Uch hududda qariyb 195 ming qalbaki AQSh dollari musodara qilindi

10:37 11 Mart 2025 Jamiyat
164 0

Videodan kadr

Jizzax va Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahrida qariyb 195 ming qalbaki AQSh dollarining muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda “Xavfsizlik” Telegram kanalida xabar berildi.

Maʼlum qilinishicha, Toshkent viloyatida yashovchi 26 yoshli fuqaro va uning Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 27 yoshli sherigi ijtimoiy tarmoqlar orqali Jizzax shahrida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, unga soxta 100 AQSh dollari kupyurali jami 50 ming AQSh dollarini 65 mln soʻmga sotishga kelishishgan.

Shundan soʻng ular Jizzax shahriga borib, xaridor bilan telefon orqali muloqot qilib, unga qalbaki pullarni shahar hududidagi xufiya joyga qoldirib ketishlarini aytib, kelishilgan summadan 39 mln 200 ming soʻmni oldindan plastik karta orqali olishgan.

Ammo, ular qalbaki valyutalarni belgilangan joyga qoldirmasdan, xaridorni aldab, Toshkent shahriga qaytib ketayotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan Doʻstlik tumanida ushlandi va ular ketayotgan avtomashina salonidan qalbaki 51 ming AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Buxoro viloyatida yashovchi, 1949 va 1984-yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs hamda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, 44 yoshli fuqaro oʻzaro til biriktirib, chet davlatda tayyorlangan, har biri 100 kupyurali qalbaki 50 ming AQSh dollarini haqiqiy 25 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida qoʻlga olindi. Taʼkidlash lozimki, ularning uchalasi ham muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.

Toshkent shahrida qayd etilgan yana bir holatda, Xorazm viloyatining Xazorasp tumanida yashovchi, yoshli shaxs xorijdan keltirilgan 50 va 100 AQSh dollari kupyurali qalbaki 45 ming AQSh dollarini xaridorga haqiqiy 25 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlandi.

Boshqa holatda esa Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, 42 yoshli shaxs va Toshkent viloyatining Parkent tumanida yashovchi, 31 yoshli, muqaddam sudlangan fuqaro qalbaki 10 ming AQSh dollarini xaridorga haqiqiy 8 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ushlandi.

Namangan viloyatining Chortoq tumanida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan shaxsning koʻrsatmasi boʻyicha – uning 30 yoshli va 24 yoshli ikki nafar sherigi qalbaki 30 ming AQSh dollarini xaridorga haqiqiy 19,5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 1991-yilda tugʻilgan fuqaroning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda 88 dona 50 AQSh dollari kupyurali va 44 dona 100 AQSh dolllari kupyurali, jami qalbaki 8,8 ming AQSh dollari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Qayd etilishicha, hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?