Tutzorlar – qishloq taraqqiyotining poydevori
Pillachilik mamlakatimizda iqtisodiy ahamiyati katta tarmoqlardan biri hisoblanadi. Sohada ilmiy yondashuvlar va zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash esa dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Bir vaqtlar pilla hosili yil davomida faqat bir marta yigʻib olingan boʻlsa, hozirda uch martagacha hosil yigʻish imkoniyati yaratilgan. Bu sohaga ilmiy yondoshuv asosida zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanish natijasidir.
Pillachilikning shakllanishi tutchilikdagi burilishlarga sabab boʻldi. Zero, ipak qurtining asosiy ozuqasi boʻlmish oʻsimlikning iqlimga mos yangi navlarini yaratish orqali hosildorlikni hamda sifat darajasini oshirish mumkin. Bu borada Marhamat tumanidagi “Ipak koʻchat” klasterida yoʻlda qoʻyilgan ishlar ibratlidir.
– Anʼanaviy usulda tut koʻchatlari odatda payvandlash yoki urugʻ orqali yetishtirilsa, klasterdagi invitro laboratoriyasida tirik hujayralardan foydalanib, koʻchat yetishtirish tajribasi amalga oshirilmoqda, – deydi klaster rahbari Abdufattoh Musulmonqulov. – Bu usul nafaqat hosildorlikni oshiradi, balki koʻchatlarni kasalliklarga chidamli va iqlim sharoitiga mos holda yetishtirish imkonini ham beradi. Eng muhimi, anʼanaviy payvandlash orqali bir gektar maydondan 50 ming tup koʻchat olinsa, urugʻ orqali bu koʻrsatkich 250 ming tupga yetadi. Invitro laboratoriyasida esa har 21 kunda 600 ming tup nihol undirish mumkin. Agar yillik hisob-kitoblarini olib qarasak, yangi usulda yetishtirilgan koʻchatlar soni 10 mln. 200 ming tupni tashkil etadi.
Invitro usuli orqali yetishtirilgan koʻchatlar nafaqat yuqori hosildorligi bilan ahamiyatli, balki turli kasalliklarga chidamli, mustahkam va mahalliy sharoitga tez moslashuvchanligi bilan ham qadrlidir. Shu bois, klasterda eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanish orqali tutchilikda ilmiy yondashuvning samarasi yaqqol namoyon boʻlmoqda. Hozirda klaster laboratoriyasida tutning ikki xil duragay navi yaratildi. Dunyoning 16 davlatidan olib kelingan 240 turdagi tut koʻchatlarining kolleksiyasi barpo etildi. Bu esa mahalliy sharoitda yangi tut navlarini yaratish va ularni sinovdan oʻtkazish imkonini bermoqda. Shu yoʻl orqali nafaqat pilla hosildorligini oshirish, balki mahalliy dehqonchilikni ham samarali rivojlantirish mumkin.
Marhamatda amalga oshirilayotgan ilgʻor texnologiyalar va zamonaviy yondashuvlar koʻrsatadiki, pillachilik sohasida innovatsiyalar rivojlanishning muhim asosi sanaladi. Bu esa nafaqat mahalliy aholi daromadini oshirish, balki respublikamizda pillachilik va ipakchilikni yuqori samara bilan olib borish imkonini ham beradi.
Saminjon HUSANOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
- “Humans” Oʻzbekistondan yuzlab million dollar zararni qoplashni talab qilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring