Turistik xizmat qamrovi kengaymoqda
Jondor tumani “Ushot” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlgan kishining eʼtiborini “Turizm koʻchasi” degan yozuv oʻziga tortadi. Ravon yoʻl boʻylab yurarkansiz, biri-biridan shinam uy-joylarga koʻzingiz tushadi. Mahalla raisi Otabek Hamroyevning taʼkidlashicha, bu xonadonlarda yashovchilarning aksariyati ota-bobolardan meros tandirsozlik bilan shugʻullanishadi.

Keyingi paytda xalqimizga xos bu hunar sayyohlarni ham qiziqtirib qoʻydi. Ular qishloqqa kelib, aholi xonadonlarida tandir yasash jarayonlarini kuzatmoqda. Uy bekalarining novvoylik mahoratiga tan bermoqda. Sirasini aytganda, dunyoda tandirdan endigina uzilgan nondek lazzatli neʼmat yoʻq. Ushotliklar sayyohlarga shu lazzatdan bahramand boʻlishni ham taklif qilmoqda.

— Bu viloyatimizda turistik xizmat qamrovi yil sayin kengayib borayotganidan kichik bir nishona, — deydi viloyat turizm boshqarmasi masʼul xodimi Boburjon Toʻxsanov. — Qoʻmitamiz tomonidan Vobkent tumanidagi Shirin qishlogʻiga “Turizm qishlogʻi”, Gʻijduvon tuman markazidagi “Qoʻrgʻon” mahallasiga “Turizm mahallasi” maqomi berildi. Mazkur goʻshalardagi nafaqat tarixiy yodgorliklar, balki milliy urf-odat va anʼanalar, marosimlar, betakror tabiatimiz ham xorijiy sayyohlarning yurtimiz haqidagi tasavvurlarini boyitmoqda. Mehmonlarga shu yerning oʻzida turli turistik xizmatlar taklif etilmoqda.

Soha mutaxassislari orasida “joylashtirish vositasi” degan ibora tez-tez ishlatiladi. Bu oʻrinda gap mehmonxonalar haqida bormoqda. 2024-yilda viloyatda 74 ta yangi joylashtirish vositasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ularning 17 tasi mehmonxona, 15 tasi xostel, 42 tasi esa mehmon uylaridir. Natijada mehmonlar uchun moʻljallangan oʻrinlar soni 1417 taga koʻpaydi. Joylashtirish vositalari miqdori esa 2023-yildagiga nisbatan 111,6 foizga oshdi. Yaqinda Buxoro shahrida “Badian” deb nomlangan yana bir zamonaviy mehmonxona foydalanishga topshirildi. 20 ta xona, 40 oʻrindan iborat bu goʻsha qurilishida milliy va zamonaviy meʼmorchilik unsurlari uygʻunligini koʻrish mumkin. Loyiha tashabbuskori Shirin Yakubovaning taʼkidlashicha, sayyohlarga xalqaro andazalar darajasida xizmat koʻrsatish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
— Asosiy maqsadimiz ularning Buxoroi sharifga safarlari mazmunli kechishiga hissa qoʻshishdan iboratdir, — deydi u. — Toki, mehmonlarimiz bu yerda oʻzlarini uylaridagidek his etishsin. Ularda boy tarixga ega yurtimizdan iliq taassurotlar qolsin.
Turistik xizmatlar qamrovi keng, albatta. Mana, turoperator – turagentlarni olib koʻring. Birgina 2024-yilda ular soni 43 taga koʻpaydi. Ayni damda 186 turoperator yurtimiz tarixi, xalqimiz urf-odat va anʼanalari bilan yaqindan tanishish, qadamjolarni ziyorat qilish niyatidagi fuqarolarga xizmat koʻrsatmoqda.
— Shu kabi tizimli ishlar natijasida viloyatimizda sayyohlar oqimi koʻpaymoqda, — deydi B. Toʻxsanov. — Chunonchi, oʻtgan yilda Buxoroga 1 million 745 ming nafardan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. 2023-yil bilan taqqoslaganda bu koʻrsatgich 125, 8 foizga oshganini koʻrish mumkin. Oʻz navbatida chet ellik mehmonlarga koʻrsatilgan xizmatlar orqali turizm eksporti 436,3 million AQSH dollariga yetkazildi. Vaholanki, 2023-yilda bu koʻrsatgich salkam 340 million AQSH dollarini tashkil etgandi.
Sayyohlik xizmatlari qamrovining kengayib borayotgani ichki turizm ravnaqiga ham xizmat qilmoqda. 2024-yilda respublikamizning turli goʻshalaridan viloyatga tashrif buyurgan yurtdoshlarimiz soni avvalgi yildagiga nisbatan 520 ming nafarga koʻpaygani ham shundan dalolat beradi.
Istam IBROHIMOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring