Ukraina oʻt ochishni toʻxtatishga rozi. Endi urush tugaydimi?

Arxiv foto
Ukraina va AQSH delegatsiyalari Saudiya Arabistonining Jidda shahrida muzokaralarni oʻtkazdi. 11-mart kuni tushda boshlangan muloqot sakkiz soatdan koʻproq davom etdi. Unda Ukraina delegatsiyasiga prezident devoni rahbari Andriy Yermak va AQSH delegatsiyasiga esa Davlat kotibi Marko Rubio boshchilik qildi. Muzokaralarning asosiy natijasi Ukrainaning AQSHning 30 kunlik vaqtinchalik oʻt ochishni toʻxtatish rejimini joriy etish boʻyicha taklifini qabul qilishga roziligi boʻldi. Bu muddat mojaro tomonlarining oʻzaro kelishuvi bilan uzaytirilishi mumkin. Bunga javoban AQSH razvedka maʼlumotlarini almashishdagi tanaffusni bekor qiladi va Ukrainaga harbiy yordamni zudlik bilan tiklaydi. Bundan tashqari, tomonlar mineral resurslar boʻyicha kelishuvga erishdilar. Donald Tramp yaqin orada Vladimir Putinga qoʻngʻiroq qilishi kutilmoqda.
Kiyevga yordam
AQSH shu yilning 28-fevral kuni Vladimir Zelenskiyning prezident Donald Tramp bilan munozarasidan keyin toʻxtatilgan Ukrainaga yordamni qayta tiklamoqda.
“Tanaffus bekor qilindi”, – dedi AQSHning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Maykl Vals muzokaralaridan soʻng.
Vashington ham razvedka maʼlumotlarini almashishni davom ettiradi.
Resurs shartnomasi
Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtgan uchrashuvda AQSH va Ukraina Ukraina mineral xomashyolarini oʻzlashtirish boʻyicha keng qamrovli bitim tuzishga ham kelishib oldi. Bitim moliya vazirliklari darajasida kelishib olindi.
“Ikkala davlat prezidentlari Ukraina iqtisodiyotini mustahkamlash hamda Ukrainaning uzoq muddatli farovonligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida Ukrainaning muhim mineral resurslarini oʻzlashtirish boʻyicha keng qamrovli kelishuvni imkon qadar tezroq tuzishga kelishib oldilar”, deyiladi uchrashuv yakunlari boʻyicha qoʻshma bayonot matnida.
Oʻt ochishni toʻxtatish
Valsning soʻzlariga koʻra, Ukraina tomoni bugun tinchlikka tayyorligini namoyish etdi, endi Rossiyadan oʻt ochishni toʻxtatish uchun rozilik olish kerak. Ukraina delegatsiyasi mojaroga barham berish uchun “aniq qadamlar va takliflar”ni taqdim etdi.
“Ular aniq qadamlar va aniq takliflarni qabul qilishdi, toʻliq oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi taklifimizni qabul qilishdi, buni koʻrib turibsiz, buning tafsilotlari biz birgalikda eʼlon qilgan qoʻshma bayonotimizda keltirilgan. Biz bu urush oxir-oqibat qanday yakunlanishi haqida batafsil maʼlumot berdik”, dedi Vals jurnalistlarga.
Muzokaralar yakunida Zelenskiy oʻzining “Telegram”dagi kanalida AQSH tomoni “Ukrainaning dalillarini tushunishi va uning takliflarini qabul qilishini” aytdi.
Ukraina prezidenti, shuningdek, Trampga “muloqotning konstruktiv xarakteri” uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Ukraina AQSHning vaqtinchalik oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisida taklifini qabul qiladi, biz buni ijobiy deb hisoblaymiz, biz bu qadamni qoʻyishga tayyormiz. AQSH Rossiyani bunga ishontirishi kerak. Ukraina tinchlikka tayyor”, – deya taʼkidladi Ukraina rahbari.
“Toʻp Rossiya tomonida”
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, Jiddadagi muzokaralardan soʻng matbuotga bergan bayonotida, tinchlik masalasidagi toʻp hozir Rossiya tomonida ekanligini taʼkidladi.
“Ukraina ijobiy qadam tashladi. Umid qilamizki, ruslar bunga javob berishadi. Bu biz kutishimiz mumkin boʻlgan eng yaxshi xayrixohlik ishorasidir”, dedi u.
Vals, oʻz navbatida, yaqin kunlarda AQSH Rossiya vakillari bilan muzokaralar oʻtkazishini qoʻshimcha qildi.
“Yaqin kunlarda Rossiyadagi hamkasbim bilan gaplashaman”, dedi u jurnalistlarga.
Rubio Vashington Moskvadan “imkon qadar tezroq” ijobiy javob kutishini taʼkidladi.
“Prezident Tramp tinchlikni xohlashini ochiq aytdi. Shu bois uni tezroq koʻrishni istaymiz. Umid qilamizki, Rossiya imkon qadar tezroq «ha” deb javob beradi, shunda biz ikkinchi bosqichga – haqiqiy muzokaralarga oʻtishimiz mumkin», – dedi u.
Unga koʻra, Ukrainadagi mojaroni harbiy yoʻl bilan hal qilib boʻlmaydi.
“Bu mojaroning harbiy yechimi yoʻq, urushni tugatish, prezident maqsadiga erishish yoʻli – muzokaralar orqali. Ammo bu sodir boʻlishidan oldin biz bir-birimizga oʻq uzishni toʻxtatishimiz kerak”, – dedi Rubio.
“Biz ruslar bilan uchrashamiz”
Donald Tramp yaqin kunlarda Ukraina boʻyicha Rossiya – AQSH uchrashuvlari oʻtkazilishini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Reuters”.
“Umid qilamanki, prezident Vladimir Putin oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻladi. Va nihoyat, har hafta 3 ming askar halok boʻladigan bu dahshatli urushni tugatamiz. Bugun yoki ertaga ruslar bilan uchrashamiz”, – dedi Oq uy rahbari.
Tramp ushbu haftada Putin bilan vaziyatni muhokama qilishi mumkinligini qoʻshimcha qildi.
“Umid qilamanki, u ham rozi boʻladi va bu yoʻlning 75 foizini tashkil qiladi”, – dedi siyosatchi.
Shuningdek, u “ertaga Rossiya bilan katta uchrashuv oʻtkazilishini” maʼlum qildi, deb yozdi “Bloomberg”. Bundan tashqari, Tramp yaqin kunlarda oʻt ochishni toʻliq toʻxtatishga umid bildirdi.
AQSH prezidenti Zelenskiyni yana Oq uyga taklif qilishini tan oldi.
“Albatta, shubhasiz”, – deb javob berdi u jurnalistlarning “Oval kabinetdagi munozaradan keyin Zelenskiyni Vashingtonda koʻrishni xohlaysizmi?”, degan savoliga.
Yevropa Ittifoqi reaksiyasi
Yevropa Ittifoqi Vashington va Kiyev oʻrtasidagi Jiddadagi muzokaralarni, jumladan, oʻt ochishni toʻxtatish va yordamni qayta tiklash taklifini olqishladi. Ushbu fikrlarni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen aytib oʻtdi.
“Bu Ukraina uchun keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlik sari qadam boʻlishi mumkin boʻlgan ijobiy oʻzgarishlar. Endi toʻp Rossiya tomonida”, – dedi u.
Lyayenning qoʻshimcha qilishicha, Yevropa Ittifoqi yaqinlashib kelayotgan tinchlik muzokaralarida oʻzining toʻliq rolini oʻynashga tayyor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring