Uy-issiqxona xarajati 8-10 yilda qoplanadi

Foto: Xalq so‘zi
Kechagi turmush bugungisiga oʻxshamaydi. Zero, hayot daryodek toʻlib- toshib oqmoqda. Bu daryo toʻxtamaydi. Ana shuni hisobga olgan Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligidagi “Bukhara-Varnet” masʼuliyati cheklangan jamiyati issiqxona xoʻjaligi sohasida hayratomuz ishlarni amalga oshirmoqda. «Buxoro – agro» erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan korxona yangi, jozibador loyihalari bilan eʼtiborni tortayapti. Aynan shu narsa Buxoro viloyati hokimi B. Zaripovni ushbu korxona faoliyati bilan yaqindan tanishishga undadi.
Dastavval, “Bukhara-Varnet” haqida. Prezidentimizning 2018-yilning 10-iyulidagi qarori bilan «Buxoro-agro» erkin iqtisodiy zonasi barpo etilgan edi. Qarorga muvofiq, iqtisodiy zona uchun ajratilgan uch ming gektar maydonda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish nazarda tutilgan. Tabiiyki, bunda xorijiy investitsiya jalb etish maqsadi ham bor. Shu niyatda sarmoyadorlar uchun zarur shart–sharoitlar yaratilgan. “Bukhara-Varnet” shu iqtisodiy zonada tashkil topgan qaldirgʻoch korxonalardan. Bu yerda gidroponika usulida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilib, ular xorijga eksport qilinmoqda. Masalan, korxona tomonidan 2021-yilda 1 million AQSH dollariga teng mahsulot chet ellik buyurtmachilarga yetkazildi.
Issiqxonaning tajriba-sinov uchastkalari, koʻchatxona xoʻjaligi, laboratoriya tizimi, turdosh korxonalar uchun metall konstruksiyalar ishlab chiqarish sexi haqida uzoq toʻxtalish mumkin. Koʻp tarmoqli yaxlit majmuaga aylanayotgan “Bukhara-Varnet” mijozlarga yana bir foydali taklifni oʻrtaga tashladi. Bu yerda 13 sotixli beshta ikki qavatli uy-issiqxona namunalari qurildi. Shuning 3 sotigʻi uy, 10 sotixi esa issiqxonadan iborat. Bu uy-issiqxonalarda bir paytning oʻzida baliq, banan va sitrus mevalar yetishtirish mumkin. Hovli qismida esa mevali daraxt va gullar oʻtqazilgan. Uy-issiqxonalar quyosh energiyasi bilan taʼminlangan, ekin tomchilatib sugʻoriladi. Korxona uy-issiqxona egasini koʻchatlar va mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlaydi, agronom xizmati koʻrsatadi. Yetishtirilgan mahsulotni buyurtmachi sifatida korxonaning oʻzi sotib oladi. Korxona xonadonga oyiga 4 million soʻm miqdorida maosh ham toʻlab boradi.Uy-issiqxona xarajatlari esa 8-10 yil ichida qoplanishi hisob- kitob qilingan.
Eʼtiborlisi, yashash uchun qulay, uydan chiqmay turib ishlash imkoni yaratilgan shunday uy-issiqxonalarni viloyatning barcha tumanlarida barpo etish koʻzda tutilgan. Bu esa koʻplab fuqarolarning bandligini taʼminlash, roʻzgʻoriga qut-baraka kiritish, bozorni yanada toʻkin etishga yoʻl ochadi. “Bukhara-Varnet” faoliyati bilan atroflicha tanishgan viloyat hokimi ana shuni taʼkidlagan holda tashabbus har tomonlama qoʻllab – quvvatlanishini bildirdi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring