“Trillion dollarlik kelishuv” — AQSH va Ukraina nihoyat nodir tabiiy resurslar boʻyicha shartnoma imzoladi

12:09 01 May 2025 Dunyo
310 0

Foto: Reuters

AQSH va Ukraina Ukrainaning tabiiy resurslari, jumladan, neft, gaz va boshqa muhim foydali qazilmalarni oʻzlashtirish boʻyicha qoʻshma sarmoya jamgʻarmasini yaratish toʻgʻrisidagi bitimni imzoladi. Hujjat yangi qazib olish litsenziyalari orqali toʻldiriladigan jamgʻarmani boshqarishda tomonlarning teng ishtirokini taʼminlaydi, yer osti boyliklari va resurslar ustidan nazorat esa Kiyevda qoladi. Loyihalardan tushgan daromadlardan Ukraina infratuzilmasini tiklash va iqtisodiyotini ragʻbatlantirish uchun soliq yukisiz foydalanish rejalashtirilgan. Bitim uzoq muddatli hamkorlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan iqtisodiy sheriklik sifatida rasmiylashtirilgan. Kelishuv 2025-yil fevralida AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan boshlangan murakkab muzokaralar natijasi boʻldi.

“Biz pulimiz xavfsiz hamda biz qazish va qilishimiz zarur ishni boshlashimiz mumkin boʻlgan kelishuvga erishdik. Bu ular uchun ham yaxshi, chunki qazish maydonchasida AQSHning mavjudligi koʻplab yomon aktyorlarni mamlakatdan, toʻgʻrirogʻi biz qaziyotgan hududdan uzoqlashtiradi”, — dedi AQSH prezidenti Donald Tramp ushbu kelishuvga izoh berib.

Uning soʻzlariga koʻra, AQSH bitimdan “350 milliard dollardan koʻproq” olishi mumkin. Trampning fikricha, oʻzidan oldingi Jo Bayden bu miqdorni Kiyev rasmiylariga moliyaviy transhlar koʻrinishida va qurol-yarogʻ yetkazib berish orqali oʻtkazgan.

“Prezident Trampning mustahkam tinchlikni taʼminlash boʻyicha tinimsiz saʼy-harakatlari tufayli men bugun tarixiy AQSH va Ukraina oʻrtasida imzolangan Iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni eʼlon qilishdan mamnunman. AQSH va Ukraina oʻrtasidagi rekonstruksiya investitsiya jamgʻarmasini tashkil etilmoqda”, — dedi AQSH moliya vaziri Skott Bessent.

Vazirning qoʻshimcha qilishicha, shartnoma Rossiyaga Tramp maʼmuriyati uzoq muddatda erkin, suveren va gullab-yashnagan Ukrainaga qaratilgan tinchlik jarayoni tarafdori ekanligi haqida aniq signal beradi.

Shartnoma nimalarni nazarda tutadi?

Ukraina bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenkoning maʼlum qilishicha, Ukraina hududidagi barcha resurslar Kiyevning mulki va nazorati ostida qoladi, jamgʻarma esa kelishuv doirasida AQSH va Ukraina tomonidan birgalikda boshqariladi.

Shu oʻrinda Sviridenko bitimning asosiy shartlarini sanab oʻtdi:

  • Barcha tabiiy resurslar Ukrainaning mulki va nazorati ostida qolmoqda.
  • Ukraina va AQSH teng sarmoya jamgʻarmasini yaratmoqda. Hech bir tomon imtiyozli ovozga ega emas; boshqaruv birgalikda amalga oshiriladi.
  • Jamgʻarma yangi litsenziyalar hisobidan moliyalashtiriladi: neft va gaz qazib olish loyihalaridan olingan daromadning 50 foizi miqdorida.
  • Shartnoma faqat Ukrainaning byudjet qonunchiligiga aniq oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.
  • Davlat mulkining tuzilishi va xususiylashtirish mexanizmlari saqlanib qolgan. “Ukrnafta” va “Energoatom” kabi davlat kompaniyalari davlat nazorati ostida qoladi.
  • Bitim Ukrainaning AQSH oldidagi qarz majburiyatlarini nazarda tutmaydi. Avvalroq, Tramp Ukrainadan qurol-yarogʻ yetkazib berish uchun mablagʻ toʻlashni talab qilgan edi.
  • AQSH xorijiy sarmoya va texnologiyalarni jalb qilishga koʻmaklashadi.
  • Daromadlar va jamgʻarmaga badallar AQSHda ham, Ukrainada ham soliqqa tortilmaydi.

Sviridenkoning aytishicha, dastlabki 10-yil davomida jamgʻarma foydasi taqsimlanishi kutilmaydi. Mablagʻlar Ukrainadagi restavratsiya va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun ishlatilishi mumkin.

“Ushbu shartlar keyinroq muhokama qilinadi”, — deydi vazir.

Shartnoma tarixi

Shartnoma 2025-yil fevral oyi boshidan, Tramp Kiyev bilan “Ukraina resurslari evaziga AQSH koʻmagi” formatida bitim tuzish istagini eʼlon qilganidan beri keng muhokama qilinmoqda. “Nodir tabiiy resurslar Ukraina uchun katta boylik”, degandi Oq uy rahbari va “bu trillion dollarlik kelishuv boʻlishi mumkin”.

Kelishuvni imzolanish dastlab 28-fevral kuni, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Vashingtonga tashrifi chogʻida rejalashtirilgan edi. Biroq Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens bilan ommaviy mojarodan soʻng Ukraina delegatsiyasidan Oq uyni tark etish soʻralgan.

Shu yilning 4-mart kuni AQSH harbiy yordami toʻxtatilishi fonida Zelenskiy Ukraina “istalgan vaqtda” kelishuvni imzolashga tayyor ekanligini va buni “xavfsizlikni mustahkamlash” yoʻli deb hisoblashini aytdi.

“Investitsiyalarni qaytarish jamgʻarmasini tashkil etish qoidalari va shartlarini belgilash boʻyicha ikki tomonlama bitim” deb nomlangan hujjat loyihasi 11 banddan iborat edi. Ukraina tabiiy resurslarini sotishdan tushgan daromadning 50 foizini oʻtkazadigan jamgʻarma yaratish koʻzda tutilgan edi. Mablagʻlar “xavfsizlik va farovonlik”ga qaratilgan Ukraina loyihalariga qayta sarmoya qilinishi kerak edi. AQSH mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga koʻmaklashish boʻyicha uzoq muddatli majburiyatlarni oldi. Jamgʻarma aksiyalarini taqsimlashning oʻziga xos parametrlari alohida belgilanishi kerak edi. Ukraina resurslarini birgalikda boshqarish gʻoyasi Zelenskiyning 2024-yil oktabr oyida taqdim etilgan “gʻalaba rejasi”da bayon etilgan.

Unda u hamkorlar bilan uran, titan, litiy va grafit kabi muhim resurslarni birgalikda himoya qilish boʻyicha kelishuvni taklif qildi. OAV xabarlariga koʻra, ushbu bandni rejaga kiritish tashabbusi amerikalik senator Lindsi Grem tomonidan chiqqan. Reja oʻtgan yilning sentyabr oyida Trampga topshirilgan edi. Kreml hujjatni “AQSHning yashirin rejasi” deb atadi va uni muzokaralar oʻtkazishga chaqiriqlar yoʻqligi uchun tanqid qilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?