Umidsiz dil jahonda kam yaralgan

Odam qachon baxtli boʻladi?
Oilasi, farzandlari hayoti, taqdiridan koʻngli xotirjam boʻlsa, albatta.
Fargʻona viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Fargʻona davlat universitetida tashkil etilgan “Bolajon” innovatsiya markazida boʻlib, oilali talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Ayni paytda universitetda 6 mingdan ziyod xotin-qizlar oʻqiydi. Ularning salkam ming nafari oilali, talaba-onalarning 700 nafardan ortigʻi bogʻcha yoshidagi bolalarni tarbiyalamoqda.
— Oila masʼuliyati va talabalikni bir maromda ushlash oson emas,-dedi Tanzila Norboyeva. – Shu bois baʼzi talaba qizlarimiz bu borada juda qiynalishadi. Markazdagi qulayliklar esa yosh onalarimiz mukammal bilim egallashi, kelajagimiz vorislari intellektual jihatdan salohiyatli boʻlib tarbiyalanishida juda qoʻl keladi.
Senat raisi taʼlim dargohida tashkil etilgan Gender tenglik va gender tadqiqotlar markazi faoliyati bilan ham tanishib, ilmiy izlanishlar olib borayotgan talabalar, professor-oʻqituvchilar bilan suhbatlashdi. Markazda mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlari, xorijdagi 15 dan ortiq nufuzli taʼlim muassasalari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Eng dolzarb mavzuda ilmiy seminarlar, onlayn muloqotlar oʻtkazib kelinmoqda.
— Hozirgi kunda oʻnlab talaba qizlarimiz dolzarb mavzularda ilmiy ishlar olib boryapti, xalqaro nufuzli anjumanlarda ishtirok etayotgan olima ayollarimiz safi tobora kengaymoqda,-deydi FarDU professori Turgʻunoy Egamberdiyeva. – Bir necha oʻqituvchilarimiz yaqin kunlarda ilmiy ishlarini yoqlash arafasida turibdi.
Oltiariq tumanining Boʻrboliq qishlogʻi adirlaridagi qarovsiz yerlar yaqin-yaqingacha ham «odam yursa oyogʻi, qush uchsa qanoti kuyadi», degan taʼrifga mos edi. 2019-yili shu qishloqda yashovchi, bir necha yillar Toshkent shahridagi issiqxonalarda yollanma ishchi boʻlib yurgan Mavsumjon Umarov tashabbusi bilan «Mavsum agro logistika» yoshlar kooperatsiyasi tashkil etildi. Ayni kunda suvsiz, tosh-shagʻaldan iborat 70 gektar issiqxonada uchinchi sektor tashabbusi bilan 7 ta tik quduq qazildi, tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etildi.
Tanzila Norboyeva kooperatsiya aʼzosi sifatida issiqxonada mehnat qilayotgan oʻnlab yoshlar bilan suhbatlashdi. Ularning aksariyati xorijda sarson-sargardon yurgan, ishsizligidan oilasi tirikchiligiga bakor kelmayotgan navqiron yigit-qizlar edi.
— “Zilol”, “Gulobod”, “Shalola” MFYlarida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 1441 nafar yoshning 400 nafari ish bilan taʼminlandi,-deydi Oltiariq tumani IIB boshligʻi, 3-sektor rahbari Murodjon Qunduzov. – Boʻrboliq qishlogʻining foydalanishdan chiqib ketgan dasht yerlarini oʻzlashtirish borasida ishlar tobora keng quloch yozmoqda. Bu yerda viloyat hokimining tashabbusi bilan umumiy qiymati 8 milliard soʻm boʻlgan loyiha amalga oshirilyapti. Yangi loyiha tosh-shagʻaldan iborat 1,5 ming gektar yerga suv chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.
Oltiariqning asriy qum-barxanlari qoʻynida ungan gul – Fargʻona, Oʻzbekiston lolasi. Toʻrt faslda ham shamol och boʻridek uvillab koʻzingizni ochirmaydigan, yovvoyi hayvonlar makon tutgan dala-dashtlarni bugungi fayzu tarovati bunyodkori Lolaxon Murotovaning bogʻ-shiyponidagi maroqli suhbat. Senat raisi, Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva “Nurli obod” fermer xoʻjaligi rahbari, Oʻzbekiston Qahramoni Lolaxon Murotova boshchiligida tashkil etilgan “Yosh fermerlar maktabi” aʼzosi boʻlgan qizlar bilan dildan suhbatlashdi.
— Lolaxon Murotova tom maʼnoda dehqonchilik ilmi professori, mehnatkash, oqila oʻzbek ayolining yorqin timsoli,-dedi Tanzila Norboyeva. – Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, Fargʻona vodiysi deganda koʻz oʻngimizda, eng avvalo, hamisha yer bilan tillashadigan, dillashadigan Lolaxon opa gavdalanadi. Ishonamanki, yosh fermerlar maktabi tajribasi butun mamlakatimiz miqyosida ibrat namunasi boʻladi.
Fermerlikka qiziqayotgan oltiariqlik maktab bitiruvchilari Zarifa Siddiqova, Gulsanam Mamaroʻziyeva kabi oʻnlab yoshlarning savollariga javob tariqasida Lolaxon opa bunday hurmat-eʼtiborga erishish oson boʻlmaganini taʼkidladi.
— Dastlab kelganimda yerning ayanchli ahvolini koʻrib, endi Qoʻqon shamoliga qoʻshilib uchib ketishimni tasavvur qilib rosa yigʻlaganman,-deya xotirlaydi mashhur fermer. – Chunki mengacha 17 nafar brigadir dehqonchilik qilishga koʻzi yetmay, qochib qolgan ekan. Dastlab tuman, viloyat rahbarlariga yigʻlab, suv nasosi tushirganmiz. Suv nasosi mening nomimga “Lola” deb nomlangani uchun boʻynimga ayb qoʻyish maqsadida “Oʻzbeklar ishi” boʻyicha Gdlyan va Ivanov oylar davomida soʻroq qilishgan.
Fayzli dala shiyponidagi uchrashuv shukuhi barchada unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring