Maradonaning bolaligi qanday kechgandi?

15:13 26 Noyabr 2020 Sport
716 0

Jahon futbolining yorqin yulduzi Diyego Maradonaning vafoti millionlab kishilar qatori yurtdoshlarimiz, xususan, muxlislarni chuqur qaygʻuga soldi. Zero, Maradona maydonda futbolni chinakamiga sanʼat darajasiga koʻtargan, kimlarnidir uni oʻz hayoti mazmuniga aylantirgan, “millionlar oʻyini” ixslosmandlari hayotiga bir olam quvonch, xursandchilik olib kira bilgan dunyodagi sanoqli futbolchilardan biri edi.

Quyida biz uning bolaligi qanday kechgani xususida soʻz yuritamiz. Zotan, Maradonaning shon-sharafli, shu bilan birga gʻoyat murakkab hayot yoʻli har bir kishi uchun saboq boʻlarlidir.

Diyego Maradona 1960-yilning 30-oktyabrida Buenos-Ayres provinsiyasining Lanus shahrida tugʻilgan. Otasi tegirmon ishchisi, onasi Dalma esa uy bekasi edi. Diyego oiladagi birinchi oʻgʻil boʻlib, undan avvalgilarining hammasi qiz bola edi. Keyinchalik onasi “Uni dunyoga keltirish men uchun yengil kechgandi. Kun boʻyi oʻzimni yaxshi his etgandim. Kechqurun esa meni poliklinikaga olib borishdi. U juda tez tugʻildi. Oʻsha lahzada men faqat bir narsani iltijo qilganman: Sogʻlom tugʻilib, yaxshi inson boʻlib yetishishini. Baxtimni qarangki, niyatim ortigʻi bilan ushaldi”.

Maradona yetti yoshga kirganida qarindoshlaridan biri unga koptok sovgʻa qiladi. Undan bola shunaqangi quvonadiki, hatto uxlaganida ham toʻpni yoniga qoʻyib yotadi. Koptokni tepishni oʻrgangach, koʻchada bolalar bilan oʻynay boshlaydi. Ammo oʻzidan yoshi kattaroq bolakaylar uni turtib yiqitishar, aldab oʻtishar edi. Bu unga saboq vazifasini oʻtagan boʻlsa ajab emas. Har holda asta-sekin texnikasi yuqori oʻyinchiga aylana bordi. Endi bolalar uni oʻz jamoalarida oʻynashini istashardi. Keyin u «Remedios de Eskalada San-Martin» maktabida futbol sirlarini oʻrgana boshladi. Vaholonki, otasi uning oʻqishini juda-juda xohlardi.

Diyegoning oilasi Argentina poytaxtining kambagʻallar yashaydigan mavzesida yashar, oʻzlari ham qashshoqlikda kun kechirishardi. Shu boisdan opa-ukalar kulollar kabi loydan pishiq-puxta guldon tayyorlab, uni mahalliy bozorda sotishar, pulini esa onalariga berishardi. Diyego ham shu yumush bilan shugʻullanardi. Keyinchalik Maradona “Agar ota-onam mendan oyni olib berishni soʻrashsa, ular istagini roʻyobga chiqarish uchun hamma ishni qilaman. Lekin bu ularning men uchun qilganlari oldida sariq chaqaga ham arzimaydi”, degan edi.

Manbalarda aytilishicha, onasi kamtarona dasturxon boshida “Oshqozonim ogʻriyapti”, deya yolgʻon gapirib, tuz ham totimas, topganini bolalariga ilinar ekan.

Qarang, tili, diniy eʼtiqodi, turmush tarzi, tutumi turlicha boʻlishiga qaramay dunyo onalarini bir jihat birlashtirib turadi. Ularning hammasi “Bolam” deb yashaydi.

Maradona 8 yoshga kirganida 10 yoshli Goyo Karriso bilan tanishib qoladi. Goyo «Arxentinos Xuniors» klubining bolalar jamoasida oʻynardi. Karriso Diyegoga Argentinaning buyuk futbolchilari haqida soʻzlab berar, bu esa uning ishtiyoqini badtar oshirardi. 1969-yilning oʻrtalarida Maradona shu klub skauti va 14 yoshgacha boʻlgan bolalar jamoasi murabbiyi Fransisko Kornexo bilan tanishdi. Dastlabki koʻrikdayoq Maradona shunaqangi oʻyin namoyish etdiki, Kornexo uning toʻqqiz yoshda ekaniga ishonmay, pakana odam boʻlsa kerak, deya shubhalandi. Ammo ertasiga Diyego tugʻilganligiga oid hujjatlarni koʻrsatgach, koʻngli joyiga tushdi. Bu murabbiy uchrashuvlar chogʻida chiqqan toʻpni maydonga qaytarib beradigan bolalardan iborat jamoa tuzdi. Bu jamoa safida Maradona ham bor edi. Maydonda toʻgʻri qaror qabul qilishi, ajoyib texnikasi, zoʻr jismoniy tayyorgarlik evaziga charchashni bilmasligi uni yaqqol yetakchiga aylantirdi. Uning yana bir qimmatli fazilati, oyogʻiga zarba berishgan pallada yiqilmasdi. Kornexo keyinchalik «U oʻsha kezlardayoq toʻp bilan hamma ishni qila olardi. Diyego yogʻoch oʻyinchoqni eslatardi. Qancha turtib, oyogʻidan chalmagin baribir tikka turardi», degandi. Vaholonki, Maradona boshqa bolalarga qaraganda uch yosh kichik edi.

Kornexoning shogirdlari «River Pleyt» klubining yengilmas yoshlar jamoasini 7:1 hisobida magʻlubiyatga uchratishganida qahramonimiz barchaning nazariga tushdi. Gollarning beshtasini oʻz hisobiga yozib qoʻydi. Shu oʻyindan keyin 10 yoshli Maradonani Argentina futbolining boʻlgʻusi yulduzi, deya atay boshlashdi. 1973-yilda esa «Arxentios»ning yoshlar jamoasi final oʻyinida «River Pleyt»ni 5:4 hisobida yengdi. Bu uchrashuvda Maradona raqibning yetti nafar oʻyinchini ortda qoldirib, gol kiritdi. Jamoasi Argentina chempionatining 8-ligasiga chiqdi. Uni esa 7- ligaga oʻynagani joʻnatishdi. Biroq «Arxentos»ning 7-jamoasida ikki oʻyin oʻtkazdi, xolos. Uni darhol beshinchi jamoaga, toʻrt oʻyindan keyin esa uchinchi jamoaga oʻtkazdilar. Uchinchi jamoada ham uzoq qolmadi. Uchta uchrashuvda maydonga tushgach, «Arxentinos Xuniors»ning asosiy jamoasi libosini kiydi.

Shu natijalarga qaramay, oilasi kambagʻalligicha qolayotgandi. Bu orada ukalari Raul va Ugo, keyin esa singlisi Klaudiya dunyoga keldi. Otasi esa unga oilasining qashshoqlikdan chiqishiga yagona umid sifatida qarar, imkon qadar qoʻllab-quvvatlar edi. “Otam tegirmonga ishlashda davom etardi. U ishdan doimo qattiq toliqqan holda kelardi. Ikki smenada — ertalab va kechqurun ishlardi. Kunduzi esa tushlikni qilgan zahoti qoʻlimdan tutib, klubga olib borardi”, deya yozgan Maradona oʻz kitobida.

Oradan koʻp vaqt oʻtmaydi. ”Oʻzga sayyoralik” deya eʼtirof etila boshlangan Maradonaning yulduzli onlari yaqinlashadi. Qashshoqlik osmondagi oʻtkinchi bulut kabi tarqab ketadi. Diyego Armando Maradona dunyoning eng mashhur, eng badavlat sportchilaridan biriga aylanadi. Bu esa alohida mavzudir.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?