Tuproq va suv — yerdagi hayotning asosi — Oʻzbekistonda Butunjahon tuproq kuni nishonlandi

17:40 05 Dekabr 2023 Jamiyat
121 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Xalqaro tuproq kuni 2002-yilda Tuproq haqidagi fanlar xalqaro ittifoqi tomonidan tavsiya etilgan. Global tuproq hamkorligi doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bu kunni xabardorlikni oshirish uchun global platforma sifatida rasmiy taʼsis etilishini qoʻllab-quvvatladi. FAO konferensiyasi 2013-yil iyun oyida Butunjahon tuproq kunini oʻtkazishni bir ovozdan maʼqulladi va buni BMT Bosh Assambleyasining 68-sessiyasida rasmiy tasdiqlanishini soʻrab murojaat qildi.

Tuproq va suv yerdagi hayotni taʼminlovchi eng muhim manbalardir. Oziq-ovqat mahsulotlarining 95 foizi tuproqdan olinadi va uning sifati ushbu ikki asosiy manbaning sifatiga bogʻliq. Tuproq va suv oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik bizning qishloq xoʻjaligi tizimlarimizning asosini tashkil qiladi. 2023-yilda nishonlanayotgan Butunjahon tuproq kunining mavzusi “Tuproq va suv – yerdagi hayotning asosi”.

Toshkentda 2023-yil 5-dekabr — Butunjahon tuproq kuni munosabati bilan “Tuproq degradatsiyasining oldini olishning innovatsion texnologiyalari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy seminari boʻlib oʻtdi. Tadbir FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va Qonunchilik palatasi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, olimlar, tadqiqotchilar, milliy va xorijiy tuproqshunos mutaxassislar ishtirok etib, ular tuproq va suv resurslarini barqaror boshqarish, eroziya hamda tuproq degradatsiyasiga qarshi kurashning zamonaviy usullari, neytral muvozanatni saqlash, yer degradatsiyasi, shuningdek, boshqa dolzarb masalalar boʻyicha maʼruzalar taqdim etdilar.

FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov taʼkidlaganidek, Global Ekologik Jamgʻarma (Global Environment Facility — GEF) moliyaviy koʻmagida FAO Oʻzbekistonda ekologik barqarorlikni mustahkamlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, bioxilma-xillikni saqlash va tuproqlarni sogʻlomlashtirishni taʼminlashga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Ular “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi” va “Oʻzbekistonning qurgʻoqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihalaridir.

Taʼkidlash joizki, Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tuproq unumdorligini saqlash va yaxshilash, degradatsiya jarayonlarining oldini olish va ularning oqibatlariga qarshi kurashish boʻyicha keng koʻlamli ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib bormoqda. Xususan, qishloq xoʻjaligi yerlari meliorativ va ekologik holatini yaxshilash boʻyicha ishlar olib borilmoqda, qishloq xoʻjaligida resurslarni tejaydigan (no-till) texnologiyalar joriy etilmoqda, ekinlarni oʻgʻitlashning zamonaviy tizimlari ishlab chiqilmoqda, organik dehqonchilik uchun ekologik toza tuproq sharoitlari yaratilmoqda, tuproqlarni tahlil qilishda xalqaro standartlar qoʻllanilmoqda. Bundan tashqari, sunʼiy intellekt texnologiyalari va tuproqshunoslikni raqamlashtirishdan foydalangan holda tuproqlar holati monitoringi amalga oshirilmoqda.

Tadbirda minimal yumshatish, almashlab ekish, organik moddalar solish va qoplama ekinlar kabi tuproqni barqaror boshqarish usullari tuproq holatini yaxshilashi, eroziya va ifloslanishni kamaytirishi, yer osti suvlarining infiltratsiyasi va toʻplanishini yaxshilashi taʼkidlandi. Tuproq va suv resurslarini barqaror boshqarish Yerning qurgʻoqchilik, toshqin va qum boʻronlari kabi ekstremal iqlim hodisalariga qarshi turish qobiliyatini oshirish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер