Uchkoʻprik tumanida limonchilikka ixtisoslashgan mahallalar soni ortmoqda
Ayni paytda Uchkoʻprik tumanida 10 ta mahalla limonchilikka ixtisoslashgan boʻlib, qariyb 4 mingta xonadon tomorqasida jami 770 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etilgan. Ularda bozori chaqqon boʻlgan sitrus mevalar, xususan, limon yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan.
Aholi xonadonlarida 3–8 sotixdan tortib, ayrim hollarda 20 sotixgacha boʻlgan issiqxonalar barpo etilgan. Shu tarzda har bir mahallada yiliga oʻrtacha 800–1000 tonnagacha limon hosili olinib, uning salmoqli qismi xorijiy bozorlarga eksport qilinmoqda.
Qariyb 1,5 mingta xonadon va 7 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan “Katta Qashqar” mahalla fuqarolar yigʻinining asosiy iqtisodiy drayveri ham limonchilik hisoblanadi. Hozirgi kunda mahallada mingdan ortiq xonadon issiqxonalarida limon parvarishlanmoqda.

— Tadbirkorlarimiz tomonidan 11 ta xonadonda ulgurji savdo faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, — deydi mahalla raisi Abdurasul Nabiyev. — Bu yil yigʻib olingan hosilning qariyb 500 tonnasi aholi xonadonlarida barpo etilgan omborxonalarda qish mavsumi uchun saqlab qoʻyilgan edi. Ayni paytda har bir kilogramm limon ulgurji bozorda 35 ming soʻmdan qoʻshni davlatlar va Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinmoqda.
Sitrus mevalar yetishtirish hajmini yanada oshirish maqsadida oʻtgan yili mahallaning 30 nafar yoshiga 6 gektar yer maydoni ajratilib, imtiyozli kreditlar hisobidan zamonaviy issiqxonalar tashkil etishga koʻmaklashildi. Bu yil esa aholi farovonligini oshirishga qaratilgan 50 ta mikroloyiha ishlab chiqildi.

— Eksport jarayonida 6 nafar mutaxassisimiz fitosanitariya sertifikatlarini rasmiylashtirish, mahsulot sifati va xavfsizligini tekshirish, hujjatlarni xalqaro talablarga muvofiq tayyorlashda eksportyorlarga yaqindan koʻmak bermoqda, — deydi Oʻsimliklar karantini va himoyasi Uchkoʻprik tumani boʻlimi rahbari Husanjon Turdiyev. — Bu limon mahsulotlarini tashqi bozorlarga toʻsiqsiz olib chiqishda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Aytish joizki, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-aprelda qabul qilingan “Respublikada limonchilik sohasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Uchkoʻprik tumanida oʻtgan yil yakunida 800 ta xonadon limonchilikka ixtisoslashtirildi. Joriy yilda esa 1 mingdan ziyod xonadonni limonchilikka ixtisoslashtirish, shuningdek, qoʻshimcha 100 gektar maydonda yangi issiqxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Kuchli qichishish va jismoniy azobdan tashqari, insonni ruhan ham yemiradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring