Ukraina Rossiyaning 41 ta harbiy samolyotini yoʻq qildi — OAV

Illyustrativ foto
Ukraina xavfsizlik xizmati Rossiya — Ukraina chegarasidan uzoqda joylashgan bir qancha viloyatlardagi rus aerodromlariga hujum uyushtirgan. Bu haqda “Ukrainskaya pravda”, “Babel”, “RBK-Ukraina” va boshqa nashrlar maxsus xizmatlardagi manbalarga tayangan holda xabar bermoqda.
Manbalariga koʻra, “Oʻrgimchak toʻri” deb nomlangan ushbu operatsiyani Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyuk shaxsan boshqargan. Hujum natijasida 40 dan ortiq rus samolyotlari, jumladan, “A-50”, “Tu-95” va “Tu-22 M3”lar zarar koʻrgan. Taʼkidlanishicha, ushbu hujum oqibatida Rossiya armiyasi taxminan ikki milliard dollar zarar koʻrgan.
Ukraina ommaviy axborot vositalarining yozishicha, kamida toʻrtta aerodromga hujum qilingan. Ular Ryazan viloyatidagi Dyagilevo, Murmansk viloyatidagi Olenya, Irkutsk viloyatidagi Belaya va Ivanovo viloyatidagi Ivanovo aerodromlaridir.
Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev dron hujumi haqidagi maʼlumotni tasdiqlab, bu urush boshlanganidan beri Sibir hududiga birinchi zarba ekanligini taʼkidladi. Uning nishoni Sredniy qishlogʻidagi harbiy qism ekanini va tinch aholining hayoti va sogʻligʻiga hech qanday tahdid yoʻqligini rasman bildirdi.
Murmansk viloyati gubernatori Andrey Chibis ham hududga dron hujumi sodir etilganini tasdiqladi. Biroq uning nishoni nima ekanligini aniq aytmagan. Ryazan viloyati gubernatori Pavel Malkov faqat dron hujumi bilan bogʻliq voqea faktini maʼlum qildi. Biroq uning soʻzlariga koʻra, faqat xususiy uylardan birining tomi shikastlangan.
“Baza” va “Mash” Telegram kanallari Murmansk va Irkutsk viloyatlaridagi dronlar yaqin atrofdagi avtomagistrallarda turgan yuk mashinalaridan havoga koʻtarilganini xabar qildi. Murmansk viloyatida yuk mashinasi haydovchisi qoʻlga olindi, deb yozadi “Baza”. Manbaning yozishicha, ehtimol haydovchi oʻz mashinasida nima borligini bilmagan.
Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev dron haqiqatan ham yuk mashinasidan uchganini tasdiqladi. “Dronlar uchirilgan manba allaqachon bloklangan. Bu yuk mashinasi. Asosiysi vahima qilmaslik kerak”, dedi u.
Urush tarafdori boʻlgan “Ribar” Telegram kanali hujum natijasida Rossiya armiyasi bir nechta “Tu-95M” samolyotlarini yoʻqotgani haqida xabar berdi.
“Avval aytib oʻtganimizdek, “Tu-95” va “Tu-22” strategik aviatsiya samolyotlari uzoq vaqtdan beri ishlab chiqarilmaydi va ularni qayta tiklash uchun hech narsa yoʻq. Shunga koʻra, bu yoʻqotishlarni tiklash mumkin emas. Bu, shubhasiz, strategik tarkibiy qismga juda jiddiy zarar, ham maxsus xizmatlar ishidagi jiddiy notoʻgʻri hisob-kitoblar, ham barcha hujumlardan keyin ham ochiq maydonda yashirilmay qoldirilgan havo kemalariga beparvo munosabatdir.”, deb yozadi “Ribar”.
Oʻz navbatida, “Fighterbomber” kanali ushbu voqeaga izoh berarkan, hujumni Rossiya aviatsiyasi uchun “qora kun” deb nomladi va bu kun hali tugamasligini yozdi.
Ukraina ommaviy axborot vositalari manbalariga koʻra, Ukraina xavfsizlik xizmati “Oʻrgimchak toʻri” maxsus operatsiyasini bir yarim yildan koʻproq vaqt davomida tayyorlagan. Tayyorgarlikni prezident Vladimir Zelenskiy shaxsan nazorat qilgan.
Operatsiya logistika nuqtayi nazaridan juda murakkab deb ataladi. Dastlab Rossiyaga FPV dronlari, keyin esa mobil yogʻoch qutilar olib kelingan. Ularning ichiga dronlar yashirilgan, shundan soʻng ular yuk mashinalariga joylashtirilgan. Kerakli vaqtda dronlar masofadan ishga tushirilgan. Ukraina maxsus xizmatidagi manbalarning aytishicha, ushbu maxsus operatsiya ishtirokchilari allaqachon Ukrainaga qaytib kelgan. Operatsiya davomida jami 41 ta Rossiya strategik aviatsiya samolyoti urib tushirilgan.
Kiyev bu operatsiyaga rasman izoh bermadi. Ukraina rasmiysining “Axios” nashriga aytishicha, Kiyev AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyatini Rossiya aerodromlariga hujum haqida oldindan ogohlantirmagan.
Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi muzokaralarning yangi bosqichi shu yilning 2-iyun kuni Istanbulda oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Taxminlarga koʻra, tomonlar har ikki tomon oʻt ochishni toʻxtatish shartlarini oʻz ichiga olgan memorandumlarni almashadilar.
Manbalarga koʻra, “Oʻrgimchak turi” maxsus operatsiyasi doirasida Ukraina xavfsizlik xizmati Amur viloyatidagi harbiy aviabazasiga ham hujum qilishni rejalashtirgan, ammo bu hujum muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Nashr bunday xulosaga Vasiliy Malyukning operatsiya diagrammasi bilan suratini oʻrganib chiqib kelgan.
“Ostorojno, novosti” Telegram kanali guvohlarga tayanib, Amur viloyatida, Seryshevo qishlogʻi va “Ukrainka” aerodromi yaqinida bugun trassada yuk mashinasi yonib ketgani, taxminlarga koʻra, unda Ukraina uchuvchisiz uchoqlari boʻlishi mumkinligi haqida yozdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina dronlarining Rossiya aerodromlariga hujum qilganini tasdiqladi. Harbiy departament bayonotiga koʻra, Murmansk, Irkutsk, Ivanovo, Ryazan va Amur viloyatlaridagi beshta aerodromga hujum qilingan. “Ivanovo, Ryazan va Amur viloyatlaridagi harbiy aerodromlarda barcha teraktlar qaytarildi. Murmansk va Irkutsk viloyatlarida aerodromlar yaqinida joylashgan hududdan FPV dronlarining uchirilishi natijasida bir nechta samolyotlar yonib ketdi”, — deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida.
Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, dronlar hujumi natijasida harbiy xizmatchilar va tinch aholi vakillari orasida qurbonlar boʻlmagan. Barcha yongʻinlar oʻchirilgan. Qayd etilishicha, terrorchilik hujumlarining ayrim ishtirokchilari qoʻlga olingan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring