Tuman va shaharlar byudjetlari daromadi oshiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev maʼlum qilgan

12:08 19 Noyabr 2024 Siyosat
194 0

Yangilangan Konstitutsiya talabi asosida mahalliy kengashlar yaqinda hokimlarni lavozimga tasdiqlashda ularning hududni rivojlantirishga oid dasturlarini ilk bor koʻrib chiqib, maʼqulladi.

Xalqimiz deputatlardan bu dasturlardagi vazifalar ijrosi boʻyicha deputatlik va kengash nazoratini amalga oshirishda faol va tashabbuskor boʻlishni kutmoqda.

2025-yildan yer, mol-mulk va aylanma soliqlarini toʻliq, daromad soligʻining esa kamida 50 foizini tuman va shaharning oʻzida qoldirish rejalashtirilgan. Bu orqali mahalliy kengashlarning ushbu sohadagi roli yanada ortadi.

Natijada 2025-yilda tuman va shaharlar byudjetlari daromadi 9,4 trln soʻmga yoki 47 foizga oshadi.

Bu islohotlar tuman va shaharlar oʻz hududidagi muammolarni mustaqil hal etish imkoniyatini tubdan oshirish barobarida yeengashlardan yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qiynayotgan masalalar yechimi boʻyicha asosli tashabbuslarni ilgari surishni ham taqozo etadi.

Senat esa bu yoʻnalishlarda mahalliy kengashlar faoliyatini tizimli tahlil qilib, ularga koʻmaklashib borishi zarur.

Yangilangan Konstitutsiyada Senatga mahalliy kengashlarning qarorlari qonunchilikka muvofiq boʻlishini taʼminlash boʻyicha katta masʼuliyat yuklatilgan.

Birgina oʻtgan yilning oʻzida ushbu kengashlar 34 ming 400 ta qaror qabul qilganini hisobga oladigan boʻlsak, bu qanchalik muhim vazifa ekani yaqqol ayon boʻladi.

Senat bu borada ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylikni taʼminlash boʻyicha samarali tizim yaratishi kerakligi taʼkidlandi.

Senat qoʻmitalari – yuqori palataning yuragi, harakatlantiruvchi kuchidir. Har bir qoʻmita joylardagi muammolarni oʻrganish va ularning yechimi yuzasidan oʻtgan besh yil davomida oʻrtacha 37 tadan nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazgan.

Lekin nazorat tadbirlari kutilgan natija berayaptimi, ulardan keyin joylarda aniq bir muammo oʻz yechimini topayaptimi, degan savol senatorlarni oʻylantirishi kerak.

Shu bois, qoʻmitalardagi eshituv instituti asoslarini qonun darajasida mustahkamlab qoʻyish vaqti kelgani taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?