Unda shoir-yozuvchilar, adabiyotshunoslar hamda shoirning yaqinlari soʻzga chiqib, uning ijod va hayot yoʻli, sheʼriyat dunyosida erishgan yutuqlari haqida soʻz yuritishdi, shoir bilan bogʻliq xotiralarini esga olishdi.

— Yaqinda “Soʻz latofati”ning toʻldirilgan va qayta ishlangan uchinchi nashri chiqdi, — dedi Xurshid Vohidov. — Unga otamning ona tilimiz haqida turli yillarda yozgan risolalari, matbuotdagi chiqishlari ham kiritildi. Asar yangi boblar bilan boyitildi. Ushbu kitob Boku shahrida ozarbayjon tilida chop etildi va u yerdagi taqdimotda ham qatnashdik. Yaqinda Gyotening Erkin Vohidov tarjimasidagi “Faust” asari ham qayta nashr etildi va koʻplab jahon adabiyoti muxlislarini sevintirdi, desak, yanglishmaymiz. Davlatimiz rahbarining adabiy islohotlarga qaratayotgan eʼtibori va otamning ijodiga boʻlgan eʼtirofidan minnatdormiz.

Tadbir davomida shoir sheʼrlari, gʻazallari oʻqildi. Qisqacha aytganda, xotira kechasi haqiqiy maʼnodagi adabiyot bayramiga aylandi, qatnashchilar qalbiga oʻzgacha zavqu shavq bagʻishladi.

Shahnoza TURSUNALIYEVA,

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер