Uy bekalari tadbirkorga aylanmoqda

Oʻzbek oilalarida azaldan xotin-qizlar hunarmandchilik bilan shugʻullanib kelgan. Urchuqda yigirgan iplari, oʻrmakda toʻqigan gilamlarining shakllarini zamonaviy toʻquv sexlarida ham yaratish qiyin. Ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan bunday xonaki tadbirkorlikka chevarlik, pazandalik va boshqa koʻplab yoʻnalishlar kiradi.
Prezidentimizning “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Sirdaryo tumanida ayollar oʻrtasida onlayn soʻrovnoma oʻtkazdik. Ishsiz xotin-qizlarni aniqlab, ularning bandligini taʼminlash maqsadida aniq dastur ishlab chiqildi. Soʻrovnoma boʻyicha shakllantirilgan roʻyxatdagi opa-singillarimiz doimiy ish oʻriniga ega boʻlishi uchun 19 turdagi kasblarga oʻqitish, subsidiya va kreditlar asosida oʻzini-oʻzi band qilish orqali bandligini taʼminlanishi belgilandi.
Maʼlumki, xotin-qizlarimizning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan uch yillik imtiyozli davr bilan yetti yil muddatga yillik 14 foiz stavkada, jami, 100 million AQSH dollari ekvivalentida, shundan, AT “Xalq banki”ga 35 million AQSH dollari, “Biznesni rivojlantirish banki” ATBga 35 million AQSH dollari va “Mikrokreditbank” ATBga 30 million AQSH dollari miqdorida kredit resurslari ajratilishi koʻzda tutilgan.
Tumanimizda tadbirkorlik qilishni istagan xotin-qizlarga kredit mablagʻlari ajratish, ularni maqsadli ishlatishini monitoring qilish boʻyicha rejalar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlikni boshlab, uni toʻxtatib qoʻyganlar boʻlsa, banklar bilan alohida loyiha paketlari orqali faoliyatini tiklash borasida ham hamkorlik qilish niyatidamiz.
Mahallalardagi uy bekalari bilan ochiq muloqot chogʻida, tadbirkorlikka qiziqadigan ayollar koʻpligiga amin boʻldik. Natijada, oʻnlab xonadonlarda turli yoʻnalishlarda oilaviy tadbirkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Birgina, Orzu mahallasidagi Mashʼal koʻchasi 8-uyda yashovchi uy bekasi Zulfiya Gaipova oʻz xonadonida kichik sutni qayta ishlash sexini tashkil qildi. Kunida mazkur sexda 60-70 litr sut qayta ishlanadi. Qaymoq, qatiq, sariyogʻ mahsulotlari tayyorlanadi. Zulfiyaxon 4 nafar farzandning onasi. Halol mehnatidan topgan daromadidan farzandlarini uyli-joyli qildi. Xarajatlardan orttirib xonadoni yonidan moʻjazgina doʻkon ochdi. Doʻkonda oila sexida tayyorlangan sut mahsulotlarini sotib, mahalla ahliga xizmat qilmoqda.
Ahillik mahallasi Faol koʻchasi 28-uyda yashovchi uy bekasi Nafisa Nurmamatova ikkinchi guruh nogironi. U oʻz xonadonida sovun ishlab chiqaradigan kichik sex ochdi. Shu bilan birga, tomorqasida 5 sotixlik issiqxonasi ham bor. Yana mavsumda pilla qurti ham boqadi. Xullas, unga va oila aʼzolariga bevosita xonadonning oʻzida bir necha yoʻnalishlardagi foydali ishlar bilan shugʻullanish imkoniyati yaratildi.
Xonadonida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, faqat oʻzi va oilasini emas, boshqalarni ham ish bilan taʼminlagan xotin-qizlarimiz koʻpchilik.
Istiqbol mahallasi Ziyod koʻchasi 3-uyda yashovchi Manzura Aymatova oʻz xonadonida yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlab sotishdan topgan daromadidan oʻz xonadonida moʻjaz tikuv sexi ochdi. Eʼtiborlisi, chevarchilikning barcha uskuna va jihozlarini oʻz mablagʻlari hisobidan oldi. Mahallasidagi 12 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminladi.
Tumanimizdagi boshqalarga ibrat qilib koʻrsatadigan oilaviy tadbirkorlar koʻp. “Qalovini topsa qor yonadi” deganlaridek ishbilarmon, mehnatsevar va hunarli kishiga xonadonning oʻzi ham moʻmay daromad manbai. Oddiy uy bekalari roʻzgʻor yumushi boʻlgan ishni ham bugun foydali tadbirkorlik yoʻnalishiga aylantirayotganining oʻzi buning yorqin isbotidir.
Nilufar GʻAFUROVA,
Sirdaryo tumani Oila va xotin-qizlar boʻlimi rahbari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 8-iyundan chiqindidan qarzdorlar elektr uchun toʻlov qilolmaydi
- Endi taʼlim granti talabalarning oʻzlashtirishiga qarab har yili qayta taqsimlanadi
- AQSHda jurnalist qiz Trampning yuziga mikrofon bilan urib yubordi (+video)
- Oʻzbekistonda Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlanadi
- “Qamchiq” dovonida fuqarolarga yordam koʻrsatilmoqda. Qoʻshimcha poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilgan
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti QS reytingida TOP–500 talikdan joy oldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring