Trampning saylov poygasi va Yevropaning “Tolibon” tomon qadami (+video)
Jurnalist Gʻarb yetakchilari uchun dahshatli xabar haqida maʼlum qildi
Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning agar Donald Tramp AQSH prezidentligi saylovida gʻalaba qozonsa, darhol Ukraina mojarosini tinch yoʻl bilan hal etish tarafdori boʻlishi mumkinligi haqidagi bayonoti Gʻarb yetakchilari uchun yomon yangilik hisoblanadi. Bu fikrlarni irlandiyalik jurnalist Chey Bouz aytib oʻtdi.
“Ukrainadagi falokatdan ichki muvaffaqiyatsizliklarini chalgʻitish uchun foydalanayotgan Yevropa Ittifoqi va AQSH uchun bu yanada dahshatli yangilik”, deydi jurnalist.
Orban Tramp bilan muzokaralardan soʻng Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishelga yoʻllagan maktubida, agar Tramp prezidentlikka saylansa, darhol Ukrainadagi inqirozni tinch yoʻl bilan hal qilish uchun vositachi boʻlishini tan olganini qayd etgan.
Respublikachilar partiyasidan vitse-prezidentlikka nomzod Jeyms Devid Vens ham “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Tramp saylovda gʻalaba qozonsa, mojaroga barham berish uchun Rossiya va Ukraina bilan muzokaralar olib borishini aytib oʻtdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin koʻp bora Moskva vositachilarning saʼy-harakatlarini umuman olqishlashini, biroq Ukrainadagi mojaroni faqat ikki tomon orqali tugatish mumkinligi taʼkidlab keladi. Unga koʻra, hech bir vositachiga Moskva va Kiyev oʻrtasidagi yakuniy hujjatlarni imzolash vakolati berilmaydi.
Yevropa davlatlari Afgʻonistonda oʻz elchixonalarini ochish masalasini koʻrib chiqmoqda
Bir qator Yevropa davlatlari, jumladan, Italiya Afgʻonistonda oʻz elchixonalarini ochish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Bu haqda “Bloomberg” oʻz manbalariga tayanib xabar bermoqda.
“Bir qator Yevropa davlatlari Afgʻonistonda oʻz elchixonalarini ochish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda, bu esa Kobul qulaganidan deyarli uch yil oʻtib “Tolibon”ning diplomatik tan olinishini anglatadi”, deyiladi agentlik bayonotida.
Ayni paytda “Tolibon” harakati terrorchilik faoliyati uchun BMT sanksiyalari ostidagi tashkilot hisoblanadi.
Italiya soʻnggi haftalarda potensial qiziqish belgisi sifatida Kobulga razvedka missiyasini oʻtkazgan. Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tajani Vashingtondagi NATO sammiti arafasida bergan intervyusida mamlakatning hozirda Qatarda ishlayotgan elchisi Kobulga tashrif buyurganini tasdiqladi.
Anonim fransuz rasmiysi nashrga xabar berishicha, Parij hozirda elchixona ochishni rejalashtirmayapti, ammo bu masala oxir-oqibat hal qilinishi kerakligini aytdi.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi xavfsizlik va siyosiy vaziyat ruxsat bergan zahoti Afgʻonistonda diplomatik mavjudlik oʻrnatish masalasini koʻrib chiqishni tasdiqladi.
Yevropalik yuqori martabali diplomatning taʼkidlashicha, Bryusseldagi rasmiylar hozir Afgʻonistonda rivojlanish loyihalarini amalga oshirish, ayollar huquqlarini himoya qilish va strategik mavjudlikni oʻrnatish uchun jismoniy boʻlish zarurligini tan olishga intilmoqda.
AQSH maʼmuriyatining yuqori martabali mulozimlaridan biri esa Qoʻshma Shtatlar “Tolibon”ni siyosiy tan olish yoki Kobulda elchixonani qayta ochish niyatida emasligini aytdi.
2021-yil avgust oyi boshida “Tolibon” afgʻon hukumat kuchlariga qarshi hujumlarini kuchaytirdi va 15-avgust kuni Kobulga kirib keldi. Avgust oyining soʻnggi ikki haftasida Amerika harbiylari himoyasi ostida boʻlgan Kobul aeroportidan Gʻarb davlatlari fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilayotgan afgʻonlar ommaviy evakuatsiya qilindi. 31-avgustga oʻtar kechasi amerikalik harbiylar Kobul aeroportini tark etib, Afgʻonistondagi amerikalik harbiylarning qariyb 20-yillik faoliyatiga yakun yasadi.
“Fillar” Donald Trampni rasman prezidentlikka nomzod sifatida koʻrsatdi
Respublikachilar partiyasi rasman Donald Trampni uchinchi marta prezidentlikka nomzod sifatida koʻrsatdi. Bu haqda “Politico” nashri xabar berdi.
Donald Trampning 2024-yilgi prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasining nomzodi sifatida koʻrsatilishi koʻpchilik tomonidan kutilgan voqea hisoblanadi. Hattoki, sobiq raqib Nikki Xeyli Trampni qoʻllab, oʻz delegatlarini ham uni quvvatlashga chaqirdi.
Respublikachilar koʻrsatayotgan nomzod 6-yanvardagi Kapitoliydagi qoʻzgʻolonni tashkil etish va 2020-yilgi saylov natijalarini bekor qilishga harakat kabi ayblovlar bilan ayblanayotgan paytida ham “fillar” oʻz nomzodlaridan voz kechmadi.
Tramp oʻz nomzodini tasdiqlatgunga qadar bir qator qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazdi. Shunga qaramasdan, uning advokatlar jamoasi Oliy sudning prezident sifatida jinoiy taʼqib qilish harakatlaridan daxlsizligi haqidagi qarorini chiqartirishga erisha oldi.
Pensilvaniya shtatining Batler shahridagi mitingda sodir etilgan suiqasd esa Trampning imkoniyatlarini yanada oshirib yubordi.
Maʼlumot uchun aytish kerakki, Respublikachilar partiyasi koʻpincha “fil” bilan, Demokratik partiya esa “eshak” bilan ifodalanadi. Ushbu hayvonlar ramzlari XIX asrdagi siyosiy komikslardan kelib chiqqan boʻlib, “fil” birinchi marta 1874-yilda Tomas Nast tomonidan “Harperʼs Weekly” komiksida paydo boʻlgan.
Demokratlar uchun “eshak” timsoli bundan ham avvalroq, Endryu Jeksonning 1828-yilgi prezidentlik kampaniyasiga borib taqaladi. Endryuning raqiblari uni populistik qarashlari uchun “Jackass” deb atashgan. Keyinchalik esa bu ramzga aylanib ketdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring