Turkiyada yuz bergan zilzila oqibatida Qahramanmarashda jami 941 ta bino vayron boʻlgan
Foto: Reuters
Turkiya ichki ishlar vaziri, Qahramanmarash viloyatidagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish koordinatori Sulaymon Soylu tabiiy ofat natijasida mintaqada jami 941 ta bino qulaganini maʼlum qildi.
Qahramonmarash viloyatida Rixter shkalasi boʻyicha 7,7 va 7,4 magnitudali zilzilalar epitsentri boʻlgan.
Soyluga koʻra, shaharda 600 kishi halok boʻlgan. Uning taʼkidlashicha, qutqaruvchilar vayronalar ostidan omon qolganlarni olib chiqish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda. Biroq ob-havo sharoiti bu yumushlarni yanada tez olib borishga halaqit bermoqda. Zilziladan zarar koʻrgan Elbiston viloyatida kuchli qor yogʻishi davom etmoqda. Qutqaruv ishlari Dulkadiroʻgʻlu, Avshin, Pazardjik, Elbistan va Gyuksyun, Nurhak hududlarida olib borilmoqda.
Siyosatchining taʼkidlashicha, mintaqada gaz taʼminoti hali tiklanmagan. Biroq shifoxonalarning elektr taʼminoti qisman taʼminlangan.
Shu yilning 6-fevral kuni erta tongda Turkiyaning janubi-sharqida, Suriya bilan chegaraga yaqin joyda sodir boʻlgan kuchli zilzila qurbonlari soni tez oʻsishda davom etmoqda.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Turkiyada halok boʻlganlar soni qariyb 3,5 ming kishiga yetgan, 20,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Suriyada qurbonlar soni 1,4 mingdan oshdi, 3,5 mingdan ortiq kishi jarohat olgan.
Prezident Rejep Tayyip Erdogʻan mamlakatda bir haftalik motam eʼlon qildi.
Erdogʻan mamlakat nafaqat oʻz mintaqasida, balki dunyoda ham eng katta ofatlardan biriga duch kelganini aytdi.
“Ushbu zilzilalar shu kabi zilzilalar bilan solishtirganda juda katta hududda katta vayronagarchilikka olib keldi. Biz nafaqat respublika tarixidagi, jugʻrofiy oʻrnimizdagi, balki jahondagi eng katta ofatlardan biriga duch keldik”, dedi Erdogʻan.
Uning qayd etishicha, Turkiyada sodir boʻlgan ushbu yer silkinishlari umumiy aholisi 13 millionga yaqin boʻlgan 10 viloyatga taʼsir koʻrsatdi.
Shu oʻrinda, u hozirda mamlakatda qidiruv-qutqaruv ishlari jadal surʼatlar bilan davom etayotganini taʼkidladi.
Turkiyada yuz bergan zilzila oqibatida halok boʻlganlar orasida Oʻzbekiston fuqarosi borligi ham maʼlum boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabariga koʻra, 7-fevral (Toshkent vaqti bilan) soat 10.00 holatiga koʻra, zilzila oqibatida Malatya provinsiyasida bir nafar Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻlgan. Bundan tashqari, 13 nafar hamyurtimiz bedarak yoʻqolgan. Ularni topish boʻyicha tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari Hatay viloyatining Ovakent qishlogʻida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan. Bu hududda asosan 10 mingdan ortiq etnik oʻzbeklar istiqomat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring