Turkiy dunyo: maʼnaviy birlik – umumiy kelajak
Turkiy dunyo bugun oʻz taraqqiyot yoʻlini faqat geografik yaqinlik yoki tarixiy xotira bilan emas, balki maʼnaviy birlik va hamjihatlikning real kuchi bilan belgilamoqda. Gabala kabi qadimiy shaharlar zamonaviy siyosiy muloqotning timsoliga aylangani bejiz emas: bu maskanlarda bir vaqtning oʻzida ishonch muhitini mustahkamlash, yangi hamkorlik ufqlarini ochish va umumiy kelajak tasavvurini uygʻunlashtirish jarayoni kechmoqda. Prezidentimizning Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala shahridagi sammitida soʻzlagan nutqida ilgari surilgan fikrlar aynan shuni koʻrsatadi: turkiy xalqlarni bogʻlaydigan qadriyatlar, adabiy meros va tarixiy xotira bugun amaliy siyosiy irodaga, iqtisodiy qarorlar va aniq tashabbuslarga tayanmoqda.
Dunyo siyosati beqarorlik davridan oʻtmoqda. Yaqin Sharqdan Yevroosiyogacha choʻzilgan tangliklar, global ishonch defitsiti va xavfsizlik meʼyorlarining yemirilishi fonida turkiy mamlakatlarning bir-biri bilan muntazam muloqotlari tobora ahamiyat kasb etmoqda. Bu muloqotlar bir tomondan mintaqa ichidagi barqarorlikni taʼminlashga, ikkinchi tomondan global boshqaruv tizimidagi muammolarga birgalikda yechim izlashi uchun imkon yaratadi. BMT va boshqa xalqaro platformalardagi islohotlar masalasida umumiy yondashuv topishga intilish ham shundan dalolat beradi: rivojlanayotgan davlatlarning ovozini kuchaytirish, adolatli va muvozanatli tartibot sari harakat qilish bugun faqat diplomatik shior emas, balki amaliy ehtiyojdir.
Turkiy davlatlar tashkiloti qisqa muddatda nufuzli muloqot maydoniga aylandi. Buning zamirida uch unsur koʻrinadi: siyosiy ishonchning mustahkamlanishi, iqtisodiy loyihalarning koʻpayishi va gumanitar aloqalarning yoʻlga qoʻyilishi. Natijada oʻzaro savdo hajmi barqaror oʻsmoqda, yangi yoʻnalishlar ochilmoqda. Kelgusi yillarda buni yangi bosqichga olib chiqish uchun umumiy strategik qarash zarur: turkiy makonni xomashyo eksportchisidan bilim va texnologiyalarga tayangan, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan hududga aylantirish gʻoyasi ana shu ehtiyojdan tugʻiladi. Sanoat kooperatsiyasi, ilm va texnologiyalarni ishlab chiqarish zanjiriga bogʻlash, resurslarni chuqur qayta ishlashga oʻtish — bularning bari alohida mamlakatlar oʻrtasida musobaqadan koʻra hamkorlikni afzal koʻrishni talab qiladi.
Oziq-ovqat xavfsizligi bu jarayonning yana bir tayanch yoʻnalishi. Organik mahsulotlar bozorida turkiy makon tabiiy sharoit, anʼanalar va hududiy xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Agar ilmiy seleksiya, sertifikatlash, logistika va bozorga chiqish strategiyasi uygʻunlashsa, turkiy brend ostida raqobatbardosh ekotizim paydo boʻlishi mumkin. Bu nafaqat eksport imkoniyatini kengaytiradi, balki qishloq hududlarida barqaror bandlik, sogʻlom oziqlanish madaniyati va ekologik ongni kuchaytiradi.
Transport va logistika masalasi esa mintaqaviy integratsiyaning asab tolasi sanaladi. Oʻrta koridorning samaradorligi raqobatbardosh tariflar, uzluksiz infratuzilma va bojxona jarayonlarining raqamlashtirilishiga bogʻliq. Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temiryoʻlini ishga tushirish, Transafgʻon yoʻlagi bilan bogʻlanish va multimodal yechimlarni kengaytirish Yevropa–Osiyo oʻrtasidagi savdoga yangi surʼat beradi. Bu yoʻnalishning kuchi shundaki, u faqat yuk oqimini tezlashtirmaydi, balki hududiy markazlar oʻrtasida ilm, xizmatlar, turizm va madaniyat almashinuvini ham jadallashtiradi.
Yirik infratuzilmalar moliyaviy tayanchsiz ishlamaydi. Shu bois turkiy investitsiya jamgʻarmasi faoliyatini kengaytirish, xalqaro moliya institutlari va milliy rivojlanish banklari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish muhim. Bu yondashuv xususiy kapital uchun ham yoʻl ochadi: ishonchli sheriklik mexanizmlari yaratilsa, uzoq muddatli loyihalar barqaror moliyalanadi, tavakkal balanslanadi, ijtimoiy taʼsir yuqorilaydi.
Yangi iqtisodiyot unsurlari — raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va kreativ industriyalar — turkiy makon uchun istiqbolning kalitidir. Bu yoʻnalishlarda qoʻshma koʻrgazmalar, ilmiy-amaliy maydonlar, standartlar va qadrlash tizimini uygʻunlashtirish nafaqat texnologik almashinuvni tezlashtiradi, balki xalqaro bozorda raqobatbardosh kontent va mahsulotlar yaratishga yordam beradi. Raqamli infratuzilmaning mustahkamlanishi, maʼlumotlar muhofazasi va intellektual mulkni himoya qilish boʻyicha umumiy yondashuv kelajak taraqqiyotining etik va huquqiy poydevorini ham quradi.
Taʼlim va ilm-fan esa bu ildizlarning suvi. Turkiy universitetlar ittifoqi doirasidagi almashinuvlar, qoʻshma grant va tadqiqotlar, yosh olimlarni ragʻbatlantirish tashabbuslari qadriyatlarimizni kelajak avlodga zamonaviy til va metodlarda yetkazadi. Yoshlar bilan ishlashda maʼnaviy immunitet hech qachon ikkinchi darajali boʻlmaydi: radikalizm va buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi maʼrifat bilan javob berish, islomofobiya kabi illatlarga nisbatan muloqot va hamjihatlikni kuchaytirish — barqaror jamiyatning ajralmas shartidir. Ekologik savodxonlikka eʼtibor ham shunday bahslar orasida ustuvor mavqega chiqmoqda: tabiatga munosabat, resurslardan oqilona foydalanish va yashil energiya madaniyati ertangi kundagi iqtisodiy raqobatbardoshlikning ham mezoniga aylanmoqda.
Madaniyat diplomatiyasi bu keng koʻlamli jarayonning ruhiy tayanchi. Navoiy va Nizomiy merosini keng targʻib qilish, ularning insonparvarlik va doʻstlik haqidagi gʻoyalarini bugungi kunga koʻchirish siyosiy ishonchni mustahkamlaydi, xalqlar oʻrtasidagi ichki yaqinlikni kuchaytiradi. Bunday maʼnaviy tayanchsiz hech qanday iqtisodiy loyiha chin kamolotga yetmaydi: taraqqiyotning nafasini qadriyatlar belgilaydi.
Shu bois Gabala sammitida yangragan daʼvatlarni umumiy lison bilan ifodalash mumkin: turkiy dunyo oʻz kelajagini birgalikda quradi. Bu kelajak siyosiy hushyorlik, iqtisodiy jasorat va maʼnaviy sobitlikdan toʻqiladi. Yoʻl uzoq, vazifalar murakkab, lekin mushtarak manfaat va qadriyatlar bor joyda natija ham boʻladi. Eng muhimi, bu yoʻl xaritasi turli choʻqqilarni zabt etish uchun emas, xalq farovonligini oshirish uchun chizilgan. Demak, maʼnaviy birlik — shunchaki shior emas, balki umumiy kelajakni ishonch bilan qurishga undaydigan kuchdir.
Mahmud Rajabov,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti kichik ilmiy xodimi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring