“Turkiy adabiyot durdonalari” qardosh xalqlarning mangu xazinasidir

20:46 22 Noyabr 2022 Madaniyat
755 0

Foto: Халқ сўзи

Poytaxtimizdagi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

Marosimda adabiyotshunos olimlar, qardosh mamlakatlarning yurtimizdagi elchilari, mazkur kitobning nashrga tayyorlanishida mehnati singgan toʻplovchi, tarjimon va muharrirlar, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar mazkur jamlanmaning xalqimiz hayotidagi maʼnaviy-ijtimoiy ahamiyati, mamlakatlarning doʻstligida adabiyot alohida oʻringa ega ekani haqida toʻxtalib oʻtishdi.

— Ushbu adabiy xazina nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun turkiy tilli davlatlar orasida ilk bor roʻyobga chiqarilgan yirik adabiy loyihaning amaliy ifodasi, ona yurtimizda madaniyat va sanʼatga koʻrsatilayotgan ulkan gʻamxoʻrlikning, xalqimizning qardosh xalqlar va ularning soʻz sanʼatiga nisbatan yuksak hurmat-ehtiromi ramzidir, — dedi filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev. — Mazkur jamlanmaga umumturkiy adabiyotning eng sara namunalari, oʻzbek, qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, qirgʻiz, turkman va venger adabiyotining atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritilgan.

Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari 2019-yil 15-oktyabr kuni Ozarbayjonning Boku shahrida oʻtkazilgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida tashkilotga aʼzo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildlik kitoblar toʻplamini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish tashabbusini ilgari surgandi.

Ushbu tashabbus asosida ilk bor Oʻzbekistonda mana shu toʻplam tayyorlanib, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida chop etildi. Kitoblar turkumi Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirgʻoniy va Nosiriddin Rabgʻuziy asarlarini oʻz ichiga olgan besh jildlik «Umumturkiy adabiyot namunalari» bilan boshlanadi. 6-33 jildlar esa “Oʻzbek adabiyoti namunalari”dan iborat boʻlib, undan Alisher Navoiy asarlaridan zamonaviy oʻzbek sheʼriyati va nasri namunalarigacha oʻrin olgan.

Shuningdek, majmuaning 17 jildi turk adabiyoti, 16 jildi ozarbayjon, 10 jildi qozoq, 9 jilddan qirgʻiz va turkman adabiyoti, 5 jildi qoraqalpoq va 1 jildi venger adabiyoti vakillarining asarlaridan iborat.

Turkumni tayyorlash uchun 200 nafardan ortiq tarjimonlar, 100 nafardan koʻproq adabiyotshunos, matnshunos olimlar, adiblar, muharrir va rassomlar jalb etilgan. Asarlar majmuasi “Oʻzbekiston” nashriyoti tomonidan 200 ming nusxada chop etilgan.

Taqdimot yakunida tadbir qatnashchilari masʼullardan oʻzlari qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?