Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining birinchi raisi vafot etdi

08:23 15 Iyul 2020 Jamiyat
1448 0

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining birinchi raisi (2016 — 2017-yillar) Anvar Kurbanovich Sharapov vafot etdi. Shu munosabat bilan Qoʻmita jamoasi uning oila aʼzolari va barcha yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

A.Sharapov oʻz xizmat faoliyati davomida qator davlat idoralarida mehnat qilgan. Xususan, uzoq yillar mobaynida Vatanimiz tinchligi, farovonligi yoʻlida huquqni muhofaza qilish organlarida (1993 — 2014-yillar), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida (2014 — 2016-yillar) masʼul lavozimlarda, xususan, Prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosari lavozimida xizmat qilgan. 
Anvar Kurbanovich Sharapov 2016-yil 14-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi etib tayinlangan va bir yil davomida ushbu lavozimda faoliyat yuritgan. Oʻzbekiston turizm sohasidagi islohotlar aynan oʻsha davrda boshlangan boʻlib, Anvar Kurbanovich ularga bosh-qosh boʻlgan. Anvar Sharapovning Qoʻmitadagi faoliyati davomida turizmni rivojlantirishga doir 20 ga yaqin normativ hujjatlar qabul qilingan. Shu davrda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining tarkibi toʻliq shakllantirilgan, viloyatlarda hududiy departament va boshqarmalar ochilgan, davlat unitar korxonalari tashkil qilingan. Anvar Kurbanovich hamkasblari orasida fidoyi mehnati bilan bir qatorda oʻzining insoniy fazilatlari bilan ham yodda qolgan: oqkoʻngil, samimiy hamda shogirdlariga doim yordamga shay inson boʻlgan. Shu bilan birga, Sharapov turizm sohasi tadbirkorlariga doim oʻz maslahatlarini berib kelgan, ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan. Anvar Sharapov fidokorona mehnatlari uchun “Doʻstlik” ordeni va “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.

«A.K.Sharapov bir umrga biz hamkasblarning xotirasida mehribon ota hamda xalq dardi bilan yashovchi jonkuyar rahbar sifatida qoladi. Alloh oxiratlarini obod qilsin!» deyiladi Qoʻmitaning taʼziya xabarida. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?