Turizm sohasini rivojlantirish barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlashning muhim omili sifatida

Globallashuv sharoitida davlatlararo muloqotning muhim koʻrinishlaridan biri sifatida turizm alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida turizm dastlab kishilarning hordiq chiqarishlari, yangi manzillarni kashf qilishlari hamda oʻziga xos muloqot maydoniga ega boʻlishlari uchun imkon yaratgan boʻlsa, hozirgi kunda u global iqtisodiy, gumanitar va siyosiy jarayonlarni qamrab olmoqda. Turizm iqtisodiyot sohasi bilan oʻzaro chambarchas bogʻliq boʻlgani bois, mavjud sohadagi oʻzgarishlar unga taʼsir oʻtkazmasdan qolmaydi. Bugungi kunda turizm eng faol rivojlanayotgan iqtisodiyot tarmoqlaridan biri sanaladi va koʻplab davlatlarning asosiy daromad manbaiga aylanib ulgurgan.
Oʻzbekiston Respublikasida ham soʻnggi yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Buni yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar zamirida ham kuzatish mumkin. Turizm biznesini jozibador sohaga aylantirish maqsadida, aholiga turizm xizmati koʻrsatuvchi tijorat tashkilotlari soni oshirilmoqda. Natijada mehnat bozorining muayyan segmentlarida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda.
Mavjud ishlar samaradorligini oshirish maqsadida, turizmni davlat tomonidan tartibga solishning yangi tizimi yaratilmoqda, sohadagi davlat siyosatini shakllantirish borasida yangi yondashuvlar ishlab chiqilmoqda va qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari takomillashtirilmoqda. Shu maqsadda, davlatimiz tomonidan sohaning rivojini taʼminlashga xizmat qiluvchi huquqiy asosni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi yillarda ushbu sohani qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan bir qator normativ hujjatlar qabul qilinganligi bu fikrimizni tasdiqlaydi. Jumladan, 2016-yilning 2-dekabrida “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4861-sonli Prezident Farmoni, 2023-yilning 26-aprelida “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-135-sonli Prezident qarori, 2019-yilning 16-aprelida esa “Turizm toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Turizm sohasi jamiyat hayotining turli sohalariga taʼsir koʻrsatadi. Bu madaniy taraqqiyot, aholi bandligi, transport logistikasi, mehmonxona-kurort majmualari, atrof-muhit muhofazasi, xavfsizlik va xalqaro aloqalarni mustahkamlash kabi yoʻnalishlarda namoyon boʻladi. Shu bois, mazkur sohani rivojlantirishda xavfsiz turizm masalasiga ham alohida eʼtibor qaratish zarur. Bugungi kunda turizm xavfsizligini taʼminlash yuzasidan yagona milliy siyosat yuritishda muayyan qiyinchiliklar mavjud. Bu borada davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev: “Keyingi yillarda Oʻzbekistonda turizm sohasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xavfsiz turizmni tashkil qilish, yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimini koʻpaytirish, tashrif buyurgan sayyohlarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda”, – deb taʼkidlagan edilar.
“Oʻzbekiston-2030” strategiyasi asosida davlatimiz hududida tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng shart-sharoitlar yaratilmoqda. 2030-yilga qadar xorijiy turistlar sonini 15 millionga, ichki sayyohlar sonini 25 millionga, ziyorat turizmi boʻyicha keladigan turistlar sonini 3 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, xususiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga respublikada 30 ta yirik turizm klasterlari tashkil etish, mehmonxona oʻrinlari sonini kamida 2 barobarga oshirish, togʻli hududlarda 25 ta dor yoʻl qurish, turizm mahallalari sonini 175 taga yetkazish koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, turizm xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga, tibbiyot va taʼlim turizmi eksportini esa yiliga 1,5 milliard dollarga yetkazish yuzasidan samarali ishlar olib borilmoqda. Xorijiy turistlar uchun barcha xalqaro aeroportlarda respublikadan sotib olingan va rasmiylashtirilgan mahsulotlar uchun “Tax free” tizimining joriy etilishi sayyohlar oqimini yanada kengaytirishga xizmat qilishi tabiiy.
Xulosa qilib aytganda, iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan turizmni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davlatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshishi va Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi mavqeini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Nozima Oʻktamova
Toshkent davlat yuridik universiteti
Davlat Boshqaruvi kafedrasi katta oʻqituvchisi, PhD.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring