Turkiyada Liviya Bosh shtabi rahbarini olib ketayotgan samolyot halokatga uchradi

10:18 24 Dekabr 2025 Dunyo
330 0

Anqarada rasmiy tashrif bilan boʻlgan Liviya Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari, general-leytenant Muhammad Ali Ahmad al-Haddad va uning delegatsiyasini olib ketayotgan “Falcon 50” turidagi biznes-jet Turkiyaning Anqara viloyati Haymana tumani yaqinida halokatga uchradi. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya maʼlum qilgan.

Uning qayd etishicha, samolyot 23-dekabr kuni kechqurun soat 20:10 da Anqara Esenboʻgʻa aeroportidan Tripoli yoʻnalishida parvoz qilgan, 20:52 da esa u bilan aloqa uzilgan. Samolyot Haymana atrofida favqulodda qoʻnish haqida signal bergan, ammo shundan soʻng u bilan qayta aloqa oʻrnatib boʻlmagan. Soat 23:01 da jandarmeriya tomonidan samolyot parchalari Haymana tumaniga qarashli Kesikkavak qishlogʻidan 2 kilometr janubda topilgan. Biznes-jetda besh nafar yoʻlovchi boʻlgan.

Liviya hukumatiga koʻra, halokatda Liviya Bosh shtabi rahbari Muhammad al-Haddad, Quruqlik qoʻshinlari qoʻmondoni general-leytenant al-Fayturiy Gʻarib, Harbiy ishlab chiqarish boshqarmasi rahbari general Mahmud al-Kataviy, Bosh shtab maslahatchisi Muhammad al-Assaviy Diyab hamda Bosh shtab matbuot xizmati fotografi Muhammad Umar Ahmad Mahjub halok boʻlgan.

Liviya Milliy birlik hukumati bosh vaziri Abdulhamid Dibayba ushbu fojiani “mamlakat, armiya va butun xalq uchun katta yoʻqotish” deb baholab, halok boʻlganlarning oila aʼzolariga va qurolli kuchlar safdoshlariga taʼziya bildirdi. U marhumlarni vatanga sadoqat bilan xizmat qilgan, intizom va masʼuliyat namunasi boʻlgan shaxslar sifatida taʼrifladi.

Liviya Axborot ishlari boʻyicha davlat vaziri Valid Ammar Ellafiyning bildirishicha, dastlabki maʼlumotlarga koʻra, halokat texnik nosozlik oqibatida yuz bergan. Samolyot ijara asosida olingan boʻlib, u Liviyaga tegishli emas. Hodisa yuzasidan Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, texnik va tergov jarayonlari ikki davlat hamkorligida olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?