“Turk dunyosi shoirlari uchrashuvi” tadbirdan koʻzlangan maqsad nimalardan iborat?

19:53 14 Oktyabr 2021 Madaniyat
243 0

Millatlararo doʻstona munosabatlarning mustahkamlanishida adabiyotning ham alohida oʻrni bor. Yaxshi asarlar mutolaasi orqali dunyoni tanish, biron bir davlatning tarixi, buguni va milliy qadriyatlarini bilib olish mumkin. Ayni kunlarda Xorazmda boʻlib oʻtayotgan “Turk dunyosi shoirlari uchrashuvi” nomli tadbir ham ana shu ezgu-niyatlarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari bilan bogʻlanib ularning adabiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy hamkorlik borasidagi fikrlarini yozib oldik.

Kenan CHARBOGʻA, shoir va tarjimon (Turkiya):

— “Turk dunyosi shoirlari uchrashuvi”. Bu tadbir bejiz bunday nomlanmagan. Turk dunyosi nafaqat koʻplab shoir va yozuvchilarni, balki mutafakkir, alloma va olimlarni dunyoga bergan qadimiy oʻlka hisoblanadi. Oʻtmishning guvohlik berishicha, turk dunyosi mamlakatlari hamisha bir-biri bilan yaqindan aloqalar oʻrnatgan, ogʻir kunlarda yelkadosh boʻlgan. Aminmanki, har doim shunday boʻlib qoladi.

Shuningdek, adabiy hamkorligimiz ham bir-biridan tasʼirlanib, kuch olib rivojlangan. Millatning milliyligi haqida bilmoqchi boʻlsang, u qurgan binolarga, u yozgan asarlarga, u ijro qilgan ashulalarga, u yaratgan narsalarga boq, degan gap bor. Oʻzbekiston, ayniqsa, Xorazmda shu narsaga guvoh boʻldim. Ichon qalʼani aylanar ekanmiz oʻzimni huddi moziyga, 3-4 asr orqaga qaytganday his qildim. Bunday hisni har yerda ham sezavermaydi kishi. Soʻz odamlari uchun bu ahamiyatlidir.

Bu tadbir tobora adabiyot bayramiga aylanib bormoqda. Istardimki, bu kabi uchrashuvlar koʻp-koʻp oʻtkazilsa, xalqlarimiz uchun ham, shoir-yozuvchilarimiz uchun ham yaxshi foyda keltiradi.

Leyla Sharif EMIN, shoir (Shimoliy Makedoniya):

— Men Oʻzbekistonga birinchi marta tashrif buyurmoqdaman. Ammo bu yerga huddi avvalam kelgandayman, hamma narsa tanish, hamma joy qadrdonday. Qardoshlarimiz bilan ham yuz yillik tanishday koʻrishdik. Adabiyot koʻprigi qanchalik mustahkam boʻlsa, davlatlarimiz bir-birini shunchalik yaxshi tushunadi, urf-u odat, qadriyatlari, kelajagi va hamda buguni haqida tasavvurga ega boʻladi.

Xorazmda boʻlib oʻtayotgan bu tadbirlar ham shunday savobli ishga xizmat qilishiga shubha yoʻq. Ogahiy uy muzeyiga yoʻl olar ekanmiz, hayajonlana boshladim. Chunki, Ogahiy gʻazallarini sevib mutolaa qilaman har doim. Borishim bilan sevinchdan koʻzlarimga yosh keldi, bu oʻsha men rasmlarda koʻrgan, kitoblarda oʻqigan joy, tasvirlanganidan ham salobatli ekan Ogahiy bobo ekkan tut. Bu joy haqida ocherk yoki sheʼriy doston yozishni dilimga tuydim. Tashkilotchilarga minnatdorlik izhor etaman.

Rizqul IZZATOVA, shoira (Qirgʻiziston):

— Samarqandda, Toshkentda bir necha marta mehmon boʻlganman. Xiva esa men oʻylagandan koʻra ancha boshqacharoq shahar ekan, Ichan qalʼadagi gumbazlar, minoralar, devorlarga ustalik bilan ishlangan naqshlar, hammasi olis oʻtmishdan bizga qandaydir koʻrinmas salomni yoʻllab turgandek... Ehtimol, bu mehr salomidir, muhabbat salomidir, kelajak farzandlariga, bizga ishonch salomidir.

Xivada har qadamda sheʼr, har qadamda soʻz bor ekan. Uni faqat olib, qogʻozga solsangiz bas, oʻzi raqs tushadi qogʻoz uzra. Oʻzbekiston meni har doim shunday hayratga solgan, bilasizmi, agar bu hayratlarni kitobga jamlasam, ijodim mobaynidagi eng yaxshi asarlardan biri boʻlardi. Bizga bunday his-tuygʻuni, hayratni bergani uchun tashkilotchilarga, qoni qonimiz bilan bir oʻlkaning odamlariga rahmat.

Tadbir juda yaxshi boʻlib oʻtmoqda, garchi har birimiz har xil davlatlardan kelgan boʻlsak ham bir-birovni yaxshi tushunyapmiz. Aslida, turli millatga mansub ijodkorlar bir yerga jamlansa ularga tarjimonning ham, soʻzlashgichning ham keragi yoʻq.

Rahmatjon BOBOJONOV, (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?